Kolumbiyada samolyot halokati: 15 kishi qurbon boʻldi
Hodisa sabab hech kim tirik qolmagan. Ular orasida mamlakat parlamenti aʼzosi Diogenes Quintero Amaya ham bor edi.

Kolumbiyada yoʻlovchi samolyoti halokatga uchradi, bortdagi 15 kishining barchasi halok boʻldi.
Qurbonlar orasida mansabdor shaxslar, jumladan, parlament aʼzosi Diogenes Quintero Amaya ham bor edi.
Kolumbiyaning shimoliy qismida yoʻlovchi samolyoti qulab tushdi, natijada bortda boʻlgan 15 kishining barchasi vafot etdi. Bu haqda davlatga qarashli Satena aviakompaniyasi rasman maʼlum qildi.
Bayonotda aviakompaniya oʻziga tegishli Beechcraft 1900 rusumli samolyot aviahalokatga uchraganini maʼlum qildi, biroq qoʻshimcha tafsilotlar berilmadi. Samolyot qoldiqlari togʻli hududdan topilgan.
Rasmiy yoʻlovchilar roʻyxatida parlament aʼzosi Diogenes Quintero Amaya hamda boʻlajak parlament saylovlarida nomzod sifatida qatnashishi rejalashtirilgan Karlos Salcedo ham bor edi.
Satena avvalroq samolyot bilan aloqa 28 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:05 da Venesuela chegarasi yaqinidagi Okanya shahriga qoʻnishi rejalashtirilganidan 11 daqiqa oldin uzilganini bildirgan edi.
Aviakompaniya maʼlumotiga koʻra, NSE 8849-reysi Okanyadan taxminan 100 km shimoli-sharqda joylashgan Kukuta shahridan havoga koʻtarilgan boʻlib, bortda 13 nafar yoʻlovchi va ikki nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan.
Togʻli hududda qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan, samolyot bortida boʻlganlarning yaqinlari uchun maxsus ishonch telefoni ham tashkil etilgan.
Mahalliy Semana nashriga bergan intervyusida Norte-de-Santander gubernatori Uilyam Villamizar hozirga qadar yetti nafar qurbonning jasadi topilganini maʼlum qildi.
Kolumbiya qurolli kuchlari samolyot yoʻqolgan hududda qidiruv ishlariga koʻmaklashmoqda.
Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro X ijtimoiy tarmogʻida qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirib, “Bu voqeadan chuqur qaygʻudaman”, deb yozdi.
Shuningdek, parlament aʼzosi Quinteroning Facebook sahifasida uning vafot etgani tasdiqlangan bayonot eʼlon qilinib, u hayoti davomida eng koʻp yordamga muhtoj boʻlganlarga xizmat qilgan inson sifatida taʼriflangan.
Diogenes Quintero Kolumbiya parlamentidagi 16 ta maxsus oʻrindan biriga ega edi. Ushbu oʻrinlar mamlakatda marksistik isyonchi guruh — Kolumbiya Inqilobiy Qurolli Kuchlari (FARC) va davlat oʻrtasidagi qurolli mojarolar qurbonlarini vakillik qilish uchun ajratilgan.