Andijonda chiqindi korxonasi aholidan asossiz ravishda 3,5 mlrd soʻm undirgani maʼlum boʻldi
Holat yuzasidan MChJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, pullarni qaytarish vazifasi topshirildi.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan Andijon viloyatida "AND OBOD" MChJga nisbatan tegishli taʼsir chorasi koʻrildi.
Raqobat qoʻmitasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan aholining manfaatlarini himoya qilish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish hamda chiqindilar bilan bogʻliq ekologik holatni yaxshilash yuzasidan oʻrganishlar olib borildi.
Oʻrganishlarda mazkur viloyatda faoliyat olib borayotgan "AND OBOD" MChJ tomonidan aholiga maishiy chiqindilarni yigʻish va tashib chiqish xizmatlarini koʻrsatish jarayonida "Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonunining 19,21-moddalari talablari buzilganligi aniqlandi.
Xususan, mazkur korxona oʻz zimmasiga yuklatilgan hududlarda chiqindilarni belgilangan grafik asosida toʻplash va tashib chiqish ishlarini toʻliq va sifatli bajarmagani maʼlum boʻldi. Buning oqibatida ayrim hududlarda koʻplab chiqindilar toʻplanib qolgan.
Olib borilgan hisob-kitoblar natijasida korxona tomonidan isteʼmolchilardan jami 3 mlrd 585 mln soʻmga yaqin miqdorda asossiz ortiqcha daromad olingani maʼlum boʻldi.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan "AND OBOD" MChJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha isteʼmolchilarga koʻrsatilmagan xizmatlar uchun asossiz olingan mablagʻlar isteʼmolchilarga qaytarish hamda qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berildi.
