platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi: Anqara-Toshkent liniyasidagi mintaqaviy geosiyosiy koridor

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Turkiy dunyo bilan munosabatlari uning tashqi siyosatidagi eng strategik jihatlaridan biriga aylandi. Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) integratsiya jarayoni jadal rivojlandi. 

Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi: Anqara-Toshkent liniyasidagi mintaqaviy geosiyosiy koridor

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ertaga ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash maqsadida Turkiyaga rasmiy tashrif bilan kelmoqda.

Tashrif davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyalar, sogʻliqni saqlash, madaniyat, standartlar, energetika, toʻqimachilik, transport va taʼlim sohalarida strategik muzokaralar oʻtkazilishi va bir qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Prezidentlar ishtirokida muhim onlayn ochilish marosimlari ham rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan Anqara inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) rahbari, professor Mehmet Seyfettin EROL soʻnggi paytlarda tez-tez tilga olinayotgan Markaziy Osiyoning yuksalayotgan yulduzi Oʻzbekiston va Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlari haqida oʻz fikrlarini bildirdi. Maqola “Hürriyet” gazetasida 2026 yil 28 yanvar kuni nashr etildi.

***

Biz yashayotgan dunyo va xalqaro tizim, oʻzining turgʻun tuzilmasini ortda qoldirib, benihoya noaniqlik bilan chulgʻangan geosiyosiy murakkablik sari ketmoqda. Oʻzgarish jarayonidagi mazkur global geosiyosatda Markaziy Osiyo markazida joylashgan turkiy dunyo tobora faol va taʼsirchan oʻyinchiga aylanib borayotgani ham bir haqiqat. Ushbu tartibsiz jarayonda Yevrosiyo geosiyosatining markazida joylashgan Oʻzbekiston va uning Rahbarining mintaqaviy tinchlikni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlari alohida eʼtiborga sazovor. Shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan va butun mamlakat boʻylab ichki islohotlar, raqamlashtirish va investitsiya strategiyalari, infratuzilma va taʼlim loyihalari, mintaqaviy integratsiya, turkiy dunyo bilan chuqur hamkorlik va koʻp qirrali diplomatiya shaklida namoyon boʻlayotgan “Yangi Oʻzbekiston” tasavvuri ham mintaqaviy, ham global miqyosda strategik ahamiyatga ega.

Shubhasiz, soʻnggi yillarda Anqara-Toshkent geosiyosiy oʻqi Yevrosiyo miqyosida strategik muvofiqlashtiruv liniyasiga aylandi va mazkur mintaqaning yuksalishida muhim oʻrin tutmoqda. 2016-2026 yillardagi davr ushbu yangi jarayon uchun mustahkam poydevor yaratdi. Prezident Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi mavjud keng qamrovli strategik sheriklikni yanada mustahkamlashda tarixiy ahamiyatga ega va ikkala rahbar ham dunyo notinch va noaniqliklar kuchayib borayotgan bir paytda "biz tayyormiz" degan ishorani beradilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar nuqtai nazaridan nafaqat geosiyosiy va strategik tabiati, balki gumanitar jihati bilan ham chuqur mazmunli va muhim ahamiyat kasb etadi. 2023 yilgi zilzilaga tezkorlik bilan javob bergan va butun hududlarimizda birodarlari va opa-singillariga yordam qoʻlini choʻzgan Oʻzbekiston zilziladan keyin ham bor imkonlarini safarbar qilishda davom etdi. Ushbu tashrif davomida janob Erdogʻan va janob Mirziyoyev tomonidan mening tugʻilib oʻsgan yurtim boʻlgan Xatayda birodar oʻzbek xalqi koʻmagida qurilgan uy-joylarni topshirish rejalashtirilgani - ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarning gumanitar diplomatiya jihatini yaqqol namoyon etadi.

Yana bir muhim jihat - bu tashrif davomida Istanbulda chet eldagi birinchi oʻzbek maktabiga tamal toshining qoʻyilishi kutilmoqda. Bu esa, janob Mirziyoyev mamlakat ichidagi taʼlim sohasida boshlagan islohotlar toʻlqinini xorijdagi diaspora farzandlariga ham yetkazishni maqsad qilganidan dalolat beradi.

Liderlar diplomatiyasi va geosiyosiy uzluksizlik

Prezident Mirziyoyevning ertaga boʻlib oʻtadigan rasmiy tashrifi 20 yanvarda boʻlib oʻtgan muhim muzokaralarning davlat rahbarlari darajasidagi tasdigʻi va strategik uzluksizlikning kafolati boʻlib xizmat qiladi; shuningdek, mazkur tashrif Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yevroosiyoning oʻzaro bogʻliqligini strategik doiraga joylashtirish imkoniyati jihatidan ham muhim. Prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻan va Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻrtasidagi kuchli liderlik diplomatiyasi bu yoʻnalish siyosiy iroda nuqtai nazaridan mustahkam poydevorga egaligini koʻrsatadi. Shuning uchun, ushbu tashrif Anqara-Toshkent liniyasi nafaqat ikki tomonlama munosabatlar darajasida, balki Yevroosiyoga daxldor mintaqaviy va global miqyosda ham taʼsir koʻrsatadigan mehvarga aylanganini va rahbarlar darajasida mintaqaviy/global geosiyosatni umumiy tafakkur qilishga intilishni tasdiqlaydi. Darhaqiqat, ushbu tashrif doirasida klassik ikki tomonlama munosabatlar mavzularidan tashqari, “Oʻrta koridor”ni chuqurlashtirish, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, mintaqaviy barqarorlik va Turk dunyosining integratsiyasi kabi muhim mavzular ham muhokama qilinishi kutilmoqda. Shuning uchun, 2026-yil 29-yanvardagi tashrif Turkiya-Oʻzbekiston munosabatlarining hozirgi holatini namoyish etishdan tashqari, ushbu munosabatlar rivojlanib boradigan yangi ufqlarning kuchli koʻrsatkichi boʻlib xizmat qiladi. Ushbu tashrif bilan Anqara-Toshkent liniyasi institutsional mexanizmlar bilan qoʻllab-quvvatlanadigan, yetakchilar irodasi bilan mustahkamlanadigan va mintaqaviy-global taʼsirga ega geosiyosiy arxitekturaga aylanish yoʻlida yangi bosqichga kirishini taxmin qilish mumkin.

Turkiya-Oʻzbekiston munosabatlarida strategik chuqurlashuv: 4+4 mexanizmi

2026-yil 20-yanvarda Anqaraga yuqori darajadagi Oʻzbekiston delegatsiyasining tashrifi Anqara-Toshkent hamkorligini institutsionalizatsiyasida muhim bosqich hisoblanadi. Tashrif davomida siyosiy, iqtisodiy, transport, mudofaa va xavfsizlik sohalarida bir qator strategik shartnomalar imzolandi. Ushbu aloqalarning eng muhim natijasi 4+4 mexanizmining yaratilishi boʻldi. Ushbu mexanizm tashqi ishlar, mudofaa va xavfsizlik sohalarida muntazam, muvofiqlashtirilgan va strategik qarorlar qabul qilish imkoniyatlarini mustahkamlovchi institutsional tuzilmani yaratish orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqa va hamkorlikni yangi bosqichga koʻtardi.

"Yangi Oʻzbekiston" va Tarixiy Oʻzlikka Qaytish

"Yangi Oʻzbekiston" tushunchasi birinchi navbatda oʻz tamaddun tarixini chuqur idrok etish, teran tajribaga asoslangan davlatchilikni jonlantirishni anglatadi va bu tasavvurni Oʻzbekistonga janob Sh.Mirziyoyev olib keldi. Ushbu konsepsiya ichki siyosatdagi oʻzgarishlar va inson qadrini roʻyobga chiqarishga qaratilgan islohotlar bilangina chekli emas. Zero, bizlar yangi davrda mintaqaviylikdan globallik sari ildamlab borayotgan, geosiyosiy mavqei va strategik imkoniyatlari bilan xalqaro aktyor sifatida tobora ajralib turayotgan Oʻzbekiston voqeligi bilan duch kelmoqdamiz.

Darhaqiqat, bugun oʻninchi yilga qadam qoʻyayotgan Yangi Oʻzbekiston jarayoni mamlakatni liberallashtirish, qonun ustuvorligi, ijtimoiy siyosat islohotlari, iqtisodiy oʻsish va infratuzilma loyihalari orqali mamlakatni mintaqaviy kuch markaziga aylantirdi va noyob modelga aylandi. Bu Oʻzbekistonni nafaqat geografik, balki iqtisodiy va strategik jihatdan ham “markaz mamlakat” mavqeiga koʻtargan jarayondir. 2026-yil 15-yanvarda Prezident Sh.Mirziyoyevning oʻzbek diplomatlari bilan uchrashuvda aytgan: "Endi yangicha ruhda ishlaydigan, aniq natijalarga erishayotgan, Oʻzbekiston manfaatlarini xalqaro miqyosda qatʼiy himoya qiladigan diplomatlar davri keldi" degan soʻzlari, tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilash tashabbusi "Yangi Oʻzbekiston" gʻoyasi mamlakatning xalqaro tizimdagi mavqeini qayta belgilaydigan koʻp qatlamli strategik maqsad ekanligini koʻrsatadi.

"Uchinchi Renessans": Sivilizatsiyaga asoslangan geosiyosiy qarash

Janob Sh.Mirziyoyev maqsad qilib qoʻygan "Uchinchi Renessans" gʻoyasi shunchaki taraqqiyot borasidagi dastur emas, bu - Oʻzbekistonning tarixiy va madaniy merosini zamonaviy diplomatiya va geosiyosat bilan birlashtirgan qarashdir. Ushbu yondashuv orqali Oʻzbekiston intellektual va yumshoq kuch, sport, madaniy diplomatiya va xalqaro normalarni ishlab chiqish sohalarida, qadriyatlar va insoniylikka qaratilgan jarayonlarda samarali ishtirokchiga aylanmoqda. Oʻtgan yili mamlakat yoshlarining shaxmat musobaqalaridagi ajoyib oʻyinlari va milliy futbol jamoasining Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta Jahon chempionatiga yoʻllanma olishi -rejali va puxta islohotlar natijasidir. Olimpiada va xalqaro sport tadbirlarida qoʻlga kiritilgan medallardan tashqari, sanʼat va madaniyat sohalarida tashkil etilgan festivallar, xalqaro koʻrgazmalar va musiqa tadbirlari Oʻzbekistonni jahon sahnasida faol “madaniyat elchisi”ga aylantirmoqda. Yaqqol misol: Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy markazlar nafaqat madaniy meros asarlari oʻlaroq, balki xalqaro muloqot va hamkorlik markazlari sifatida ham boʻy koʻrsatmoqda, butun Markaziy Osiyoning madaniy geosiyosati qayta qurilayotgan diplomatik markazlar sifatida gavdalanmoqda. Oʻzbekistonning yirik xalqaro sammitlarga mezbonlik qilishi, vositachilik salohiyatini rivojlantirishi va global ishlarda teran diplomatik tildan foydalanishi bu yangi geosiyosiy oʻziga xoslikning inʼikosidir. Bu yondashuv Oʻzbekistonni buyuk davlatlar raqobatining passiv obekti boʻlib qolishdan chiqarib, barqarorlik va tinchlikni taʼminlaydigan konstruktiv ishtirokchiga aylantirmoqda.

Ichki islohotlardan geosiyosiy mintaqaviy va global taʼsir sari

Prezident Sh.Mirziyoyevning soʻnggi yillardagi tashabbuslari nafaqat muvaffaqiyatli ichki saʼy-harakatlari, balki mintaqaviy va global miqyosdagi “yumshoq kuch” va insonparvarlik diplomatiyasi bilan ham ajralib turadi. Sh.Mirziyoyevning teran diplomatik yondashuvi aniq loyihalar orqali mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga chuqur turtki boʻlayotir. Xususan, Oʻzbekiston liderining shaxsiy tashabbusi bilan baʼzi qoʻshni mamlakatlarda va Ozarbayjonning Qorabogʻ mintaqasida qurilgan maktablar ilmiy diplomatiyani namoyon etish barobarida, inson kapitaliga investitsiya orqali bu mamlakatlarda Oʻzbekistonga doʻst avlodlarni yetishtirish nuqtai nazaridan ham qadrlidir. Afgʻoniston bilan taʼlim, sogʻliqni saqlash va transport infratuzilmasi loyihalari Oʻzbekistonning mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga qoʻshayotgan hissasini koʻrsatadi.

Urushdan jabr koʻrgan bir guruh falastinliklarning Oʻzbekistonga parvarish va ijtimoiy yordam uchun olib kelinishi va bu borada alohida Farmon qabul qilinishi mamlakat diplomatiyasi faqat mintaqa bilan cheklanib qolmaganining dalilidir. Ushbu yondashuv tinchlik, barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish va mintaqaviy integratsiyaning muhim asosini ifodalaydi, shuningdek, global hamkorlikdagi tinchlikka yoʼnaltirilgan gumanitar diplomatiyasini aks ettiradi.

Muvozanatli va koʻp qirrali tashqi siyosat

Rasmiy Toshkent muvozanatli va koʻp qirrali diplomatiya orqali global kuch markazlariga bogʻlanib qolmagan holda, mintaqaviy va global miqyosda, ayniqsa qoʻshnilari bilan tinchlikka yoʻnaltirilgan hamkorlik strategiyasiga ustuvor ahamiyat beradigan tashqi siyosat olib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, Rossiya bilan anʼanaviy sheriklik xavfsizlik, energetika va logistika aloqalari; Xitoy bilan iqtisodiy va infratuzilma sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishi, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy temir yoʻli orqali "Bir kamar, bir yoʻl" tashabbusi va “Oʻrta koridor”da muhim boʻgʻinni shakllantirishni; “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisida”gi bitim koʻmagida YeI bilan savdo va investitsiya aloqalarini rivojlantirish; Hindiston bilan energetika, texnologiya va investitsiya sohalarida yangi hamkorlik modellari Oʻzbekistonning muvozanatli va koʻp qirrali tashqi siyosatining aniq koʻrsatkichlari qatoriga kiradi.

Bundan tashqari, 2025 yil Oʻzbekiston-AQSh munosabatlarida diplomatik jadallik yili boʻldi. Avvalo, 2025 yil 24 sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh Prezidenti Donald Tramp oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. 2025 yil 6 noyabrda esa, Tramp va janob Mirziyoyev Oq uyda boʻlib oʻtgan 5+1 Markaziy Osiyo rahbarlari sammiti doirasida ikkinchi marta uchrashishdi. Ushbu uchrashuvlarda iqtisodiy-tijoriy aloqalar, xavfsizlik va strategik hamkorlik hamda mintaqaviy taraqqiyot imkoniyatlari muhokama qilindi. Keyinchalik, 2026-yil 19-yanvarda Prezident Tramp janob Mirziyoyevni Gʻazo Tinchlik Kengashiga muassis aʼzo sifatida qoʻshilishga taklif qildi. Janob Mirziyoyev ushbu taklifni qabul qilib, 2026-yil 22-yanvarda Davosda Tinchlik Kengashi nizomini imzoladi va Oʻzbekistonni kengashning asoschi aʼzolaridan biri sifatida rasmiylashtirdi.

Buning muhim jihati shundaki, ushbu voqealar Oʻzbekistonning tinchlik diplomatiyasi sohasida ishonchli va faol global sherikka aylanganini koʻrsatadi.

ShHT, BMT, YXHT va boshqa mintaqaviy tashkilotlarning faol ishtirokchisi sifatida Oʻzbekiston tinchlik, savdo integratsiyasi, chegara xavfsizligi va rivojlanish boʻyicha tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Uning ushbu tashkilotlardagi roli mamlakatning koʻp tomonlama diplomatiya imkoniyatlariga asoslangan. Darhaqiqat, janob Sh.Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasidagi nutqlarida tinchlik, barqarorlik va koʻp tomonlama hamkorlik tamoyillarini doimo taʼkidlaydi, mojarolarni hal qilishda xalqaro hamkorlikka chaqirdi. Bularning bari Oʻzbekiston nafaqat mintaqaviy oʻyinchi, balki global tinchlik va rivojlanish kun tartibining muhim ishtirokchisi ekanligini, global hamkor va taʼsirga ega aktyor sifatida yuksalib borayotganini koʻrsatadi.

Turkiy dunyo va Anqara-Toshkent geosiyosiy liniyasi

Sh.Mirziyoyev davrida Oʻzbekistonning Turkiy dunyo bilan munosabatlari uning tashqi siyosatining eng strategik jihatlaridan biriga aylandi. Sh.Mirziyoyev tashabbuslari bilan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) integratsiya jarayoni jadal rivojlandi va Oʻzbekiston TDT doirasida faol va konstruktiv hamkorga aylandi. Bu Turkiy dunyoning madaniy, iqtisodiy-tijorat va logistika integratsiyasini mustahkamlaydigan “Oʻrta koridor”, energetika va transport loyihalari, qoʻshma akademik platformalar va madaniy festivallar kabi strategik dasturlar orqali amalga oshirildi; bularning barchasi mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va farovonlikka hissa qoʻshdi.

Shubhasiz, Turkiya-Oʻzbekiston munosabatlari bu jarayonda juda muhim oʻrin tutdi. Zero, Sh.Mirziyoyev davrida ikki mamlakat oʻrtasida erishilgan uygʻunlik va umumiy qarashlar TDT loyihalarining amalga oshirilishini jadallashtirib, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka qaratilgan strategik rolni anglashga koʻmak koʻrsatdi. Anqara-Toshkent geosiyosiy oʻqi mintaqada strategik aloqa yoʻlagini yaratdi. Xususan, “Oʻrta koridor”ning iqtisodiy va logistik integratsiyasi ushbu liniyaning mintaqaviy-global savdo xaritalarida muhim rol oʻynashiga imkon berdi. Shuning uchun Anqara-Toshkent oʻqi nafaqat ikki tomonlama hamkorlik, balki turkiy dunyoning kelajagi hamda Markaziy Osiyoning geosiyosiy yaxlitligi, barqarorligi, xavfsizligi va farovonligi uchun ham muhimdir.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid