Urugvaydan Trampga yoqmaydigan qadam: mamlakat Xitoy bilan aloqalarni kuchaytiradi
Prezident Yamandu Orsining Pekinga tashrifi chogʻida Xitoy va Urugvay fan, texnologiya va savdo sohalarini qamrab olgan oʻnlab bitimlarni imzoladi.

Tramp bosimiga qaramay Xitoy va Urugvay strategik hamkorlikni chuqurlashtirmoqda.
Urugvay prezidenti Yamandu Orsining Pekinga tashrifi chogʻida Xitoy va Urugvay fan, texnologiya va savdo sohalarini qamrab olgan oʻnlab bitimlarni imzoladi.
AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoy taʼsirini Lotin Amerikasidan chetda saqlash boʻyicha bosimiga qaramay, Xitoy va Urugvay strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi.
3 fevral kuni Pekinda Urugvay prezidenti Yamandu Orsi va Xitoy prezidenti Si Szinpin oʻrtasidagi uchrashuvdan soʻng ikki davlat fan, texnologiya va savdo kabi sohalarni qamrab olgan oʻnlab hamkorlik bitimlarini imzoladi.
Orsi ijtimoiy tarmoqlardagi postida Urugvay faol xalqaro aloqalarni yuritayotgani, uzoq muddatli rishtalarni mustahkamlayotganini qayd etdi va "bu mamlakat rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda", deb yozdi.
Xitoy tomoni tarqatgan bayonotga koʻra, Si Szinpin urugvaylik hamkasbiga umumiy taraqqiyot yoʻlida hamkorlikni kuchaytirib, har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirishga chaqirgan.
Orsining Xitoyga yetti kunlik tashrifi 1 fevral kuni boshlangan va u keyin Shanxayga boradi. Prezidentga biznes yetakchilari va boshqa hukumat amaldorlarini oʻz ichiga olgan 150 kishilik delegatsiya hamrohlik qilmoqda.
Uning safari diqqat bilan kuzatilmoqda, chunki u yanvar boshida Karakasda qonli tungi reyd chogʻida AQSh maxsus kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni olib ketganidan beri Xitoyga tashrif buyurgan ilk Lotin Amerikasi yetakchisi boʻldi.
Mahalliy OAVga koʻra, Orsi Maduroning olib ketilishidan keyin darhol Urugvay harbiy aralashuvni rad etishini aytgan, biroq keyinroq Maduroning chetlatilishini avtoritar rejim barham topib, demokratiya paydo boʻlishi nuqtai nazaridan yaxshi xabar deb baholagan.
Shunga qaramay, Orsining Xitoy bilan aloqalari Trampni ranjitishi mumkin, chunki u AQShning Gʻarbiy yarim shardagi ustunligini qayta tiklashga urinmoqda.
Oq Uyning 2025 yil noyabrda eʼlon qilingan Milliy xavfsizlik strategiyasiga koʻra, AQSh mintaqani dushmanona xorijiy aralashuvdan xoli saqlashni maqsad qilgan — bu Xitoyga ishora sifatida talqin qilinmoqda.
“Orsi bilan birga 150 kishilik, jumladan biznes yetakchilari ham bor delegatsiyani olib kelishi Xitoy Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun hanuz asosiy iqtisodiy va savdo hamkori ekanini va ular Pekin bilan aloqalarni davom ettirishga sodiq ekanini koʻrsatadi”, — dedi Xalqaro inqirozlar guruhining Shimoliy-Sharqiy Osiyo boʻyicha katta tahlilchisi Uilyam Yang.
Orsining Facebook sahifasida eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, Xitoy Urugvayning mol goʻshti, soya va sut mahsulotlari kabi eksportlari uchun yirik bozor boʻlib, oʻtgan yili ularning qiymati 3,49 milliard dollarni tashkil etgan. Shuningdek, Urugvay oʻtgan yili Xitoydan 2,8 milliard dollarlik mahsulot import qilgan.
Orsi Vashingtonni ranjitish ehtimoliga qaramay, Xitoy bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyishga tayyor boʻlgan yagona yetakchi emas.
Urugvay yetakchisining safaridan avval Xitoyga Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Kanada bosh vaziri Mark Karni, Finlyandiya bosh vaziri Petteri Orpo va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tashrif buyurgan edi.