“Yagona buyurtmachi xizmati” direktori oʻrinbosari va ekologiya boʻlimi boshligʻi ushlandi
Namanganda esa hokim yordamchisi 90 sotix yer maydonini kelgusida toʻyxona qurish uchun olib berish va tegishli hujjatlarini tayyorlash evaziga 4,5 ming dollar olgan.

Toshkent va Namangan viloyatlarida korrupsion holatlar fosh etildi.
Toshkent viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi direktori oʻrinbosari oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali shartnoma qiymati 2 mlrd 73 mln soʻm boʻlgan obʼektni kapital taʼmirlash boʻyicha gʻolib boʻlgan pudratchi tashkilot hisob raqamiga boʻnak sifatida 1,1 mlrd. soʻm mablagʻ oʻtkazib berganligi evaziga muqaddam MChJ rahbaridan tamagirlik yoʻli bilan 2 ming AQSh dollari oladi.
Shuningdek, u jinoiy harakatini takroran davom ettirib, pudratchi tashkilot tomonidan qurilish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmaganligi sababli, undan 643 mln 530 ming soʻm penya undirish boʻyicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan daʼvo arizasidan voz kechish orqali MChJ foydasiga ajrim chiqartirib bergani evaziga 5 ming AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tumanlardan biridagi boʻlimi boshligʻi 1990 y.t. fuqaro tomonidan oʻzi istiqomat qiluvchi uyning koʻcha qismida qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadida koʻp yillik daraxtlarni kesib tashlashi uchun ruxsat berish evaziga 3 ming AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur rahbar xodimga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Namangan viloyatida kuzatilgan holatda esa Pop tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan biridagi hokim yordamchisi davlat zaxirasidagi 90 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan shaxsga kelgusida toʻyxona qurishi uchun olib berish va tegishli hujjatlarini tayyorlatib berish evaziga 2025 yilda 4500 AQSh dollari oladi.
Ammo, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi vaʼda qilingan ishni bitira olmagach, 4500 AQSh dollari hisobidan 1 mln 200 ming soʻmni qaytarib bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Department xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.