Susambil – yelkangdagi zil zambil!
Rus shovinizmi va tajovuzi tarixi aslida qachondan ildiz otgani, qaysi ertaklardan boshlangani va ayniqsa, bunga yahudiylarning ham aralashgani koʻzimizni tezroq va kattaroq ochishimizni taqozo qiladi.

Shu yaqin vaqt ichida, Rossiya ijtimoiy tarmoq maydonida bildirilayotgan va tarqalayotgan shovinistik gʻoyalarga koʻzingiz tushgan boʻlsa kerak. Oʻylaymanki, bunday gʻoyalarning ildizi qayerga borib tutashishi, ularning toʻliq mohiyati sizni qiziqtirmay qolmaydi va shu sababli, bu maqolani yozishga qaror qildik. Maqolaning yagona maqsadi bor: ertakni fosh etish. Tarixiy xomxayollarni, soxta intellektual hiyla-nayranglarni, okkult ramziyatni va mistik til qobiqlari ostida yashiringan haqiqiy geosiyosiy strategiyalarni ochiqlash. Markaziy Osiyoda – Toshkent, Bishkek, Almati, Dushanbe va Ashxobodda – yashovchilar uchun bu bir oddiy mavhumiy taffakur mashqi emas, balki oʻzini "sivilizatsiya" deb atab, aslida iqtisodiy zoʻravonlik, harbiy tahdid va axborot urushini olib borayotgan imperiyaga sizni bogʻlamoqchi boʻlgan kuchlarni anglash yoʻlidir.
Oʻzbekistonda yosh talaba kitob javonida chang bosgan jildni topib olganini koʻz oldingizga keltiring: Geosiyosat asoslari, Aleksandr Dugin qalamiga mansub. Talaba qiziquvchan, gʻoyaparast, ehtimol Gʻarb taʼsiridan norozi, balki chin “Sharqona” narsani izlayotgandir. U kitobda tasvirlangan ulugʻvor bir gʻoya haqida oʻqiydi: Rossiya yetakchilidagi, Lissabondan (ehtimol Dublindan) Vladivostokkacha choʻzilgan, tanazzulga yuz tutgan Gʻarbga qarshi tik turgan yagona Yevroosiyo. Bu – yangi dunyo tartibi boʻlib, u Gʻarbona liberal emas, balki koʻp qutbli (multipolar) shaklda: har bir tamaddun bir-birini hurmat qiladi, anʼanaviy qadriyatlar ustun hisoblanadi, rus va Islom dunyolari zamonaviylikning umumiy dushmaniga qarshi birlashadi.
Chiroyli jaranglayapti, shunday emasmi? Barcha roʻshnolik koʻradigan, istaganlariga erishib, dushmanlarni tor-mor etib, ahil yashaydigan jamiyat: xuddi utopik ertak – Susambilga oʻxshaydi.
Muammo ham shunda-da! Ertaklar haqiqat emas, balki choʻpchak xolos. Qolaversa, aynan shu ertakni baralla aytayotgan inson – okkultizm, Kabbala hamda Kreml hokimiyat tuzilmalari bilan aloqalari hujjatlashtirilgan rus mafkurachisi Aleksandr Gelevich Dugin – xayrixoh ertakchi ham emas. U targʻibotchi, tartibsizlik nazariyotchisi va XXI asrda post-sovet hududiga qarshi ishlatilayotgan eng makkor mafkuraviy qurollardan birining “ijodkor”idir.
Sarob ildizlari
Yevroosiyochilik tarixi Aleksandr Dugin bilan emas, balki biri Dugin tugʻilishidan ancha oldin vafot etgan insonlar – Nikolay Sergeyevich Trubetskoy va Pyotr Nikolayevich Savitskiy bilan boshlanadi.
1895-yilning bahorgi tongida, Ukrainaning Chernigov(hozirgi Chernihiv)ida, Rossiya oʻzini qayta anglashiga sabab boʻluvchi bola tugʻildi. Pyotr Nikolayevich Savitskiy oʻzgarish yoqasida turgan imperiyalar dunyosiga – eski anʼanalar zamonaviylik artilleriyasi taʼsirida qadimiy inshootlar misoli qulayotgan dunyoga kirib keldi.
1897 yilgi aholi hisobi hayratlanarli haqiqatni ochib berdi: Chernigov viloyatida aholining atigi toʻrtdan bir qismi rus tilida ona tili sifatida gaplashardi. Uchdan ikki qismi "Kichik ruslar", yaʼni ukrainlar sanalardi. Ulkan imperiya boʻylab ruslar mamlakat aholisining atigi 44 foizini tashkil etardi. Bunday olib qaraganda, buyuk Rossiya imperiyasi, paradoksal ravishda, unchalik rus emas edi.
Asrlar chorrahasidagi imperiya poytaxtlarini tasavvur qiling. 1904 yil yanvarida Londondagi Qirollik Geografiya Jamiyatida Halford Makkinder nufuzli geograf olimlar auditoriyasi qarshisida turib, yigirmanchi asrni taʼqib etuvchi bir bashoratni eʼlon qildi. Uning aytishicha, Kolumb davri yakuniga yetgan edi. Endi dunyo “yopiq siyosiy tizim”ga aylangan – u toʻliq oʻrganilgan, toʻliq egallangan va zabt etish uchun boʻsh hududlar qolmagan.
Makkinder “heartland” – yaʼni Rossiya nazorat qilayotgan ulkan Yevroosiyo ichki hududi haqidagi tasavvurini ochiqladi. U ogohlantirishicha, kim ushbu strategik markazni boshqarsa, dunyoga hukmronlik qilishi mumkin edi. Kelajakdagi buyuk raqobat qitʼaviy quruqlik kuchlari bilan okeanik dengiz kuchlari oʻrtasida kechadi: Rossiya Britaniyaga qarshi, Ayiq Sherga qarshi.
Oʻsha paytlarda, Shvetsiyada Rudolf Kyellén zamonaviy strategik tafakkurni belgilab beradigan yangi atamani muomalaga kiritdi – geosiyosat. Dunyo oʻz imperiyalari uchun haddan tashqari kichrayib qolgandi: goʻyo bir qafas ichida haddan tashqari koʻp yoʻlbars kezib yurgandek.
1913 yilda oʻn sakkiz yoshli Savitskiy nufuzli Politexnika institutida tahsil olish uchun Sankt-Peterburgga keldi. Uni imperiya poytaxtining ulugʻvor keng koʻchalari boʻylab, barokko uslubidagi saroylar va inqilobiy broshyuralar yonidan oʻtib, Pyotr Struve dars beradigan maʼruza zaliga kirib borayotgan holda tasavvur qilishimiz mumkin.
Struve oʻzida hayratlanarli qarama-qarshilik ruhini mujassam etgan shaxs edi – sobiq marksist, keyinchalik liberal millatchiga aylangan, Rossiya Britaniya imperiyasi namunasi asosida “Buyuk Rossiya”ni barpo eta oladi, deb ishongan inson. U liberal imperializm gʻoyasini targʻib qilar edi: Rossiya vahshiy kuch orqali emas, balki iqtisodiy joziba va madaniy oxanrabo orqali kengayishi, boshqa xalqlarni quyosh atrofida aylanayotgan sayyoralar kabi oʻz orbitasiga tortishi lozim edi.
Yosh Savitskiy bu saboqlarni katta ishtiyoq bilan oʻzlashtirdi. 1915 yil boshida, endigina oʻn toʻqqiz yoshida, u Struvening nufuzli “Russkaya mыsl” (“Rossiya tafakkuri”) jurnalida oʻzining ilk yirik ish namunasini chop etdi. “Imperiya uchun kurash” nomli ushbu maqola oʻquvchilarni oʻzining erta yetilgan fikriy salohiyati bilan hayratda qoldirdi.
Maqolada u imperiyalar tarixiy tasodif emas, balki insoniyat taraqqiyotini tashkil etish uchun zarur boʻlgan tuzilmalar ekanini taʼkidladi. Fikricha, Rossiyaning taqdiri “qitʼaviy-siyosiy” imperiya tuzishdan iborat edi – bu mohiyatan Britaniyaning “mustamlakachi-iqtisodiy” modelidan farq qilardi. Britaniya talon-toroj qilgan joyda Rossiya uygʻunlashtirishi lozim edi. Gʻarb boylikni soʻrib olgan yerda Rossiya chinakam madaniy umumlashmani barpo etishi kerak edi.
Keyin 1914 yilning avgusti yetib keldi va shunda, Yevropa oʻz-oʻzini jarga tortdi. Birinchi jahon urushi eski imperialistik tartibni xuddi bolgʻa shishani chilparchin qilgani kabi parchalab tashladi.
1917 yil inqilob sodir boʻlib, bolsheviklar hokimiyatga kelgandan bir qancha vaqt oʻtib, Savitskiyning xayolida bir narsa ravshanlashdi. Eski Rossiya endi yoʻq, lekin uning oʻrnini nima egallashi mumkin?
1921 yilda u oʻz manifesti –“Yevroosiyo”ni nashr etdi. Yevropa ham emas, Osiyo ham emas, balki Makinder taʼriflagan, “yurak hudud(heartland)”ni egallagan uchinchi qitʼa sivilizatsiyasi: Boltiqdan Tinch okeanigacha choʻzilgan bepoyon tekisliklar. Savitskiy buni Rossiyaning asl qiyofasi, uning geografik va maʼnaviy taqdiri sifatida koʻrdi.
Tasavvur qiling: Savitskiy Pragada joylashgan kvartirasida xaritalar ustiga egilib, titrayotgan barmoqlari bilan bu yangi dunyoning chegaralarini chizmoqda. Uch buyuk tekislik – Rus, Sibir va Turkiston – Yer yuzida oʻxshashi yoʻq yagona geografik tizimni tashkil etardi. Oʻziga xos iqlim, oʻziga xos tuproq, oʻziga xos tarixiy taqdir. Har holda, Savitskiyning xayolida shunday boʻlgandir. Tagʻin, bilmadim.
Uning fikricha, Yevropa Rossiyani rad etgan edi. Mayli, shunday boʻla qolsin. Unda Rossiya ham Yevropani rad etib, oʻzining yevroosiyochilik mohiyatini qabul qilishi kerak edi. Moʻgʻul istilolari falokat emas, balki Rossiya birligini shakllantirgan neʼmat boʻlgan. Osiyo taʼsirlari ifloslanish emas, balki kuch manbai edi. “Roman-german” Yevropasi bilan Yevroosiyo Rossiyasi oʻrtasidagi qarama-qarshilik tub mohiyatga ega, abadiy va muqarrar ekaniga ishonardi u.
U hatto bolshevizmda ham kutilmagan qiymat topdi. Garchi kommunistik mafkurani yomon koʻrgan boʻlsa-da, Savitskiy Lenin rejimini Rossiyaning nihoyat qullarcha Gʻarbga taqlid qilishdan xalos boʻlganining dalili sifatida koʻrdi. Bolsheviklar balki mahluqdir, ammo ular rus mahluqlari edi: Yevropa andozalaridan koʻchirish oʻrniga, oʻz tasavvurlarini amalga oshirayotgan edilar.
Tilshunos Nikolay Trubetskoy bilan hamkorlikda Savitskiy 1920-yillar davomida yevroosiyochilikni toʻliq shakllangan mafkuraga aylantirdi. Ular manifestlar chop etdilar, jurnallar tashkil qildilar, rus muhojirlari orasida qoʻzgʻalish harakatini barpo etdilar. Ularning xabari sodda, ammo sarhush qiluvchi edi: Rossiya inqilob va magʻlubiyat tufayli oʻz taqdirini yoʻqotmagan, aksincha, uni topgan edi, ular nazdida.
Praga va Parijdagi muhojir kafelarini koʻz oldingizga keltiring: vatansiz qolganidan achchiqlangan yosh ruslar bu gʻoyalarni ochkoʻzlik bilan “yutib” borishardi. Nihoyat, kimdir ularning azob-uqubatlariga maʼno bergandi. Rossiya muvaffaqiyatsiz Yevropa davlati emas, balki oʻz yoʻliga, oʻz missiyasiga ega boʻlgan betakror Yevroosiyo sivilizatsiyasi edi. Ular Susambil shaklidagi choʻpchakka umid bogʻlab, mana shunday – yiqilayotgan odam xasga ham yopishgani kabi – shizofrenik xomxayol ichida choʻkishardi.
Savitskiyning taqdiri oʻz vatanining fojiasini aks ettirdi. U qisqa muddat sovet ittifoqiga qaytish fikri bilan yashadi, 1945 yilda Pragada sovet agentlari tomonidan hibsga olindi va oʻn yilni Gulagda oʻtkazdi. 1956 yilda ozodlikka chiqqach, 1968 yilgacha sokin hayot kechirdi; bu davrda uning gʻoyalari – “yetuk” bolshevizm soyasida soʻnib yotgan holda – qayta tirilish lahzasini kutardi. Chunki Stalin hokimiyatga kelgandan soʻng, Yevroosiyochilik marksizm-leninizm bilan zid boʻlgan burjua mafkurasi deb eʼlon qilingandi. Trubetskoy esa 1938 yilda Stalin qatagʻoni qurboni sifatida vafot etdi.
Qayta tugʻilish: Dugin va 1990-yillardagi neo-yevroosiyochilik
Sovet ittifoqi 1991 yilda parchalanib ketdi. Qisqa lahza ichida, Gʻarb gʻalaba qilgandek edi. Frensis Fukuyama “Tarixning intihosi” haqida yozdi. Liberal demokratiya butun dunyoga yoyiladi. XX asrning eski mafkuralari – kommunizm, fashizm va millatchilikning turli koʻrinishlari tarixga aylanadi, deb oʻylashdi.
Shunday lahzada, Aleksandr Dugin siyosiy mafkuralar maydoniga kirib keldi.
Dugin 1962 yilda sovet harbiy-razvedka apparati bilan aloqador moskvalik oilasida tugʻilgan. U oʻzining intellektual faoliyatini 1980-yillarning oxirida radikal millatchi va okkultist sifatida boshlagan, mistitsizm, oʻng qanot siyosati va Yevropa fashizmining ezoterik anʼanalariga qiziqish, ayniqsa, italiyalik anʼanaviy yozuvchi Julius Evolaning asarlari bilan uygʻunlashgan ishlarni nashr etgan.
1991 yilda sovet ittifoqi parchalanib, Rossiya magʻlubiyatga uchraganga oʻxshab qolganda, Dugin aqlli va dahshatli ish qildi: u Trubetskoyning Yevroosiyochilik gʻoyasini “qayta tikladi” va uni sovuq urushdan keyingi dunyo uchun qayta shakllantirdi. Uning vaqti juda toʻgʻri tanlangan edi. Rus ziyolilari chuqur xoʻrlanish va oʻzligini yoʻqotish tuygʻusidan aziyat chekayotgan edi. Gʻarb yuksalib borardi. Rossiya esa tartibsizlik, qashshoqlik va milliy falokatga yuz tutmoqda edi. Rus xalqi quyidagi savollar bilan qolgandi: “Biz endi kimmiz? Bizning vazifamiz/maqsadimiz nima?” Bu aynan Yevroosiyochilik gʻoyasi ilk ilgari surilgan paytlarni eslatmayaptimi sizga?!
Dugin Gʻarb tomonidan taklif qilinayotgan liberal demokratiyadan (1990-yillar tartibsizligi ichida u Gʻarbning xaloskorligidan koʻra koʻproq Gʻarbning ekspluatatsiyasiga oʻxshab koʻringan) ancha jozibaliroq javob shakllantirdi: “Sizlar yevroosiyoliklarsiz. Sizlar koʻpqutbli dunyoga yetakchilik qilish uchun yaralgansiz. Sizlarning sivilizatsiyangiz Gʻarbnikiga teng. Hatto undan ham ortiq, chunki sizlar – kelajaksiz”.
U Xalqaro Yevroosiyochilar harakatiga asos soldi. 1997 yilda oʻzining eng muhim asari – “Geosiyosat asoslari”ni nashr etdi; bu kitob keyinchalik Rossiyaning geosiyosiy strategiyasi uchun goʻyo qoʻllanma vazifasini oʻtay boshladi. U oligarxlar, harbiy doiralar va tobora koʻproq Vladimir Putin atrofidagi muhit bilan aloqalar oʻrnatdi. 2000-yillarning boshiga kelib, duginchilik endi bir chetdagi mafkura emas edi – u yuksalayotgan Rossiyaning deyarli rasmiy dunyoqarashiga aylanib borardi.
- Dugin haqida ayrim qoʻshimcha maʼlumotlar ketma-ketligini sizga qisqacha berib oʻtaman:
- Dugin ehtimoliy jihatdan GRU yoki SVR uchun ishlayotgan agent.
- Duginning taʼkidlashicha, milliy bolshevizm uning Neo-Yevroosiyochi sifatidagi tassavvuriy kelajagiga eng yaqin boʻlgan mafkura.
- U oʻzini va mafkurasini ilk bolsheviklar boshlagan ishning davomi oʻlaroq koʻradi.
- Dugin Rus milliy bolshevik partiyasining liderlaridan boʻlgan va uning sherigi Eduard Limonov edi. Eduard, asarining katta qismi uning hayotiga asoslanganiga qaramay, kitobning oʻsha qismining “badiiy toʻqima”ligini taʼkidlagan boʻlsa-da, uning siyosiy raqiblari Eduardning gʻoyalari ustidan kulib, uni “siyosiy fohisha” deb atashgan.
- Dugin soʻzlov/nutqini tinglovchilariga qarab oʻzgartiradi. Shunda, u Neo-Yevroosiyochilik safsatasini iloji boricha koʻproq insonlarga targʻib qilish imkoniga ega boʻladi. Bunday yondashuv dunyo uchun yangilik emas, albatta. Misol uchun, Dugin shavq bilan olqishlaydigan Sabbatiylar va Frankistlar hikoyasiga koʻz tashlash kifoya.
- Alternativ (muqobil) oʻng qanotning va identitar harakatning yetakchi arboblari Duginni ochiqchasiga qoʻllab-quvvatlashi, Dugin tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi yoki uning soʻzlarini aynan takrorlashi haqida yaxshigina dalillar mavjud.
"Muqobil oʻng" – oq tanli millatchilik, mavjud tizimga qarshi ruhiyat/kayfiyat va asosiy konservatizmni rad etish bilan tavsiflangan erkin, oʻta oʻng harakat.
Duginning “Geosiyosat asoslari” asari qisqacha quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- Atlantikachi hududlarda buzgʻunchilik va parokandalikni keltirib chiqarish uchun irqiy ozchiliklardan (lekin shu bilan birga irqchilardan ham) foydalanish.
- Anglosfera(inglizzabon hududlar yoki "Atlantikachilar")ni Yevropa dunyosidan ajratib qoʻyish.
- Gʻarbda Rossiya va Yevroosiyoga xayrixoh munosabatlarni targʻib qilish, ayni paytda Gʻarbga qarshi keskin salbiy munosabatlarni ragʻbatlantirish (Yangi dunyo tartibotini butunlay Gʻarb va Atlantika "liberalizmi"ga toʻnkash).
- Turli (asosan Yevropa) mamlakatlarni birlashtirish orqali yirik geosiyosiy bloklar (superdavlatlar) tashkil etish.
- Rossiya-Islom ittifoqining zaruriyati.
- "Atlantikachilikka qarshi" Uchinchi dunyo gʻoyalarini targʻib qilish.
- Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropani Rossiyaga qoʻshib olish.
- "Uchinchi Rim"ni barpo etish.
- "Koʻp qutbli" dunyo yaratish.
Yevropa va AQShda keng jamoatchilik Donald Tramp, Matteo Salvini, Nigel Faraj va Orban Viktor kabilarni qoʻllab-quvvatlashmoqda. Taʼkidlash joizki, bu odamlarning barchasi yangi dunyo tartibotiga sodiqlik bildirgan qalloblardir. Biroq, shuni ham aytish kerakki, bu holat yirik omma orasidagi "oddiy hayot"ga qaytish istagi va samimiy tuygʻularning haqiqiyligiga zarar bermaydi.
Omma maʼnosiz hayotlari va ijtimoiy yakkalanishdan bezgan; ular terrorchilik, qotillik, zoʻravonlik va bolalarga nisbatan jinsiy tajovuz toʻdalaridan charchagan; ular qizlari fohishaga, oʻgʻillari esa "qizlarga" aylanib qolishidan qoʻrqishadi; ular doʻstlari va oila aʼzolari giyohvand moddalar dozasidan halok boʻlayotgan bir paytda, ularni "imtiyozli" tugʻilgan deb ataydigan badbaxt kommunistlarga ortiq toqat qila olmaydilar; ular bir paytlar xavfsiz va barqaror boʻlgan jamiyatlariga bu zaharning barchasini majburlab suqqan globalist siyosiy elita va liberal burjuaziyaga nisbatan hurmatlarini yoʻqotganlar.
Shunday bir holda, ayrim yoki koʻplab muqobil oʻng qanotchilar Dugin gʻoyalarini targʻib etmoqdalar. Bu, albatta, oʻz samarasini koʻrsatmay qolmaydi.
Ilk yevroosiyochilik va Duginning neo-yevroosiyochiligi: farq nimada?
Nomiga qaramay, "neo-yevroosiyochilik" aslida dastlabki yevroosiyochilik qarashlarining davomi yoki kengaytmasi emas, balki ularning buzilgan koʻrinishidir.
Andreas Umland oʻzining 2018 yilgi aynan shu mavzudagi maqolasida quyidagicha taʼkidlaydi:
“Yevroosiyochilar qatʼiyat bilan izlanib, podsho va sovet imperiyalari hududiga xos turli tarixiy, geografik, lingvistik va boshqa birlashtiruvchi xususiyatlarni topganliklariga ishondilar; bu xususiyatlar, ularning fikricha, Markaziy va Gʻarbiy Yevropaning “roman-german” madaniyatidan farq qiluvchi, alohida bir Yevroosiyo sivilizatsiyasi mavjudligini eʼlon qilish uchun yetarlicha oʻziga xos edi. Oʻz gʻoyalarini rivojlantirish uchun yevroosiyochi muhojirlar hatto umri qisqa boʻlgan intellektual harakatni ham tashkil etdilar; bu harakat ikkinchi jahon urushi oraligʻida qariyb yigirma yil davomida Sharqiy-Markaziy va Gʻarbiy Yevropada faoliyat yuritdi. Yevroosiyochilar taʼkidlashicha, Yevroosiyo sivilizatsiyasi – Gʻarb sivilizatsiyasidan farqli oʻlaroq – noliberal, nodemokratik va anti-individualistikdir. Shu bois u Yevropa qadriyatlaridan ham, universallik gʻoyalaridan ham ajratilishi lozim, chunki bular Rossiyaning yevroosiyolik oʻzligiga begona va tubdan zid normalardir. Shunday qarashlar bilan klassik yevroosiyochilik – Leonid Luks, Stefan Viderker yoki Martin Bayssvenger kabi tadqiqotchilarning ishlarida taʼkidlanganidek – qisman Germaniyada Veymar Respublikasi davrida (1918-1933) parallel ravishda shakllangan “konservativ inqilob” oqimiga oʻxshash edi.
Duginning “neo-yevroosiyochiligi” klassik yevroosiyochilik singari keskin anti-gʻarbiy boʻlib, oʻzini yangi geosiyosiy paradigma sifatida taqdim etsa-da, uning akademik salmogʻi ancha kamtarona. Dugin koʻpincha turli noliberal xalqaro falsafiy oqimlarning gʻoyalarini shunchaki koʻchiradi, erkin qayta bayon qiladi va takabburona ishonch bilan qorishtirib tashlaydi. “Neo-yevroosiyochilik” koʻp jihatdan ataylab tanlangan notoʻgʻri nom boʻlib, nomi anglatganidan farqli ravishda klassik yevroosiyochilikning postsovet davrga moslashtirilgan shakli emas, balki noyob postsovet va aslida Yevropaga xos boʻlgan “yangi oʻng” mafkuradir. Klassik yevroosiyochi gʻoyalarni rivojlantirish oʻrniga, duginchilik qarashlari turli norus noliberal nazariyalar majmuasi va ularning ataylab, sunʼiy “ruslashtirilishi”, shuningdek, klassik yevroosiyochilarga ishora qilish orqali nufuzli milliy anʼana bilan bogʻlanish yaratish natijasidir. Duginning keskin anti-gʻarbiy gʻoyalarining aksariyati rus emas, balki gʻarb falsafasi va nazariyalaridan kelib chiqqan.
Bular qatoriga XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi ingliz-sakson mistik geosiyosat maktabi, yuqorida tilga olingan nemis “konservativ inqilobi” va uning NSDAP ichida va tashqarisidagi milliy-bolshevik talqinlari (masalan, Strasser birodarlarining gʻoyalari), britan satanizmi, 1968 yildan keyingi fransuz “Yangi oʻng” harakati, italyan neofashizmi, yashirin xalqaro diniy oqim boʻlgan integral anʼanachilik, boshqa ayrim radikal intellektual va siyosiy harakatlardan chiqqan turli fitna nazariyalari kiradi”.
Shu oʻrinda, Pablo Pikassoning bir gapi yodga tushadi:“Oʻrtamiyona ijodkor koʻchiradi, buyuk ijodkor oʻgʻirlaydi”. Bu shuni anglatadiki, siz biror narsani birinchi boʻlib qilmagan boʻlsangiz ham, uni shunchalik mohirona bajargansizki, hamma bu uslubni koʻrganda sizni esga oladi. Bundan chiqadiki, Dugin oddiy bir “oʻrtamiyona ijodkor”, xolos… Balki uni umuman “ijodkor” deyish xato boʻlar, chunki u hatto koʻchirishni ham tuzukroq eplolmagan.
Duginizm haqidagi hikoya, shu nuqtada, yanada gʻalati va shizofrenik tusni oladi.
1980-yillarda sovet matematigi Anatoliy Fomenko oʻzi “Yangi xronologiya” deb atagan nazariyani ishlab chiqishni boshladi. Uning tezisi (xulosasi) inqilobiy edi va har qanday boshlangʻich tarixiy bilimga ega mutaxassis uchun bemaʼnilikdan boshqa narsa emasdi. Uning fikricha, insoniyat tarixining biz bilgan butun vaqt jadvali (xronologiyasi) notoʻgʻri edi. Sanalar oʻylab topilgan, voqealar joyidan koʻchirilgan, butun-butun sivilizatsiyalar esa izlanish/bilimlaridagi boʻshliqlarni toʻldirishga uringan oʻrta asr olimlarining xayoliy mahsuli emish. Fomenkoning “Yangi xronologiyasi”ga koʻra, Yevropadagi “Qorongʻu davrlar” umuman mavjud boʻlmagan. Qadimgi Rim aslida Oʻrta asr Rimi boʻlgan. Vizantiya imperiyasi Konstantinopolda emas, Italiyada joylashgan. Uning ertagidagi bizning hikoyamiz uchun eng muhim boʻlgan qism – “Tartariya” deb atalgan ulkan Yevroosiyo imperiyasi mavjud boʻlgan emish; u hozirgi Rossiya, Markaziy Osiyo va undan ham keng hududlarni qamrab olgan. Fomenkoning daʼvosiga koʻra, bu “Tartariya” haqiqiy sivilizatsiya boʻlib, Gʻarb tarixchilari Rossiya buyukligini yoʻqqa chiqarish maqsadida uning izlarini tarix zarvaraqlaridan oʻchirib yuborishgan.
“Tartariya” afsonasi Duginchilikning Rossiya jamiyatidagi ayrim qatlamlar hamda fitnaga moyil xalqaro auditoriya uchun nega jozibali ekanini tushunishda markaziy ahamiyatga ega. U rus yevroosiyochilik sivilizatsiyasi gʻoyasi uchun goʻyoki tarixiy “poydevor”, ramziyat hosil qiladi – ming yillar davomida mavjud boʻlgan, ammo adolatsiz ravishda tarixdan oʻchirib tashlangan imperiya sifatida tasvirlanadi. Muammo shundaki, bularning hech biri haqiqat emas. “Tartariya” – tarixchilar tomonidan xristian Yevropadan tashqaridagi noaniq hududlarni ifodalash uchun ishlatilgan atama boʻlib, u yerda moʻgʻullar, turklar va umumiy qilib “tatarlar” deb atalgan boshqa xalqlar yashagan. U hech qachon yagona imperiya boʻlmagan. Fomenko tasvirlagan “Tartariya” faqat xayolot va fitnaviy tafakkurda mavjud.
Avigdor Eskin: Duginizm ortidagi sionist fanatik
Kabbala – Xudoning mohiyatini, koinotning paydo boʻlishini va ruhning vazifasini anglashga qaratilgan qadimiy yahudiy ezoterik mistitsizm anʼanasidir.
Kabbalachi Duginning yevroosiyochilik tarmoqlarida Avigdor Eskin ismli ashaddiy yahudiy-sionist muhim mavqega ega. Bu duginchilik va sionistik dasturlar oʻrtasida Yevropani beqarorlashtirish yoʻlidagi yana bir kesishuvni yuzaga keltiradi; bunda Rossiya va Isroil manfaatlari ayrim “millatchi” va “oʻta oʻng” harakatlar orqali ilgari suriladi, ular esa Gʻarb jamiyatlari ichida goʻyo Troya oti vazifasini bajaradi.
Eskin – 2014 yilda Rossiya davlat televideniyesida ruslar va yahudiylarni “maʼnaviy va masihiy xalq” deb olqishlab, momaqaldiroq gumbirlashidek qarsaklarga sazovor boʻlgan fanatik shaxsdir. Eskin 1960 yilda Moskvada, yahudiylik bilan deyarli aloqasi boʻlmagan assimilyatsiyalashgan yahudiy oilasida tugʻilgan. U yoshlik chogʻida “uygʻonish”ni boshdan kechirib, oʻz yahudiyligini qayta kashf etgan va pravoslav yahudiylikka oʻtgan. Shuningdek, u sadoqatli sionistga aylangan, Isroilga “aliyah (Isroilga koʻchishni anglatadigan soʻz)” qilishga intilgan, biroq shu bilan birga sovet Rossiyasidan ham oyogʻini uzmagan.
Moskvada boʻlgan paytida Eskin ibroniy tilini Leo Ginblumdan oʻrgangan; Ginblum Bruklinda tugʻilgan ravvin Meyr Kahanning Kach harakati bilan bogʻliq boʻlgan yahudiy terrorchi guruh – yahud mudofaa ligasi (YaML) aʼzosi edi. Eskin Kahandan shu qadar taʼsirlanganki, uning “Endi hech qachon” asarini rus tiliga tarjima qilgan va 1979 yilda Isroilga koʻchib borgach, Kahan bilan uchrashib, uning yetakchi targʻibotchilari va hamkorlaridan biriga aylangan. Kach harakati istilochi Isroil hududida Tavrot va Talmudga tayangan yahudiy teokratiyasini barpo etishni talab qiluvchi ekstremistik guruh edi. Shunga qaramay, kahanistlar AQSh va Yevropada “antisemitizm” va Isroilga qaratilgan norozilikka qarshi bir qator terrorchilik portlashlari va koʻcha hujumlari bilan chiqish qilib, Gʻarb jamiyatlari ichida sionistik terror tarmogʻini shakllantirgan.
Eskin Livanda Isroil armiyasida xizmat qilgan, shuningdek, Isroildagi bir necha rus ommaviy axborot vositalarida jurnalist sifatida ishlay boshlagan. 1980-yillar boshida u sovet yahudiylari uchun mablagʻ yigʻish maqsadida YaML safariga qoʻshilib AQShga borgan. Siyosatchilarni faol ravishda daʼvat qilgan va u oʻsha paytda Isroilga beriladigan AQSh tashqi yordamini tanqid qilgan konservativ senator Jessi Helmsni ashaddiy sionistga aylantirgan shaxs sifatida tilga olinadi. Eskin Helms bilan kelishuvga erishgan: u prezident Reyganning Markaziy Amerikadagi siyosatini qoʻllab-quvvatlaydi, evaziga Helms Isroilni qoʻllashda hal qiluvchi yordamni beradi. Eskin Eron-Kontra mojarosining ayrim unsurlarida ishtirok etganini ham tan oladi.
Eskin va Duginni birlashtirgan dastlabki umumiy manfaat – Kabbalaga boʻlgan qiziqish edi. “Ruslar uni juda qiziqarli shaxs deb hisoblaydi. Uning Kreml bilan yaxshi aloqalari bor va u Isroil jamiyatining nufuzli vakili sifatida koʻriladi”, – degan edi Dugin gazetaga hamkasbi haqida soʻzlarkan. Eskin Duginni yevroosiyochilik harakatini boshidan boshlab moliyalashtirgan bir qator oligarxlar bilan tanishtirgan.
Kachdagi hamkori Yossi Dayan bilan birga Eskin pulsa dinura (olov zarbalari) deb ataluvchi kabbalistik marosimda qatnashgan; bu marosim 1995 yilda Oslo kelishuvlari uchun Isroil bosh vaziri Izhak Rabinga nisbatan “oʻlim laʼnati”ni chaqirishga qaratilgan edi. Rabin oʻldirildi, biroq “oʻlim laʼnati” amalga oshishi kerak boʻlgan 30 kunlik muddatdan oʻtib. 1997 yil dekabrida Eskin Xayim Pakovich bilan birga Qoya gumbazi va Al-Aqso masjidi joylashgan majmuaga ogʻziga Qurʼon tiqilgan choʻchqa boshi uloqtirishni rejalashtirgani uchun hibsga olindi. Shuningdek, ular 1930-yillarda sionistlarga qarshi kurashgan falastinlik partizan Izzaddin Qassam qabriga ham choʻchqa boshi qoʻyish va “Dor Shalom” nomli chap qanot tashkilot ofislarini yoqib yuborishni rejalashtirgan; Jerusalem Post nashri ularning igʻvogarlik boʻyicha sud jarayonida buni fosh qilgan.
Qisqa muddatli qamoqdan soʻng Eskin Rossiyaga qaytib keldi va 2001 yilda Dugin uni yangi tashkil etilgan Yevroosiyo partiyasiga aʼzo qildi. U Rossiya ichida ham sionistik faoliyatini davom ettirdi, Rossiya yahudiy kongressi aʼzosi Vladimir Solovyov olib boradigan telekoʻrsatuvda chiqish qildi; bu kongressning boshqa mashhur aʼzolari orasida Chabad ravvini Berel Lazar va oligarx Mixail Fridman ham bor edi. Koʻrsatuvda Eskin Quddusdagi Al-Aqso masjidini vayron qilib, uning oʻrniga yahudiy ibodatxonasini qurishga chaqirdi va falastinliklarni “Dajjol xalqi / Masihga qarshi xalq” deb atadi. Bu Duginning “parokandalikni parokandalik uchun sevish” haqidagi qarashlari va uning qitʼalararo beqarorlashtirish saʼy-harakatlari uchun ayni muddao edi.
Eskin va Dugin bilan birga kelib chiqishi rus boʻlgan, gʻarbiy sohilda faoliyat yurituvchi ravvin Avram Shmulevich ham ishlagan; u Eskin bilan birga “Oʻz yerimiz uchun” deb nomlangan fanatik sionistik guruhning hamrahbari boʻlib, istilochi Isroil uchun anti-gʻarbiy, rossiyaparast yevroosiyochilik siyosatini qoʻllab-quvvatlagan. Shmulevich 2001 yil 21 aprel kuni Moskvada oʻtgan taʼsis qurultoyida yevroosiyochilik harakati rahbariyatiga koʻtarilgan; u yerda u qadimgi moʻgʻul imperiyasi va xazar xoqonligini misollar sifatida madh etgan va Rossiya bosh ravvini, yahudiy ustunligini targʻib qiluvchi Chabad harakati aʼzosi Berel Lazarning vakili oʻlaroq qatnashgan. Ular Rossiya-Isroil ittifoqini qoʻllab-quvvatlayotgan isroillik yetakchilarning tobora ortib borayotgan qatlamini ifodalaydi; Eskin esa Isroil goʻyoki AQShga “boʻysunadi” degan soxta gʻoyani ilgari surib, aslida AIPAC AQSh tashqi siyosatini izdan chiqarayotganini inkor etadi. Bu esa duginchilik targʻibotidagi “Gʻarbni mutlaq yovuzlik sifatida koʻrsatish” gʻoyasiga toʻliq mos keladi.
Shu maqsadda Eskin Yevroosiyo yoshlar harakatining Isroil boʻlimiga rahbarlik qiladi; uning aʼzolari ukrainlarga qarshi namoyishlar oʻtkazib, Ukraina bayroqlarini yirtib, tahqirlab, Dugin/Boris Shpigel/Kreml belgilagan chiziq asosida ukrainlarni “natsistlar” deb atashadi. Maydan inqilobining ilk kunlaridanoq Eskin Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoʻllab-quvvatlab chiqdi va Isroil hukumatini Donbass hamda Novorossiya separatistlarini qoʻllashga daʼvat etdi.
Ertaklar yaxshilikka yetaklar… yoki unday emasmi?
3-6 yoshli bolalar ertak tinglashni sevishadi. Ertaklar ularni butunlay boshqa olamga olib boradi goʻyo; har holda, men shunday deb oʻylayman. Lekin keyin bolalar katta boʻlishadi va ertaklar ular uchun juda absurd, haqiqiy hayotdan anchayin yiroq eshitila boshlaydi.
Lekin bu keyinchalik bizning mavjud azob-uqubat/qiyinchilik holatini yengish mexanizmimiz sifatida qayta xayotimizga qaytib keladiki, qaysidir nuqtada, baribir ertak eshitgimiz kelib qoladi. Farqi – biz, kattalarga murakkabroq, koʻrinishidan haqiqiy hayot desa boʻladi-yu, lekin asosi hali ham ertaknamo allanimalardan iborat choʻpchaklar kerak. Axir, kattalarni aldash bolalarni chuv tushirishdan ancha qiyin-ku, shunday emasmi?!
Balki muammo choʻpchak eshitishni xohlashimizda ham emasdir. Balki umuman eshitishni xohlayotganimiz choʻpchak boʻlishi shart emasdir; shunchaki oʻsha narsa umid va maqsad bagʻishlay olsa kifoyadir. Muammo – choʻpchakda emas, uni haqiqat deb oʻylayotganimizda.
Koʻp chalgʻimay, mavzumizga qayta qolamiz. Yevroosiyochilik/neo-yevroosiyochilik sizni “mukammal” jamiyat sari eltmoqchi. Lekin bir eslang: kommunizm ham shunday maqsadda emasmidi?! Balki Stalin shuning uchun ham yevroosiyochilikni taqiqlagandir; axir ikki qoʻchqorning boshi bir qozonda qaynamaydi-da. Aytilishi jihatidan kommunizm va yevroosiyochilik/neo-yevroosiyochilik boshqa-boshqa mafkuralar hisoblansa-da, ular amalda bir xil xizmat qiladi. Misol uchun, ikkala choʻpchakda ham “katta ogʻamiz” bir, “dushmanimiz” bir hamda zoʻravonlar bir: bizga zoʻrlik bilan “Susambil” qurib berishmoqchi boʻlgan. Yangi nomga chalgʻimasligimiz kerak.
Oʻsha “Susambil” ikki tomon yelkasiga ham yuk boʻlmoqda. Koshki, shuni tushunsalar va bu chiqindi ortilgan zil zambilni uloqtirsalar. Manzilga tezroq yetarmidik balki. Yanada tushunishingiz uchun, boshqa bir zambil(Gʻarb mafkurasi)ni koʻtarib olish haqida aytmayapman. Axir ikki radikaldan biri boʻlishga majbur emasmiz!
Soʻzlarimni 1974 yilda ekran yuzini koʻrgan “Choʻqintirgan ota-2” filmidagi bir iqtibos bilan yakunlamoqchiman; xulosa esa sizdan:
“Agar sen qoʻlingda toʻpponcha tutib tursang va men ham toʻpponcha tutsam, biz qonun haqida gaplasha olamiz. Agar pichoq bilan kelsang va men ham pichoq bilan kelsam, biz qoidalar haqida gaplasha olamiz. Agar qurolsiz kelsang va men ham qurolsiz boʻlsam, biz mohiyat/sabab haqida gaplasha olamiz. Ammo agar qoʻlingda toʻpponcha boʻlsa-yu, men faqat pichoq bilan qolsam, unda haqiqat sening qoʻllaringda yotadi. Agar sen toʻpponcha bilan boʻlsang, menda esa hech vaqo boʻlmasa, sen tutib turgan narsa shunchaki toʻpponcha emas – u mening hayotimdir. Qonun, qoidalar va axloq tushunchalari faqat tenglikka asoslangandagina maʼnoga ega boʻladi. Bu dunyoning achchiq haqiqati shundaki, pul gapirganda haqiqat jim qoladi. Hokimiyat gapirganda esa hatto pul ham uch qadam orqaga chekinadi. Qoidalarni tuzuvchilar koʻpincha ularni birinchi boʻlib buzadiganlardandir. Qoidalar – zaiflar uchun zanjir, kuchlilar uchun esa quroldir. Bu dunyoda har qanday yaxshilik uchun kurashish kerak. Oʻyin egalari resurslar uchun shafqatsizlarcha raqobat qilayotgan bir paytda, faqat zaiflargina chetda oʻtirib, ularga ulush berilishini kutib yashaydi.”
Samariddin Siroj
Yangi Oʻzbekiston universiteti 3-kurs talabasi
Muallifning fikrlari tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.