Raqobat qoʻmitasi "Korzinka" boʻyicha shikoyatlar haqida maʼlumot berdi
Yangihayotda chegirmalar va ulardagi narxlarning nomutanosibligi kuzatilgan. Asakada esa mahsulotlar uchun ikki barobar mablagʻ yechib olingani aytildi.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali “Anglesey Food” MChJ (“Korzinka” savdo doʻkonlar tarmogʻi) tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar yuzasidan tushayotgan murojaatlar oʻrganildi.
Xususan, ushbu murojaatlarda “Korzinka” savdo shoxobchalarda oziq-ovqat va sabzavot mahsulotlarining sifati, xaridlarni amalga oshirish, keshbeklar, narxlarning savdo rastasi va kassadagi farqlari va buyurtma xizmatlari boʻyicha shikoyatlar qilingan.
Murojaatlar boʻyicha misollar:
Qoʻmita “Korzinka”ning Yangihayot tuman filialida oʻtkazilayotgan chegirmalar va ulardagi narxlarning nomutanosibligi yuzasidan fuqarodan tushgan murojaatni oʻrganib chiqdi.
Xususan, oʻrganishlarda “Chortoq” suvi boʻyicha xarid davomida isteʼmolchiga chegirma haqida oʻz vaqtida toʻliq maʼlumot taqdim etilmagani bois kassa oldida muammo yuzaga kelgani maʼlum boʻldi.
Mazkur holat yuzasidan “Korzinka” xodimlariga suv mahsulotlarining qadoq turi, oʻlchami va hajmiga qarab turlicha narxlarda ekanligi, aynan aksiyadagi tovarlarga belgilangan narxnomalarni ajratgan holda turishini taʼminlash va muntazam nazorat qilish hamda xaridorlarni qiziqtirgan savollariga toʻliq javob berish zarurligi yuzasidan qatʼiy tushuntirish ishlari oʻtkazildi.
“Korzinka” xodimi tomonidan xizmat davomida fuqaroga qoʻpol muomalada boʻlingani yuzasidan tushgan murojaat oʻrganilganda savdo shoxobchasi xodimi tomonidan xaridorga mahsulotni aniq, puliga yarasha vaznlab tortib bermagan va takroran xizmat koʻrsatishdan bosh tortgani maʼlum boʻldi.
Savdo qoidalari buzilishiga yoʻl qoʻygan salat boʻlimi xodimiga nisbatan intizomiy chora koʻrildi. Shuningdek, kelgusida bunday holatlar yuzaga kelmasligi uchun barcha sotuvchi xodimlar oʻrtasida suhbat oʻtkazildi.
Asaka tumanida joylashgan “Korzinka” savdo markazida xarid vaqtida mahsulotlar uchun ikki barobar mablagʻ yechib olingani yuzasidan tushgan murojaat oʻrganilganda tovarlarni skaner qurilmasi orqali oʻtkazish vaqtida texnik xatoga yoʻl qoʻyilgani sabab boʻlgani aniqlangan.
Savdo shoxobchasi ichki tartib-qoidalari asosida ushbu xodimga ogohlantirish chorasi qoʻllangan va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun barcha xodimlar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, texnik xatolik tufayli ortiqcha yechib olingan mablagʻ isteʼmolchiga toʻliq qaytarilishi taʼminlangan.
Qoʻmitaga ijtimoiy tarmoq orqali "Korzinka”-(Boshliq) savdo shoxobchasida olingan mahsulotlar uchun ikki marta pul yechib olingani va goʻshtli qiyma mahsuloti hamda xarid qilinmagan pishloq mahsuloti uchun toʻlov olingani” yuzasidan fuqaroning murojaati qoldirilgan.
Oʻrganishlarda haqiqatan ham kofe mahsuloti uchun ikki marotaba toʻlov amalga oshirilgani, shuningdek, pishloq mahsuloti xarid qilinmagani maʼlum boʻldi.
Oʻrganishlar natijasida savdo shoxobchasining barcha kassir xodimlariga mijozlar bilan ishlash boʻyicha tushuntirishlar berildi hamda tomonidan xaridordan uzr soʻragan holda ortiqcha mablagʻ qaytarib berilishi taʼminlandi.
Qoʻmitaga ijtimoiy tarmoq orqali “Korzinka” savdo markazidan xarid vaqtida olinmagan mahsulotlariga pul yechib olingani yuzasidan fuqarodan murojaat kelib tushgan.
Olib borilgan oʻrganishlarda savdo markazida stajyor kassir xodimi tomonidan xatolikka yoʻl qoʻyilib, ortiqcha 48 ming soʻmga yaqin pul hisob-kitobi qilingan maʼlum boʻldi. Savdo shoxobchasi rahbariyati tomonidan mazkur xodimga savdo qoidalari haqida tushuntirishlar berildi. Natijada ortiqcha olingan pul xaridorga qaytarilishi taʼminlandi.
Maʼlumot uchun, Raqobat qoʻmitasi tomonidan 2025 yil davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali 1.5 mingga yaqin turli yoʻnalishlarga oid murojaatlar qabul qilinib, ijobiy hal etish choralari koʻrildi.