Firibgarlikda ayblangan Oʻzbekiston fuqarosi BAAdan olib kelindi
U Interpolning Toshkent va Abu-Dabi Milliy markaziy byurolarining yaqin hamkorligida ekstraditsiya qilingan.

BAAdan Interpol kanallari orqali qidiruvda boʻlgan fuqaro Oʻzbekistonga olib kelindi. Bu haqda Interpolning Milliy markaziy byurosi xabar berdi.
Interpolning Toshkent va Abu-Dabi Milliy markaziy byurolarining yaqin hamkorligi natijasida Birlashgan Arab Amirliklaridan firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarimiz tashabbusi bilan xalqaro qidiruvda boʻlgan fuqaro Oʻzbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilindi.
Ekstraditsiya ikki davlat vakolatli organlari oʻrtasidagi muvofiqlashtirilgan faoliyat hamda Interpol kanallaridan foydalangan holdagi samarali hamkorlik tufayli amalga oshirildi.
Ushbu ish transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish va javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan.
Hozirda fuqaro qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortish hamda sud oldida javob uchun vakolatli organlarga topshirilgan.