Jizzax hokimi yangi oʻrinbosarlari maoshi qanday hisoblanishi ochiqlandi
Viloyatda sanoat va qishloq xoʻjaligi boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilindi.

Jizzax viloyatida sanoat va qishloq xoʻjaligi boshqaruvi takomillashtiriladi.
“Jizzax viloyatida sanoat va qishloq xoʻjaligi boshqaruvini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–34-son, 30.01.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Jizzax viloyati hokimligi tuzilmasining umumiy shtat birliklari doirasida quyidagi lavozimlar kiritiladi:
- hokimning togʻli hududlar va yaylovlarni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
- hokimning dasht va choʻl hududlarida sanoatni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari.
2026 yildan yangi kiritilayotgan viloyat hokimi oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholashda natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruv tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi. Bunda:
- ularga KPI koʻrsatkichlarini belgilashda tegishli hududlarda sanoatni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha strategik koʻrsatkichlar va maqsadli indikatorlar koʻzda tutiladi;
- KPI koʻrsatkichlari tasniflanadi (strategik, hudud va tuman), ularning oʻzaro mutanosibligi taʼminlangan holda ishlab chiqiladi;
- ularning KPI koʻrsatkichlari boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida belgilangan maqsadlarga erishganlik darajasi va natijadorligi bilan baholanadi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Yusupov Bahrom Muzaffarovich - Jizzax viloyati hokimining togʻli hududlar va yaylovlarni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga, Egamov Bekzod Abduvaliyevich - Jizzax viloyati hokimining dasht va choʻl hududlarda sanoatni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlangandi.