platina.uz
Tahlil

Uy-joy xaridida aldanib qolmaslik uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

Aslida bozorda bunday “juda noyob” takliflar deyarli boʻlmaydi. Agar taklif haddan tashqari yaxshi koʻrinsa, albatta, shubha qilish kerak, deydi mutaxassis.

Uy-joy xaridida aldanib qolmaslik uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?
Fotokollaj: Platina.uz

Mamlakatimizda oxirgi yillarda yangi turar joy majmualari qurilishi koʻpaydi, bozorda takliflar yetarli. Biroq tanlov koʻp boʻlgani sari xavf va xavotirlar ham ortyapti – ayrim fuqarolar firibgar quruvchilar yoki notoʻgʻri reklama qurboniga aylanmoqda.Xoʻsh, koʻchmas mulk xarid qilishda nimalarga eʼtibor berish kerak?

Ishon, ammo tekshir!

Oʻzbekistonda koʻchmas mulk boʻyicha sertifikatlangan va tajribali mutaxassis Goodland property kompaniyasi rahbari Sardor Usmanovning aytishicha, xaridorlar eng koʻp qiladigan xato – qarorni hissiyot asosida qabul qilishdir.

“Aksariyat holatlarda mijozlar xonadon xarid qilayotganda hissiyotga beriladi. Firibgar quruvchilar juda jozibador takliflar va reklama kampaniyalari bilan ishlaydi. Aslida bozorda bunday “juda noyob” takliflar deyarli boʻlmaydi. Agar taklif haddan tashqari yaxshi koʻrinsa, albatta, shubha qilish kerak”, – deydi Sardor Usmanov.

Ekspertga koʻra, aynan shu paytda xaridor quruvchining tajribasi, faoliyat tarixi va huquqiy hujjatlarini tekshirishni unutib qoʻyadi.

Quruvchining qonuniyligi qanday tekshiriladi?

Qurilishning qonuniyligini tekshirishda eng muhim hujjatlardan biri – Davlat arxitektura-qurilish nazorati (DAQN) organida obʼektning roʻyxatdan oʻtkazilganidir. Ushbu roʻyxatdan oʻtkazish qurilish loyihasi tasdiqlanib, davlat ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan soʻng amalga oshiriladi va qurilish ishlarini boshlash uchun majburiy hisoblanadi.

Shuningdek, davlat ekspertizasi xulosasi ham alohida ahamiyatga ega. Mazkur hujjatda loyihaning asosiy parametrlari – binolarning qavatliligi, texnik va meʼmoriy koʻrsatkichlari hamda amaldagi shaharsozlik meʼyorlariga muvofiqligi aks ettiriladi. Ekspertizaning ijobiy xulosasisiz obʼektni DAQNda roʻyxatdan oʻtkazish mumkin emas.

Qurilish obʼektlari haqida qoʻshimcha maʼlumotlarni rasmiy davlat portallari orqali ham tekshirish mumkin. Xususan, ushbu platformalarda qurilishning boshlanish va yakunlanish muddatlari, quruvchi tashkilot, taʼsischilar, nizom fondi va boshqa ochiq maʼlumotlar joylashtiriladi:

https://monitoring.mc.uz/objects

https://open-data.mc.uz/

https://nazorat.mc.uz/

https://dshk.shaffofqurilish.uz/

Ushbu manbalar fuqarolarga qurilish loyihalari boʻyicha ochiq va shaffof axborot olish imkonini beradi hamda qaror qabul qilishda muhim yordamchi vosita hisoblanadi.

Qurilish kompaniyasi va obʼektning qonuniyligini tekshirish bir nechta bosqichda amalga oshirilishi mumkin. Avvalo, davlat xizmatlari portali orqali ochiq reyestrlardan foydalanib, kompaniya haqida umumiy maʼlumot olish tavsiya etiladi. Xususan, qurilish kompaniyasining STIR raqami orqali uning davlat roʻyxatidan oʻtgan-oʻtmagani va huquqiy maqomi tekshiriladi.

Shundan soʻng, yer uchastkasining kadastr raqami mavjud boʻlsa, uni davreestr.uz platformasi orqali tekshirish mumkin. Bu yerda yer va binolarning kimga tegishli ekani, qaysi yuridik shaxs nomiga rasmiylashtirilgani hamda mulkiy huquq turlari aks etadi.

Qurilish ishlari uchun berilgan ruxsatnomalarning amal qilish muddatiga ham eʼtibor qaratish lozim. Odatda bunday ruxsatnomalar maʼlum muddatga beriladi va ularning amal qilish sanasi muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, my.soliq.uz portali orqali qurilish kompaniyasining soliq holati, faolligi va moliyaviy intizomi haqida ochiq maʼlumot olish mumkin.

Shunindek, fuqarolar quruvchi yoki obʼektning qonuniyligi xususida shubha tugʻilsa yoxud kompaniya hujjatlarni taqdim etishni paysalga solsa, Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmatining poytaxtuz_bot rasmiy botiga murojaat qilib, koʻchmas mulkning huquqiy holati haqida maʼlumot olishlari mumkin.

Shartnoma – eng muhim hujjat

Ekspert shartnomani imzolashda shoshilmaslikni qatʼiy tavsiya qiladi.

“Shartnomani albatta diqqat bilan oʻqish kerak. Agar tushunarsiz joylari boʻlsa, yuristga koʻrsatish kerak. Yurist kelajakda muammo keltirib chiqaradigan bandlarni oldindan koʻrsatib beradi”, – deydi u.

Ekspertning fikriga koʻra, ayrim hollarda qurilish talablarga javob bermagani uchun toʻxtatilgan boʻladi, lekin sotuv boʻlimi ishlashda davom etaveradi. Yoki quruvchi 7 qavatga ruxsat olib, amalda 10 qavatli uy qurib sotadi, natijada keyin kadastr hujjatlarini olish imkoni boʻlmaydi.

Eskrou-hisob joriy etilishining oqibatlari

Uy-joy xarid qilishda eskrou-hisob – bu xaridor xonadon uchun toʻlaydigan mablagʻni joylashtiradigan maxsus bank hisobidir. 2025 yil 1 iyuldan boshlab Oʻzbekistonda ulushli qurilish uchun eskrou-hisoblar joriy etilgan va 2026 yil 1 yanvardan ular majburiy tartibda qoʻllanilishi belgilangan.

Bu tizimning ishlash mexanizmi oddiy: Avval xaridor shartnomani imzolaydi va mablagʻni eskrou-hisobga oʻtkazadi. Bank mablagʻni muzlatadi va vositachi sifatida ishtirok etadi. Obʼekt foydalanishga topshirilib, mulk huquqi roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng, bank mablagʻni quruvchiga oʻtkazadi. Agar qurilish toʻxtab qolsa yoki quruvchi bankrot boʻlsa, pul ulush toʻlagan mijozga qaytariladi. Shu tariqa, bu sxema har ikki tomonni himoya qiladi: quruvchi mablagʻ mavjudligidan xotirjam boʻladi, xaridor esa pulini yoʻqotmasligiga kafolat oladi.

Lekin ekskrou-hisob tizimining ijobiy tomonlariga qaramay, ayrim salbiy jihatlar ham mavjud. Avvalo uy-joylar narxi koʻtariladi. Banklar quruvchilarga foiz evaziga kredit beradi va bu xarajatlar oxir-oqibat uy-joy narxiga qoʻshiladi. Shuningdek, prognozlarga koʻra, eskrou-hisoblar joriy etilishi uy-joy qiymatini 5-15 foizga oshirishi mumkin. Rossiyada esa bu tizim joriy etilgach, narxlar 30 foizgacha oshgan.

Qolaversa, kichik kompaniyalar kredit moliyalashtirishni ololmasligi sabab bozordan chiqib ketishi mumkin. Shuningdek, jahon amaliyotida eskrou-hisoblardagi depozitlar maʼlum bir summa doirasida sugʻurtalash bilan himoyalanadi. Oʻzbekistonda ham shunga oʻxshash mexanizm muhokama qilinmoqda, ammo kafolat cheksiz boʻlmaydi.

Bu mexanizm bozorda shaffoflik va ishonchni oshirsa-da, iqtisodiy oqibatlari ham bor.

“Xalqaro tajribaga qarasak, eskrou-hisoblar ayrim holatlarda uy-joy narxlarining oshishiga olib kelgan. Shuningdek, kichik quruvchi kompaniyalar bozordan chiqib ketishi mumkin”, – deydi ekspert.

Yangi uy olgan maʼqulmi yoki eski uy?

Mutaxassis bu savolga aniq javob beradi – yangi uy maʼqul.

“Hozirgi eski uylarning koʻpchiligi 1970-yillarda qurilgan. Ularning kamida 70 yillik “umri” oʻtib boʻlgan. Bu uylarda kelajakda farzandlaringiz ham yashashini hisobga olishingiz kerak”, – deydi ekspert.

Yangi uylarning afzalliklari koʻp: zamonaviy infratuzilma, avtoturargoh, yangi quvurlar, liftlar, obodonlashtirilgan hudud. Eski uylarda esa parking (avtoturargoh) eng katta muammolardan biri.

Yangi uylarning yagona kamchiligi – dastlabki 1-2 yilda taʼmir ishlari sababli shovqin boʻlishi.

“Lekin bu vaqtinchalik. Keyin hamma joylashib oladi va qulogʻingiz tinchiydi”, – deydi u.

Shuningdek, yangi uylarni xarid qilish osonroq: ipoteka foizlari birlamchi bozorda pastroq (17-18%), muddatli va hatto foizsiz muddatli toʻlov imkoniyatlari mavjud. Ikkilamchi bozorda esa 24-26 foiz.

Bundan tashqari, “yangi uylar sifatsiz va omonat qurilyapti” degan gaplar ham asossiz. Shahar bedarvoza emas, hamma hujjatlar va jarayonlar nazorat ostida boʻladi.

Xulosa

Mutaxassisning taʼkidlashicha, uy-joy xaridida eng muhimi – shoshmaslik, hujjatlar va shartnomadagi shartlarni tekshirish va professional maslahat olishdir. Ana shunda koʻchmas mulk xaridi ortiqcha xavotirlarsiz, xotirjamlik bilan amalga oshadi.

“Agar xaridorlar asosiy jihatlarni unutmasa, uy-joy sotib olish ular uchun muammo emas, balki quvonchli voqeaga aylanadi”, – deya xulosa qiladi ekspert Sardor Usmanov.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid