Oʻzbekistonda 18 ta uyushgan jinoiy guruh faoliyati tugatildi
20 yanvardan boshlab IIV Tezkor-qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida butun respublika miqyosida keng qamrovli tezkor tadbirlar boshlandi.

Oʻzbekistonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi keng koʻlamli maxsus operatsiyalar: 18 ta jinoiy guruh tugatildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatida mamlakatdagi jinoyatchilik holatini yaxshilash, qonun ustuvorligini taʼminlash, aholining va tadbirkorlarning xavfsizligini kafolatlash zarurligini taʼkidlab oʻtgandi.
Xususan, uyushgan jinoiy guruhlarning tadbirkorlarga bosim oʻtkazishi, iqtisodiy faoliyatga putur yetkazishi kabi holatlarni qattiq tanqid qilib, huquq-tartibot organlariga bunday tuzilmalarning faoliyatini toʻliq toʻxtatish boʻyicha aniq topshiriq bergan.
Ushbu topshiriqni amalga oshirish maqsadida 2026 yil 20 yanvardan boshlab Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida butun respublika miqyosida keng qamrovli tezkor tadbirlar boshlandi.
Bir necha hafta ichida oʻtkazilgan 2600 dan ziyod maxsus operatsiya natijasida muvafaqqiyatli natijalarga erishildi. Jumladan, 18 ta uyushgan jinoiy guruhning noqonuniy faoliyati butunlay yoʻq qilindi va ular tomonidan sodir etilgan 51 ta jinoyat ochib berilib, aybdorlarga qarshi qonuniy choralar qoʻllanildi.
Shuningdek, fuqarolardan noqonuniy saqlanayotgan 104 ta oʻt ochar va sovuq qurol, 987 dona oʻq-dori hamda 1,5 kilogramm portlovchi moddalar musodara qilindi. Noqonuniy qurol saqlashning 108 ta holati aniqlanib, shu asosda jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.
Narkotik savdosi yoʻnalishida ham katta muvaffaqiyatga erishildi: 123 kilogramm giyohvand moddalar, jumladan Qirgʻizistondan noqonuniy olib kirilganlar, shuningdek 57 013 dona psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Respublika boʻylab narkotik bilan bogʻliq 951 ta holat fosh etilib, 527 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, 30 ta maʼmuriy ish yuritildi.
Bundan tashqari, 45 ta tovlamachilik holatida jami 2 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Shuningdek, 8 ta talonchilik va hujum, 42 ta qimor oʻyinlari bilan bogʻliq jinoyatlar va 386 ta odam savdosi, OIV infeksiyasini tarqatish, fohishaxona saqlash kabi jinoyatlar aniqlandi.
Afsuski, baʼzi jinoiy guruhlar tarkibida sport bilan shugʻullanuvchi yoshlar ham bor boʻlib, ular oʻz xatti-harakatlaridan chin dildan pushaymonlik bildirgan.
Tezkor tadbirlar hozir ham davom etmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni hushyor boʻlishga, shubhali holatlarni darhol xabar qilishga chaqirmoqda.
