JSST Oʻzbekistonni qizamiqdan xoli davlatlar roʻyxatidan chiqardi
Bu soʻnggi yillarda kasallanish darajasi oshgani bilan bogʻliq.

JSST Oʻzbekistonni qizamiqdan xoli davlatlar roʻyxatidan chiqardi.
Ushbu qaror emlash qamrovining yetarli darajada boʻlmagani fonida qizamiq epidemiyasi qayd etilgan yana bir qator davlatlarga nisbatan ham qabul qilingan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) soʻnggi yillarda kasallanish darajasi oshgani sababli Oʻzbekistonni qizamiqdan xoli mamlakat maqomidan mahrum qildi.
Shunday qaror yana besh davlat — Ozarbayjon, Avstriya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Armanistonga nisbatan ham qabul qilingan.
JSST maʼlumotlariga koʻra, ushbu mamlakatlarda 2024 yilda qizamiq epidemiyasi kuzatilgan. Xalqaro qoidalarga binoan, agar virus bir yildan ortiq muddat uzluksiz aylanib yursa, mamlakat tegishli maqomni yoʻqotadi.
Kasallik avj olishining asosiy sababi ommaviy emlashdagi boʻshliqlar boʻlib, bu aholi, ayniqsa bolalar orasida immunitetning pasayishiga olib keladi. Eng koʻp holatlar 10 yoshgacha boʻlgan bolalar orasida qayd etilgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qizamiq virusi Yevropa va Markaziy Osiyoda, xususan Ruminiya, Gruziya, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Polsha, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda faol tarqalmoqda.
Qizamiqdan xoli maqomni tiklash uchun Oʻzbekiston uch yil davomida virus aylanmasi boʻlmasligini taʼminlashi va epidemiologik nazoratni kuchaytirishi lozim.
JSST qizamiqqa qarshi vaksinaning ikki dozasi bilan aholining kamida 95 foizini qamrab olishni tavsiya etadi.
Oʻzbekiston ushbu maqomni 2017 yilda, 2014–2016 yillardagi maʼlumotlar asosida olgan edi. Biroq keyinchalik kasallanish koʻrsatkichlari yomonlashdi: 2022 yilda Oʻzbekistonda 8ta holat qayd etilgan boʻlsa, 2023 yilda ularning soni 1026 taga yetdi.
Ularning aksariyati bir yoshgacha boʻlgan, vaksina bilan emlanmagan bolalar hissasiga toʻgʻri keladi.
Qizamiq — yuqori isitma, yoʻtal, tumov, tomoq ogʻrigʻi va toshma bilan namoyon boʻladigan oʻtkir virusli kasallikdir. U pnevmoniya, bronxit va ensefalit kabi asoratlari bilan xavfli. Kasallikdan himoyalanishning yagona samarali yoʻli — emlashdir.