“Oʻzbekneftgaz”ga homiylik toʻlovlarini toʻxtatish topshirildi
Kompaniya turli yoʻnalishlarda va ayrim futbol klublariga homiylik qilib kelgan. Sohaga oid boʻlmagan aktivlar ham tasarrufdan chiqariladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish, xususan, sohaga oid boʻlmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik toʻlovlarini toʻxtatish hamda xarajatlarni maqbullashtirish orqali moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratilishi topshirildi.
Ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sohada sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, moliyaviy aktivlar harakatini nazorat qilish, korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish masalalari jamiyat faoliyatining muhim ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
Davlat rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qatʼiy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Taqdimotda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish jarayonida, shu jumladan Surxondaryo viloyatida qayd etilgan texnogen holatlarga ham toʻxtalib oʻtildi.
Maʼlumot uchun, 2025 yilda jamiyat korxonalari tomonidan 25,2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilib, 56 ta yangi quduq burgʻilandi, 29 ta quduq mukammal taʼmirlandi.
2026-2027 yillarda tabiy gaz chiqarish hajmini barqaror darajada taʼminlash, 300 dan ortiq geologik-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.