platina.uz
Siyosat

Oʻzbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdoʻgʻonga Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishni taklif qildi. 

Oʻzbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tomonlar mazkur yigʻilish muborak Ramazon oyi hamda ikki mamlakat oʻrtasida Abadiy doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanganiga 30 yil toʻlishi arafasida oʻtayotgani ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladilar.

Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, xalqaro masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi oʻxshash ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.

Parlamentlararo aloqalar, jumladan, doʻstlik guruhlari doirasida faollashdi.

Oʻzaro savdo hajmi, shuningdek, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qoʻshma korxona va loyihalarning soni izchil ravishda oʻsib bormoqda.

Kelgusi yillarda tovar ayirboshlash hajmini, jumladan, Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimdagi tovarlar roʻyxatini kengaytirish orqali 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilab olindi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida alohida dastur asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan sanoat kooperatsiyasining yangi ustuvor yoʻnalishlari ishlab chiqilgan.

Shuningdek, hududlararo hamkorlikning ulkan salohiyati qayd etildi. Yil oxiriga qadar Oʻzbekistonning barcha viloyatlaridan delegatsiyalar hamkor hududlar bilan loyihalar portfelini ishlab chiqish maqsadida Turkiyaga tashrif buyuradi.

Qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik, sogʻliqni saqlash va tibbiy turizm sohalarida Turkiyaning ilgʻor tajribasini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

Turizm yoʻnalishida aloqalarni rivojlantirish, teatr festivallari va madaniyat haftaliklarini oʻtkazish, tarixiy filmlarni birgalikda ishlab chiqarish, madaniy meros obʼektlarini hamkorlikda tiklashga alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼlim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida shu yil bahorda Buxoroda toʻrtinchi Rektorlar forumini oʻtkazishga kelishib olindi.

Shuningdek, Qoʻshma hukumatlararo komissiya hamraislarining koʻp qirrali hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yigʻilish yakunida ikki davlat hukumatlariga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdoʻgʻonga Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishni taklif qildi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid