1 fevraldan Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi?
"Ijtimoiy himoya yagona reyestri" va Kambagʻal oilalar reyestri negizida Yagona ijtimoiy reyestr ish boshlaydi. Ayrim oilalar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi.

2026 yil 1 fevraldan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar taqdim etildi.
Aholi tashabbusli loyiha qiymatining 50 foizini moliyalashtirishda ishtirok etgan taqdirda, qolgan qismi respublika byudjeti hisobidan qoplanadi. Bunday loyihalar avtomatik ravishda gʻolib deb topiladi.
"Yoshlarning yagona elektron platformasi" axborot tizimi ishga tushirilmoqda, uning vazifalari orasida yoshlarning qiziqishlarini aniqlash boʻyicha ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish, yoshlar uchun amaldagi imtiyozlar, preferensiyalar va imkoniyatlar toʻgʻrisida maʼlumot berish kiradi.
"Yoshlar daftari" doirasida ijtimoiy yordam olish uchun ariza berish va koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qaror qabul qilish bilan bogʻliq barcha maʼmuriy tartib-taomillar "Yoshlar yagona elektron platformasi" orqali amalga oshiriladi.
"Ijtimoiy himoya yagona reyestri" va Kambagʻal oilalar reyestri negizida Yagona ijtimoiy reyestr ish boshlaydi. U "Yagona milliy ijtimoiy himoya" ATda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanadigan oilalarni (shaxslarni) aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini baholash uchun yuritiladi.
"Davlat taʼminotidagi oila" toifasiga kiritilgan oilalar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi.
Oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarini belgilash va chiqarib tashlash bilan bogʻliq nizolarni tezkor hal etish uchun tuman (shahar) hokimliklari huzurida Apellyatsiya kengashi tashkil etiladi.
Zoʻravonlik oqibatida oiladan ajratib olingan, oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi.
Xorijlik fuqarolarga ilgari sotib olgan tovarlar uchun Oʻzbekiston hududidan chiqib ketayotganda toʻlangan QQS summasini qaytarish ularning xohishiga koʻra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin.
Jismoniy shaxslarga ID-kartani dastlabki rasmiylashtirishda uning chipiga kiritiladigan ERI sertifikatini berish bepul amalga oshiriladi.
"A" va "B" toifali haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlar haydovchilarni majburiy tayyorlash dasturining nazariy qismini mustaqil ravishda oʻrganishlari mumkin boʻladi.
Prezidentning 23.12.2022 yildagi PQ-452-son qarori bilan berilgan chegirmalardan foydalanadigan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subʼektlari uchun qoʻshimcha talablar belgilandi.
"Kitob – maʼrifat manbai" dasturi boshlanadi, davlat organlarining kitob va kitobxonlik madaniyati haqidagi reklamalari ijtimoiy reklama sifatida eʼtirof etiladi.
Tashuvchilar tuman markazlarini olis hududlar bilan bogʻlovchi norentabel muntazam mikroavtobus yoʻnalishlarining zararlarini qoplash uchun YaIDXPga arizalar taqdim etadilar. Arizalar "OʻzTrans" tomonidan koʻrib chiqiladi, ushbu xizmat uchun toʻlov undirilmaydi.
2022 yil 15 oktabrdagi 603-son VMQ talablariga muvofiq beriladigan seysmiklik boʻyicha ilmiy xulosa uchun toʻlov miqdori 50 foizga kamaytiriladi va bir turkumdagi obʼektlar boʻyicha ilmiy xulosalar faqat bir marta beriladi.
Umumiy ogʻirligi 44 tonnadan ortiq boʻlgan yuk avtomobillari, maxsus transport vositalari, yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan yoʻnalishsiz taksilar, antiqa avtomototransport vositalari uchun alohida seriyali davlat raqamlari joriy etilmoqda.
50 yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta roʻyxatdan oʻtkazish taqiqlanadi, bunday transport vositalari davlat reyestridan chiqariladi.
Kam taʼminlangan oilalar reyestriga kiritilgan yoshlar davlat bilan qoʻshimcha moddiy yordam va imtiyozlarni nazarda tutuvchi ijtimoiy shartnoma tuzishi mumkin boʻladi.
Lex.uz orqali "aqlli targʻibot" shaklidagi "proaktiv qonunchilik" tamoyili joriy etilib, tadbirkorlik subʼektlari va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning soliq.uz tizimidagi shaxsiy kabinetiga ularning faoliyat turiga oid yangi NHH toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuborish nazarda tutilmoqda.
NKMK va OKMK tomonidan ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallarni birja savdolarida tadbirkorlik subʼektlariga sotishda chegirma berish tugatiladi.
Aholini roʻyxatga olish tadbiri 2026 yil 28 fevralda yakunlanadi.