Temur Mahmudov Oqdaryo tumani hokimi etib tayinlandi
U Samarqand viloyati kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan.

Oqdaryo tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi xabar berdi.
Bugun Xalq deputatlari Oqdaryo tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi oʻtkazildi.
Unda Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev ishtirok etib, Oqdaryo tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, aholi turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlashda foydalanilmay kelinayotgan imkoniyatlar, masʼul rahbarlarning hamjihatlikda ishni tashkil qilmaganligi xususida toʻxtaldi.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Sherzod Qudratov oʻz arizasiga koʻra, tuman hokimi vazifasidan ozod etildi.
Viloyat rahbari Mahmudov Temur Asomidinovichni Oqdaryo tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirdi. Nomzod deputatlar tomonidan maʼqullandi.
Temur Mahmudov tayinlovga qadar Samarqand viloyati kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshligʻi vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.