Xitoy iqtisodiyoti: qanday qilib agrar mamlakatdan texnologik yetakchiga aylanish mumkin?
Bu mamlakat mahsulotlarni tannarxidan ancha arzon va zarariga sotib boʻlsa-da, dunyo bozorlarini zabt etmoqda. Platina.uz Xitoyning iqtisodiy siyosatini tahlil qiladi.

Bir paytlar kommunistik davlat boʻlgan, kapitalizmni tanqid qilgan, faqat guruch va mato eksporti bilan mashhurka erishgan Xitoy bugunga kelib, dunyo fabrikasi degan nom oldi. Nominal YaIM hajmi boʻyicha AQShdan keyin dunyoda ikkinchi oʻringa chiqdi. Londonda joylashgan CEBR konsalting kompaniyasi prognozlariga koʻra, 2030 yilga kelib Xitoy nominal YaIM hajmi boʻyicha AQShni ortda qoldiradi va dunyodagi eng yirik iqtisodiyotga aylanadi. Xarid qobiliyati pariteti boʻyicha esa Xitoy 2014 yildan beri dunyoda birinchi oʻrinda turibdi.
Xoʻsh, Xitoy qanday qilib bu darajaga chiqdi? “Xitoy moʻʼjizasi”dan namuna olish va uni boshqa davlatlarda ham qoʻllash mumkinmi?
Oʻtmishga nazar
1949 yilda Xitoy kommunistik partiyasining fuqarolik urushidagi gʻalabasidan soʻng Xitoy Xalq Respublikasi – XXR tashkil etildi, Mao Szedun uning birinchi rahbari boʻldi. Oʻsha paytda Xitoy agrar mamlakat boʻlib, qishloq xoʻjaligining YaIMdagi ulushi 90%ni tashkil etar edi.
Mao Szedun iqtisodiyotni modernizatsiya qilish maqsadida 1958 yilda “Katta sakrash” strategiyasini taqdim etdi. U iqtisodiy oʻsishni kuchaytirish va sanoatlashuvni jadallashtirishga qaratilgan edi. Strategiya kollektivlashtirish gʻoyalariga va professionallik oʻrnini bosuvchi ishtiyoq tuygʻulariga asoslangan edi.
Masalan, kommunizatsiya gʻoyasiga koʻra, dehqonlar kommunalarga birlashib, ularda mustaqil ravishda sanoatni rivojlantirishi, metall eritishi, dalada ishlash uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarishi kerak edi.
Sanoatlashuvga muvaffaqiyatsiz urinish
“Katta sakrash” bandlaridan biri metallurgiyani rivojlantirish edi. Biroq kompartiyada metall xususiyatlari va poʻlat ishlab chiqarish tamoyillari haqida bilim yetarli emas edi. Shuning uchun kommunalarga rudani gili pechlarda eritish, yoqilgʻi sifatida esa oʻtindan foydalanish taklif etildi. Natijada past sifatli choʻyan olinar, u qoʻshimcha ishlovsiz keng qoʻllash uchun yaroqsiz edi. Maoning ahmoqona gʻoyasi Xitoyga ulkan zarar yetkazdi. Muhandislar qishloqqa haydaldi. Dalalarda samarasi past choʻyan eritish zavodlari qurildi. Dehqonlar ularni ishlata olmadi. Keyinchalik ular qarovsiz qolib ketdi. Mehnat taqsimoti buzildi. Tovarlar yetkazib berish zanjiri va savdo tartiboti buzildi. Oʻtkir tovar hamda oziq-ovqat taqchilligi paydo boʻldi. Natijada qishloq xoʻjaligiga ajratiladigan vaqt va kuch kamayib, yerlar tashlandiq holga kelib qoldi.
Boshqaruv qarorlarini qabul qilishdagi professionallik yetishmasligi fojiali oqibatlarga olib keldi: 1959-1961 yillarda mamlakat eng ogʻir ocharchilikni boshdan kechirdi, uning natijasida 20-40 million kishi halok boʻldi.
Qishloq xoʻjaligidagi muvaffaqiyatsizlik
Yuqorida zikr etilgan xatolarga qoʻshimcha ravishda, Mao yana bir ahmoqona qarorini eʼlon qildi. Qishloq xoʻjaligi islohotlari doirasida chumchuqlarga qarshi kurash eʼlon qilindi. Goʻyoki chumchuqlar qirib yuborilsa, gʻalla hosili koʻpayadi deb oʻylashdi. Bolalar ham bu kommunistik bemaʼni kampaniyaga jalb etildi. Har bir ovlangan chumchuq uchun mukofot eʼlon qilindi. Lekin bu tadbirlar ekologik muvozanatning buzilishiga va hasharotlar sonining keskin koʻpayishiga olib keldi. Biroq hosildorlik koʻrsatkichlari partiya amaldorlari tomonidan sunʼiy ravishda oshirib koʻrsatilar edi. Aslida hosil kam ekani maʼlum boʻlgach, don dehqonlardan tortib olina boshlandi, bu esa yana ocharchilik va ommaviy oʻlimlarga sabab boʻldi.
“Katta sakrash” muvaffaqiyatsizlikka uchragandan soʻng partiya rahbariyatida ixtiloflar boshlandi. Sovet ittifoqi bilan munosabatlar yomonlashdi va Mao kompartiya saflarini oʻz raqiblaridan hamda Xitoyda kapitalizm gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlovchilardan tozalash maqsadida “madaniy inqilob”ni boshladi.
Partiya rahbarlarining bir qismi SSSR bilan aloqalarni tiklash va liberal islohotlar oʻtkazish tarafdori edi, biroq Mao inqilob gʻoyalariga qatʼiy ishonar va qattiq kommunizmni rivojlantirishni talab qilar edi. “Madaniy inqilob” ham siyosiy repressiya va iqtisodiyotning battar vayron boʻlishiga olib keldi.
Den Syaopin davrining boshlanishi
1976 yilda Mao Szedun vafot etgach, hokimiyatga Den Syaopin keldi. Aynan uning nomi “Xitoy iqtisodiy moʻʼjizasi” bilan bogʻliq. Den Syaopin Xitoy iqtisodiyoti oʻsishi uchun bir qator ishlarni amalga oshirdi. Eng avvalo, kommunistlarga xos noilmiy gʻoyalardan voz kechildi. Masalan, xususiy mulk va tadbirkorlikka qisman ruxsat berildi. Sekin-asta bozor iqtisodiyoti qonunlari ishga tushib, raqobat, sifat va samaradorlik orta bordi.
Xususan, dehqonlarga faqat kommunalar (SSSRdagi kolxozlar muqobili – muallif) uchun emas, oʻzlari uchun ham ishlashga ruxsat berildi. Bu tadbirkorlikning ilk unsurlarini yaratdi va mehnat taqsimotining samarasini oshirdi.
Shuningdek, kommunistlarga xos yana bir bemaʼni va zararli gʻoya – kommunist boʻlmaganlarni dushman deb hisoblash, butun dunyoga kommunizm illati urugʻlarini yoyish gʻoyasidan voz kechildi. Mao Szedun Xitoyning Gʻarb bilan munosabatlarini yaxshiladi. Britaniya va Portugaliya bilan kelishuvlar imzolandi, ularga koʻra ilgari Yevropa koloniyalari maqomiga ega boʻlgan Honkong va Makao Xitoy nazoratiga oʻtdi.
Den yuritgan bunday siyosat Xitoyni xorijiy investitsiyalar uchun ochdi. Mamlakat iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mablagʻ oldi, dunyo esa arzon ishchi kuchi bilan taʼminlandi.
Den aytganidek, “Oq mushukmi, qora mushukmi, farqi yoʻq, sichqon ovlasa boʻldi-da” degan soʻzlari uning kommunistik tuzumda ham kapitalizm gʻoyalaridan foydalanishga moyilligini taʼkidlaydi.
Bunday siyosat samarasini berdi, albatta. 1976 yilda Xitoy 6,9 mlrd dollarlik tovar eksport qilgan boʻlsa, 20 yil oʻtib, eksport hajmi 26 baravar oshib, 154,8 mlrd dollarga yetdi. 2021 yil yakunlariga koʻra esa Xitoy 3,5 trln dollarlik eksport hajmi bilan dunyodagi eng yirik eksportyorga aylandi. Bu 1976 yilga nisbatan 507 baravar koʻpdir.
Shu bilan birga iqtisodiyot tuzilmasi ham sezilarli darajada oʻzgardi. Xitoy eksporti tuzilmasi haqidagi maʼlumotlar faqat 1992 yildan mavjud, ammo ularning oʻziyoq manzarani koʻrsata oladi. Agar 1992 yilda eksportda eng katta ulushni kiyim-kechak va toʻqimachilik mahsulotlari egallagan boʻlsa, 2022 yil yakunlariga koʻra eksportning qariyb yarmi mashinasozlik va elektronika mahsulotlariga toʻgʻri keldi.
Iqtisodiy islohotlar Xitoyda turmush darajasini oshirdi va 2021 yilda Si Szinpin oʻta qashshoqlik ustidan gʻalaba qozonilganini eʼlon qildi. (Xitoyda oʻta qashshoqlik koʻsatkichi – yillikdaromad 620 AQSh dollaridan kam boʻlishidir). Agar 1978 yilda xitoyliklarning 82 foizi ushbu toifaga kirgan boʻlsa, 2020 yil yakunlariga koʻra oʻta qashshoqlar soni nolga tushdi.
Bugungi Xitoy
Soʻnggi 50 yil ichida Xitoy ocharchilikdan aziyat chekkan agrar mamlakatdan – dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga, eng katta jahon eksportyoriga va yangi texnologik tarmoqlarda yetakchi davlatga aylanish yoʻlini bosib oʻtdi.
1990 yilda Xitoy YaIMi 360,86 mlrd dollarga teng edi, 2023 yil yakunlariga koʻra esa 17,8 trln dollardan oshdi – 33 yil ichida mamlakat iqtisodiyoti 49 baravar oʻsdi. Shu davrda AQSh YaIMi 4,5 baravarga – 5,96 trln dollardan 27,4 trln dollargacha oʻsdi.
Taʼlim darajasi boʻyicha mamlakatlar reytingida Xitoy 2024 yilda 13-oʻringa koʻtarildi. 1982 yilda Xitoyda 15 yosh va undan katta aholi orasida savodxonlar ulushi 66% boʻlgan boʻlsa, 2018 yilga kelib bu koʻrsatkich 97 foizga yetdi.
Shuningdek, Xitoy byudjetida fan sohasiga mablagʻ oqimi oshib bormoqda. 1996 yilda hukumat tadqiqotlar va ishlanmalarga YaIMning 0,56%ini sarflagan boʻlsa, 2020 yilga kelib bu koʻrsatkich 2,4 foizga yetdi. 2015-2023 yillar oraligʻida Xitoyda fanga sarflanadigan xarajatlar oʻrtacha yiliga 14%ga oʻsdi. Natijada, koʻplab texnologik sohalarda patentlar soni boʻyicha Xitoy allaqachon AQShni ortda qoldirdi yoki unga yetib olmoqda.
Xitoyning BYD (Build Your Dreams) kompaniyasi 2025 yil yakunlariga koʻra elektromobillar ishlab chiqarish va sotish boʻyicha jahon yetakchisiga aylanib, amerikalik Tesla’ni ortda qoldirdi. BYD bozorga 2,26 milliondan ortiq elektromobil yetkazib berib, barqaror oʻsishni namoyon etdi, shu bilan birga Tesla’ning sotuvlari 9 foizga pasayib, taxminan 1,64 million donaga tushdi. Xitoy avtomobil sanoati modellar xilma-xilligi va raqobatbardosh narxlar hisobiga yanada yuqori oʻsish surʼatlarini koʻrsatmoqda.
Xitoy yangi texnologiyalar va energetika rivojiga ham katta eʼtibor qaratmoqda. U “yashil” energetikada qoʻllaniladigan metallarni qazib olish va qayta ishlash sohasida yetakchi oʻrinlarni egalladi. Maʼlumot uchun, Xitoy batareyalar ishlab chiqarishda foydalaniladigan litiy, kobalt va nikelni qayta ishlashning 40-80%ini nazorat qiladi.
Nodir yer metallarini qazib olishda Xitoy jahon ishlab chiqarishi diagrammasida barqaror 60 foizlik ulushga ega. Hatto kobalt qazib olishda Demokratik Kongo Respublikasi dunyoda yetakchi boʻlsa-da, Kongodagi eng yirik kobalt konlari ham Xitoy kompaniyalari nazorati ostida.
Mikrochiplar sohasida yetakchilik
Bugungi Xitoy yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarishda ham yetakchilikni qoʻlga kiritmoqda. Agar 1990 yilda mamlakatda umuman yarimoʻtkazgich sanoati mavjud boʻlmagan boʻlsa, 2021 yilga kelib, Xitoy global chiplar ishlab chiqarish bozorining 15 foizini egalladi. Prognozlarga koʻra, 2030 yilga borib bu ulush 24 foizgacha oʻsadi. Bu esa XXRni dunyodagi eng yirik yarimoʻtkazgich ishlab chiqaruvchiga aylantiradi.
10 yil oldin taqdim etilgan “Xitoyda ishlab chiqarilgan – 2025” davlat dasturi Xitoyning eng muhim texnologik sohalarda – batareyalarva elektromobillar ishlab chiqarishdan tortib, yuqori tezlikdagi temir yoʻllarni loyihalash va samolyotlar qurishgacha boʻlgan sohalarda yetakchi oʻrinlarni egallashini nazarda tutadi.
Gʻarb davlatlari jahon texnologiya bozoridagi ulushini Xitoyga boy berayotgani uchun uni tiyib turishga urinyapti, albatta. Xususan, 2022 yil oktabrida AQSh XXRga eng zamonaviy chiplar va ularni ishlab chiqarish uchun zarur uskunalar yetkazib berishni taqiqlovchi eksport nazoratini joriy qildi.
Biroq bu Xitoyga uskunalarni uchinchi mamlakatlar orqali sotib olish va oʻz ishlab chiqarishini rivojlantirishga toʻsqinlik qilmayapti. 2024 yilga kelib, Xitoy sunʼiy intellekt uchun Nvidia’ning eng yangi avlod chiplari hamda chiplar ishlab chiqarish uchun Niderlandiyaning ASML kompaniyasiga tegishli litografiya mashinalarining rekord miqdorini jamladi.
Aslini olganda AQSh va Xitoy oʻrtasidagi “mikrochiplar urushi” – bu 2018-2022 yillarda boshlangan va Xitoyni AQShning asosiy raqibi sifatida koʻrayotgan Donald Tramp maʼmuriyati 2025-2026 yillarda yanada avj oldirgan oʻtkir texnologik va iqtisodiy qarama-qarshilikdir. AQSh XXRda sunʼiy intellekt va harbiy salohiyat rivojini cheklash maqsadida ilgʻor chiplar va uskunalar yetkazib berishni cheklamoqda. AQSh Xitoyga sunʼiy intellekt uchun moʻljallangan yuqori unumdorlikka ega chiplar hamda ularni ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan uskunalar eksportini taqiqladi, bu cheklovlarga ittifoqchilari Yaponiya va Niderlandiyani ham jalb qildi. 2025 yilda cheklovlar yanada kuchaytirildi, biroq ayrim turdagi chiplarni yetkazib berish uchun baʼzan ruxsatnomalar berilmoqda. Shuningdek, AQSh ishlab chiqarishini Xitoyga koʻchirgan Amerika kompaniyalarini “vataniga” qaytishga targʻib qilyapti.
Xitoy esa bunga javoban tekshiruvlar oʻtkazish, oʻz ishlab chiqarishiga investitsiya kiritish hamda yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan nodir yer metallarining eksportiga cheklovlar joriy etish orqali javob qaytarmoqda.
Shuningdek, mustaqil yarimoʻtkazgich sanoatini yaratishga faol investitsiya kiritmoqda va yuqori malakali mutaxassislarni jalb etmoqda. Xitoy amerikalik chip ishlab chiqaruvchilarga qarshi antidemping tekshiruvlarini boshladi hamda yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarishda muhim boʻlgan nodir yer metallarining eksportini chekladi.
Huawei va Alibaba kabi xitoy kompaniyalari AQShga qaramlikni kamaytirish maqsadida Gʻarb texnologiyalariga muqobil boʻlgan oʻz yechimlarini faol ishlab chiqmoqda.
AQSh va Xitoy oʻrtasidagi keskinlikning ortishi komponentlar narxining oʻsishiga (masalan, galliy va ittriy narxlarining koʻtarilishiga) olib keldi va jahon sanoati taʼminot zanjirlarini qayta tashkil etishga majbur qilyapti. Masalan, 2025 yilda Xitoy Nvidia kompaniyasiga qarshi tekshiruv oʻtkazib, uni monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzganlikda aybladi.
Ushbu ziddiyat XXI asrda texnologik ustunlik uchun olib borilayotgan kurash sifatida qaralmoqda boʻlib, u sunʼiy intellekt, superkompyuterlar va zamonaviy qurol-yarogʻ sohalarini qamrab oladi.
MUVAFFAQIYaT SIRLARI
Arzon ishchi kuchi va demografik omil
1980-2000-yillarda Xitoy ulkan aholi va arzon ishchi kuchi zaxirasiga ega edi. 1990-yillarda sanoatda ishlaydigan xitoylik ishchining oʻrtacha oylik maoshi AQSh va Gʻarbiy Yevropaga nisbatan 10-20 barobar past boʻlgan. Shu bilan birga, davlat bazaviy taʼlimga faol sarmoya kiritib, ommaviy, intizomli va tez oʻqitiladigan ishchi kuchini shakllantirdi. Bu Xitoyni toʻqimachilik va poyabzaldan tortib elektronika va maishiy texnikagacha boʻlgan mehnattalab ishlab chiqarishlar uchun ideal maydonga aylantirdi.
Mineral resurslar va xomashyo ustidan nazorat
Xitoy strategik ahamiyatga ega mineral resurslarning katta zaxiralariga ega boʻlib, xomashyo yetkazib berish zanjirlari ustidan nazoratni yoʻlga qoʻydi. Xususan, jahon miqyosida nodir yer metallarini qayta ishlashning 60 foizdan ortigʻini nazoratiga oldi. Litiy, kobalt va grafitni qayta ishlashda ustun mavqega erishdi. Xomashyo qazib olish va qayta ishlashga kuchli davlat qoʻllab-quvvatlovini yoʻlga qoʻydi. Xitoy nafaqat oʻz zaminidagi yerosti boyliklari, balki Osiyo va Afrikadagi hamda Rossiyadagi tabiat boyliklarini qazib olish va qayta ishlashni ham oʻz qoʻliga oldi.
Xitoy oʻz nodir metallarini shunchaki sotmadi, balki qulay narx va arzon ishchi kuchi evaziga elektronika, avtomobilsozlik va “yashil” energetika sohalaridagi gʻarb kompaniyalarini oʻz ishlab chiqarishini aynan Xitoyga koʻchirishga majbur qila oldi.
Tan olish kerak, Xitoydagi arzon ishchi kuchiga sabablar – nafaqat moddiy vaziyat, balki Gʻarbda yoʻq omillar – ishchilarning ijtimoiy himoyasi, kasaba uyushmalari kabi “serxarajat toʻsiqlar”ning yoʻqligi ham Gʻarbdagi kompaniyalarni Xitoyga koʻchib oʻtishga undadi. Zero Xitoyda gibrid bozor iqtisodiyoti – avtoritar aralashuvni istisno etmaydigan iqtisodiyot sifatida jozibador edi. Yaʼni, boshliq aytsa kifoya, u bilan munozara qilish va sudlashuvdan foyda yoʻq edi.
Investitsiya shart-sharoitlari va maxsus iqtisodiy zonalar
Taʼkidlash kerak, Xitoy xorijiy investorlar uchun oʻta qulay muhit yaratdi. Jumladan, Shenchjen, Chjuxay va Syamenda maxsus iqtisodiy zonalar yaratdi. Soliq imtiyozlari va bojxona toʻlovlaridan ozod qilish kabi jozibador sharoit yaratildi. Arzon yer va rivojlangan infratuzilma taklif etildi. Faoliyatning boshlanishida esa davlat tomonidan minimal tartibga solish (deyarli aralashmaslik) siyosati qoʻllanildi.
Natijada Apple, Nike, Adidas, Volkswagen, General Motors, Samsung, Intel, Foxconn va minglab boshqa kompaniyalar Xitoyga kirib keldi. 2010-yillarga kelib, Xitoy rivojlanayotgan davlatlar orasida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar boʻyicha dunyoda yetakchiga aylandi.
“Oʻrganamiz, koʻchirib olamiz va yaxshilaymiz” modeli
Boshlangʻich bosqichda Xitoy OEM-ishlab chiqaruvchi sifatida – gʻarb brendlari uchun mahsulot ishlab chiqardi.
Maʼlumot uchun: Xitoylik OEM-ishlab chiqaruvchi (Original Equipment Manufacturer) – bu buyurtmachining qoliplari yoki chizmalari asosida mahsulot ishlab chiqaradigan va keyinchalik uni buyurtmachining brendi bilan tamgʻalaydigan fabrikadir. Bu jarayon tayyor mahsulotlarni brendlash (logotip qoʻyish, qadoqlash), rang yoki materiallarni oʻzgartirish imkonini beradi hamda XXR ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalaniladi. OEM-ishlab chiqarish – oʻz fabrikasini qurmasdan turib, oʻz mahsulotini bozorga chiqarishning tejamkor usulidir.
Biroq davlat siyosati faqat mahsulotlarni yigʻib berish bilan cheklanib qolmasdan, texnologiyalar transferi, ishlab chiqarishni lokallashtirish va kadrlar tayyorlashni ham oʻz ichiga oldi.
Vaqt oʻtishi bilan Xitoy kompaniyalari ishlab chiqarish jarayonlarini puxta oʻzlashtirdi. Gʻarbona sifat standartlarini qabul qildi, oʻz taʼminot zanjirlarini shakllantirdi va muhandislik va dizayn maktablarini yaratdi.
Natijada Huawei, Lenovo, Xiaomi, BYD, Haier, Geely, Chery, DJI kabi brendlar paydo boʻlib, ular avval gʻarb kompaniyalari uchun mahsulot ishlab chiqargan boʻlsa, keyin esa oʻz nomlari va dizayni bilan jahon bozorlariga chiqdi. Qayd etish joiz, Xitoydagi mashhur avtomobil brendlarining dizaynerlari – bir paytlari Gʻarbning mashhur avtozavodlarida ishlagan tajribali dizaynerlardir.
Tannarxni pasaytirish
Xitoyning dunyoni zabt etish strategiyalaridan yana biri – mahsulot tannarxini keskin kamaytirishga erishgani boʻldi. Koʻplab, ommaviy ishlab chiqarish (tovar koʻpligi bois, arzimagan ustama qoʻyib ham yaxshi foyda olish), vertikal integratsiya (xomashyodan qadoqlashgacha boʻlgan barcha bosqichlarning mamlakat ichida amalga oshirilishi), logistika, energetika va kreditlash sohasida davlat koʻmagi, ichki ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi kuchli raqobat bunday ustunlikka sabab boʻldi.
Natijada xitoy tovarlari gʻarb analoglariga nisbatan 20-40 foiz arzon boʻldi, ayrim segmentlarda esa sifat saqlangan holda bir necha barobar arzon taklif etildi. Bu Xitoyga, avvalo, rivojlanayotgan davlatlarda, keyin esa Yevropa va AQSh bozorlarida faol ravishda ulush egallash imkonini berdi.
Tashqi bozorlarni zabt etish maqsadida, ishlab chiqarish va eksportni ragʻbatlantirish uchun Xitoydagi ishlab chiqaruvchilar davlat subsidiyalaridan va imtiyozli kerditlardan faol foydalanadi. Bu esa jahon bozorlarida dempingga (yaʼni mahsulotni oʻz tannarxidan past narxlarda sotib, boshqa brendlarni sindirishga) olib keladi. Asosiy misollar qatoriga elektromobillar, quyosh panellari va poʻlat ishlab chiqarish kiradi: subsidiyalar hisobiga kompaniyalar narxlarni pasaytirib, AQSh va Yevropa Ittifoqidagi raqobatchilarni bozordan siqib chiqaradi.
Masalan, Xitoyda 2022 yil oxirigacha amal qilgan davlat subsidiyalari dasturi va imtiyozlar ishlab chiqaruvchilarga, masalan, BYD’ga tannarxni sezilarli darajada pasaytirish va Yevropa analoglariga nisbatan arzon narxlarni taklif qilish imkonini berdi. Bu holat tufayli 2024 yilda Kanada va AQSh elektromobillarga 100% boj joriy qildi.
Yoki boʻlmasa, Xitoy quyosh panellari ishlab chiqaruvchilarini ham subsidiyalaydi, bu esa taklif hajmining keskin oshishiga va jahon bozorida narxlarning tushishiga olib keldi, natijada boshqa mamlakatlar ishlab chiqargan quyosh panellari raqobatbardoshligini yoʻqotdi.
Shuningdek, subsidiyalar va ortiqcha ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash Xitoyga poʻlat ortiqchalarini juda past narxlarda eksport qilish imkonini bermoqda, bu esa Yevropa Ittifoqi va AQSh bozorlarida dempingga sabab boʻlmoqda.
Farmatsevtika va kimyo sanoati sohalariga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlash ustunlikka erishishga qaratilgan boʻlib, koʻp hollarda eksport narxlarini pasaytirish orqali amalga oshiriladi, bu esa boshqa mamlakatlardagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni inqirozga uchratadi.
Subsidiyalar koʻpincha soliq imtiyozlari, davlat banklari tomonidan berilgan arzon kreditlar va ishlab chiqarishni toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirishni oʻz ichiga oladi. Ayniqsa, eksport ulushi yuqori boʻlgan kompaniyalar bu imkoniyatlardan keng foydalanmoqda.
Yakuniy xulosa
Qisqa qilib aytganda, Xitoy muvaffaqiyati – bu shunchaki “arzon ishchi kuchi” emas, balki gʻarb kapitalini jalb etish, texnologiyalarni oʻzlashtirish, ichki bozorni himoya qilish, ishlab chiqarishni kengaytirish va bosqichma-bosqich oʻz brendlariga oʻtishdan iborat tizimli strategiya natijasidir. Xitoy past tannarx va davlat rejalashtirishidan foydalanib, globallashuvni oʻz qudratini oshirish vositasiga aylantira oldi va dunyoning asosiy iqtisodiy markazlaridan biriga aylandi.
Xitoy 2000-yillarda asosan past narx bilan raqobat qilgan boʻlsa, 2020-yillarga kelib texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish tezligi borasida raqobatga kirishdi. Elektromobillar, akkumulyatorlar, telekommunikatsiya va dronlar kabi qator sohalarda xitoy kompaniyalari allaqachon jahon standartlarini belgilamoqda.
Abulfayz Sayidasqarov