Toshkentda odamlardan qoʻrqitish, kaltaklash va zoʻravonlik evaziga pul undirib kelgan jinoiy guruh qoʻlga olindi
Ular oʻzlarini "koʻchada muammolarni hal qiluvchi yetakchilar" sifatida koʻrsatgan.

Toshkent shahrining Olmazor tumanida fuqarolarning pullarini zoʻravonlik bilan tortib olgan uyushgan bezori guruh qoʻlga olindi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti, uning mahalliy boʻlinmalari, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan maxsus reyd natijasida "tovlamachilik" jinoyati bilan shugʻullangan jinoiy guruh aʼzolari ushlandi.
Guruh aʼzolaridan biri — 2007 yilda tugʻilgan shaxs boʻlib, u avvalroq Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 169 va 277-moddalari boʻyicha sudlangan edi. Biroq oʻz xatosidan xulosa chiqarmay, yana jinoyat sodir etishda davom etgan.
Jinoyatchilar oʻzlarini "koʻchada muammolarni hal qiluvchi yetakchilar" deb koʻrsatib, notanish odamlarni qoʻrqitish, kaltaklash va zoʻravonlik qoʻllash orqali ulardan muntazam ravishda pul undirib kelgan.
Xususan, ular uzoq vaqtdan beri kuzatib yurgan 2007 yilda tugʻilgan bir jabrlanuvchidan doimiy ravishda pul talab qilib, agar pul berilmasa yoki muddat oʻtkazib yuborilsa, uni doʻpposlash bilan birga oila aʼzolarining hayoti va salomatligiga tahdid solib kelgan.
Jabrlanuvchidan dastlab 100 AQSh dollari, keyingi oyda 2,5 million soʻm, undan keyin esa yana 24 million 896 ming soʻm miqdorida pul olishgan.
Jabrlanuvchiga "yuklab qoʻyilgan" 14 000 AQSh dollari miqdorida puldan 2000 AQSh dollarini olayotgan paytda uyushgan guruh aʼzolari ashyoviy dalillar bilan birga qoʻlga olindi.
Ushbu bezori toʻdaga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi "b" va "v" bandlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.