platina.uz
Jahon

Xitoyda yirik firibgarlik tarmogʻining 11 aʼzosi qatl etildi

Ming oilasi Shimoliy Myanmada zarari milliardlab dollarni tashkil etuvchi internet firibgarligi, odam savdosi va zoʻravonlik bilan shugʻullangan. 

Xitoyda yirik firibgarlik tarmogʻining 11 aʼzosi qatl etildi

Xitoy Myanmadagi yirik firibgarlik tarmoqlariga zarba berdi: Ming oilasining 11 aʼzosi qatl etildi.

Xitoy hukumati Shimoliy Myanmada milliardlab dollarlik internet firibgarligi, odam savdosi va zoʻravonlik bilan shugʻullangan Ming oilasi jinoyat sindikatining 11 nafar aʼzosini qatl etdi. Pekin bu chorani mintaqadagi firibgarlik va noqonuniy faoliyatga qarshi keskin kurash doirasida amalga oshirilganini bildirdi.

Ming oilasi Shimoliy Myanmadagi “toʻrt oila” deb atalgan jinoiy klanlardan biri boʻlib, ular internet firibgarligi, fohishabozlik va giyohvand moddalar ishlab chiqarish bilan shugʻullangan yuzlab majmualarni boshqarganlikda ayblangan.

Guruh aʼzolari Myanmaning hukmron harbiy xuntasi bilan bogʻliq mahalliy hokimiyat va qurolli tuzilmalarida yuqori lavozimlarni egallab kelgan.

Xitoyning Sinxua axborot agentligi xabariga koʻra, qatl etilgan 11 kishi sentabr oyida qotillik, noqonuniy hibsda saqlash va firibgarlik kabi jinoyatlarda aybdor deb topilib, oʻlim jazosiga hukm qilingan.

Ikki nafar sudlanuvchi apellyatsiya bergan va ish Xitoyning eng oliy sud instansiyasi — Oliy xalq sudiga oshirilgan. Xinhuaga koʻra, sud dastlabki hukmni oʻz kuchida qoldirgan.

Kokang poytaxti Laukkaing huquq-tartibot sust boʻlgan Myanmaning ayrim hududlarida shakllangan milliardlab dollarlik firibgarlik sanoatining markazi boʻlgan. Bu yerda odam savdosi orqali olib kelingan ishchilar murakkab onlayn sxemalar yordamida begonalarni aldashga majbur qilingan.

Firibgarlik markazlarida ishlashga majburlangan shaxslarning qarindoshlari tomonidan yillar davomida shikoyatlar boʻlishi va xalqaro OAV eʼtiborining kuchayishi ortidan Pekin 2023 yilda ushbu majmualarga qarshi keskin choralar koʻrdi.

2023 yilning noyabrida Xitoy rasmiylari oila aʼzolariga nisbatan firibgarlik, qotillik va odam savdosi ayblovlari bilan qidiruv eʼlon qildi hamda ularni qoʻlga olish uchun 14 mingdan 70 ming dollargacha mukofot belgilangan edi.

Xitoy davlat OAVlari xabariga koʻra, ilgari Myanma shtat parlamenti aʼzosi boʻlib ishlagan Ming Xuechang keyinchalik hibsda boʻlgan paytida oʻz joniga qasd qilgan.

2023 yil oktabr oyida sodir boʻlgan voqealardan birida guruh aʼzolari firibgarlik majmuasida odamlarga qarata oʻq uzishi oqibatida toʻrt kishi halok boʻlgan.

AQSh Kongressi tomonidan tashkil etilgan United States Institute of Peace maʼlumotlariga koʻra, Janubi-Sharqiy Osiyodagi firibgarlik guruhlari yiliga 43 milliard dollardan ortiq mablagʻni oʻgʻirlaydi.

Qatl masalasiga izoh berar ekan, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Pekin qimor oʻyinlari va firibgarlik balosini butunlay yoʻq qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirishda davom etishini bildirdi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid