Yoshlar – giyohvandlikka qarshi
Oʻzbekiston milliy kino sanʼati saroyida mazkur yoʻnalishdagi muammolar boʻyicha matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Bugungi kunda giyohvandlik va narkojinoyatchilik nafaqat milliy, balki mintaqaviy va global miqyosda xavfsizlik hamda barqarorlikka jiddiy tahdid solmoqda. Ayniqsa, yoshlar orasida turli narkotik moddalarning tarqalishi va narkojinoyatlarga aralashish holatlarining ortib borayotgani profilaktik va targʻibot ishlarini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Tahlillarga koʻra, 2025 yilda respublikada huquq-tartibot idoralari tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq 15 412 ta jinoyat va 1 956 ta maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlangan. Jinoyatlarning asosiy qismi giyohvandlik vositalarini oʻz isteʼmoli uchun saqlash, noqonuniy muomalaga kiritish va taqiqlangan ekinlarni yetishtirish holatlariga toʻgʻri keladi.
Narkojinoyatlarning 53 foizi Toshkent shahri, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida qayd etilgan. Tezkor tadbirlar natijasida 3 tonna 413 kilogramm narkotik, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyildi, 14 ta yashirin narkolaboratoriya fosh etildi.
Narkojinoyat sodir etgan 11 049 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan boʻlib, ular orasida maktab oʻquvchilari va talabalar ham borligi tashvishli holat sifatida qayd etildi.
Mazkur vaziyatdan kelib chiqib, 2025 yil 3 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–207-son Farmoni qabul qilinib, 2025–2026 yillarga moʻljallangan “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish boʻyicha milliy dastur” tasdiqlandi.
Milliy dastur doirasida fevral oyida “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishiga qarshi kurashish” tezkor-profilaktik oyligiga start berildi. Shu munosabat bilan bugun Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda respublikadagi narkovaziyat, oylik doirasida amalga oshiriladigan profilaktik va targʻibot ishlari yuzasidan batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarining giyohvandlikka qarshi kurashdagi muhim oʻrni alohida taʼkidlandi.
Tadbir doirasida Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda “Yoshlar forumi” ham tashkil etilib, unda 1800 nafarga yaqin yoshlar, taʼlim muassasalari vakillari va jamoatchilik faollari ishtirok etdi. Forum yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi maʼnaviy-ruhiy immunitetni shakllantirishga xizmat qildi.