Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qoʻydi
Marosim davomida Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Toshkent shahrida Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qoʻydi.
Oʻzbekistonning mustaqil davlat sifatida shakllanishi, davlatchilik asoslarining barpo etilishida Birinchi Prezident Islom Karimovning xizmatlari beqiyos ekani chuqur hurmat va eʼtirof bilan yodga olinadi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va eʼtibori bilan Birinchi Prezidentning xotirasi abadiylashtirildi, Samarqandda uning maqbarasi barpo etildi. Islom Karimov tavallud topgan 30 yanvar sanasini nishonlash ezgu anʼanaga aylandi.
Marosim davomida Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi. Birinchi Prezidentning Vatan manfaatlari yoʻlidagi faoliyati, insoniy fazilatlari yodga olindi.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida boʻlib oʻtgan marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, Birinchi Prezidentning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qoʻyilib, xotirasiga ehtirom koʻrsatildi.