"Bugungi Oʻzbekiston 10 yil avvalgidan farq qiladi": turk nashri islohotlarni eʼtirof etdi
Shavkat Mirziyoyev Anqarada ishtirok etadigan Turkiya-Oʻzbekiston Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yigʻilishi oʻzaro munosabatlarga yangi turtki berishi kutilmoqda.

Turkiyaning yirik Sabah gazetasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga tashrifiga bagʻishlab katta maqola chop etdi.
Quyida maqolaning toʻliq tarjimasi keltirilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ertaga Anqarada ishtirok etadigan Turkiya-Oʻzbekiston Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yigʻilishi oʻzaro munosabatlarga yangi turtki berishi kutilmoqda. Iqtisodiyot, investitsiya va taʼlim sohalarida yangi qadamlar qoʻyiladigan ushbu yigʻilish haqida Turkiya Buyuk Millat Majlisining Oʻzbekiston-Turkiya Doʻstlik guruhi raisi Osman Mesten “Ushbu tashrif munosabatlarni yanada mustahkamlaydi” degan fikrni bildirdi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga kelmoqda. Anqara shahri Turkiya-Oʻzbekiston Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yigʻilishiga mezbonlik qiladi. Sh.Mirziyoyevning tashrifi nafaqat Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni, balki tarixiy rishtalar bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan ikki doʻst va qardosh davlat oʻrtasidagi mintaqaviy va global hamkorlikni ham mustahkamlaydi. Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning kelishi intiqlik bilan kutilayotgan bir paytda, Turkiya Buyuk Millat Majlisining Oʻzbekiston-Turkiya doʻstlik guruhi raisi Osman Mesten “Sabah”ga oʻz mulohazalarini oʻrtoqlashdi.
Oʻzbekiston "bizning ajdodlarimiz yurti" ekanligini va bu qadimiy zaminda qardoshlarimiz bilan aloqalarimiz hech qachon uzilmaganligini taʼkidlab, O.Mesten quyidagilarni maʼlum qildi:
Anadoluga ziyo taratgan avliyolar
Garchi ajdodlarimiz X asrda Movarounnahrni tark etib, Anadoluga kelib joylashgan boʻlsalar-da, bu qadimiy zamindagi birodarlarimiz va opa-singillarimiz bilan munosabatlarimiz hech qachon uzilmagan. Zero, Movarounnahr allomalari yuzlab yillar davomida Anadoluga, qolaversa butun dunyoga ziyo taratgan. Konyaga maʼno keltirgan Mavlono Jaloliddin Rumiy; Bursani munavvar etgan Amir Sulton Buxoriy; Anqarani yoritgan Shayx Ali Samarqandiy va Istanbul madrasalarida ilm nurini taratgan Ali Qushchu bu zamindan Turkiyaga kelgan 2500 dan ortiq olim va avliyolarning baʼzilari, xolos. Turkiya turklari sifatida biz bu chuqur va boy tarixni oʻz tariximiz deb bilamiz. Biz Oʻzbekistonning buyuk olimlarini butun turkiy dunyoning umumiy qadriyati deb ardoqlaymiz.
Doʻst boshga kulfat tushganda bilinadi
Oʻzbek qardoshlarimizda "Doʻst boshga kulfat tushganda bilinadi" degan ibora bor. Bu bizning "Doʻst kara gunde belli olur" degan maqolimiz bilan bir xil. Tarix shohidki, ushbu hikmatlar hech qachon shunchaki soʻz boʻlib qolmagan, oʻzbek qardoshlarimiz eng qiyin paytlarda biz bilan birga boʻlgan, hech qachon yordamlarini ayamagan. Ertaga oʻzbek birodarlarimizning yana bir muhim yordami tarixga muhrlanadi. “Asr falokati” deb taʼriflangan 2023-yil 6-fevraldagi zilziladan soʻng eng koʻp zarar koʻrgan hududlardan biri - Xatayda janob Sh.Mirziyoyevning koʻrsatmasi koʻrsatmasi bilan insho etilgan "Oʻzbekiston mahallasi"ning ochilishiga barchamiz guvoh boʻlamiz.
Yana bir jihat. Oʻzbek tilidagi "Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar" maqoli ham Anadoluda uchrashi shubhasiz. Bu dono hikmat muvaffaqiyatga erishish uchun hamjihat boʻlishni uqtiradi, birgalikda harakat qilish katta kuch berishini anglatadi. Janob Sh.Mirziyoyev davrida Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlari mustahkamlandi. Bugungi kunda ikkala tomon ham barcha imkoniyatlardan foydalangan holda bir-birini keng qoʻllab-quvvatlamoqda.
Ishonchimiz komilki, bu munosabatlar janob Sh.Mirziyoyevning Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yigʻilishi doirasida mamlakatimizga tashrifi bilan yanada rivojlanadi.
Sh.Mirziyoyev va R.T.Erdogʻan bilan orzular roʻyobga chiqadi
Qardosh mamlakatimiz Oʻzbekiston bilan savdo hajmimiz 3,1 milliard dollarga yetdi va 5 milliard dollarlik savdo hajmi maqsadiga erishish uchun saʼy-harakatlar davom etmoqda. Turkiyaning 2025-yilda Oʻzbekistondagi investorlar roʻyxatida 2,6 milliard dollar bilan 3-oʻrinni egallagani juda quvonchli. Oʻzbekistonda 2100 ga yaqin turk kompaniyalari mamlakat iqtisodiyoti, rivojlanishi va bandligini qoʻllab-quvvatlamoqda. Janob R.T.Erdogʻan va janob Sh.Mirziyoyev kabi rahbarlarning irodasi va kuchli jamoatchilik qoʻllab-quvvatlashi bilan, ilgari hayol boʻlgan koʻplab orzular roʻyobga chiqishiga shubham yoʻq. Bu bizning umumiy qadriyatlarimiz va birodarlik rishtalarimiz tufaylidir.
Oʻzbekistonda boʻlgan vaqtimdagi kuzatishlarimga asoslanib, bir narsani aniq ayta olaman: Bugungi Oʻzbekiston 10 yil avvalgidan butunlay farq qiladi. Janob Sh.Mirziyoyev tomonidan boshlangan "Yangi Oʻzbekiston" gʻoyasi taʼsirini hamma joyda koʻrishingiz mumkin. Buyuk va chuqur tarixiy poydevorlar ustida yuksalayotgan mamlakatga guvoh boʻlmoqdamiz.
Sh.Mirziyoyev janoblarining 2025 yil 26 dekabrda Parlamentdagi murojaati Yangi Oʻzbekiston jarayonining qanchalik barqaror va tez rivojlanayotgani koʻrsatish barobarida, 2026-yil mamlakat uchun burilish nuqtasi boʻlishini namoyon etmoqda. Ikki yil oldin qabul qilingan "Oʻzbekiston 2030" strategiyasida koʻrsatilganidek, 2030 yilga kelib 160 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulotga erishish maqsadiga 2026 yildayoq erishish kutilmoqda, yangi maqsad qilib esa 240 milliard dollarlik marra belgilanmoqda. Bularning barchasi soʻnggi yillardagi chuqur iqtisodiy islohotlar va investitsiyalar tufayli imkon topmoqda.
Yangi Oʻzbekiston yoshlar ishtirokida qurilmoqda
Janob Sh.Mirziyoyev Yangi Oʻzbekistonni qurishda yoshlarga tayanmoqda. Raqamlar bilan aytganda, ilgari atigi 27% boʻlgan bolalar bogʻchalari va maktabgacha taʼlim muassasalaridagi qamrov bugungi kunda 78%dan oshdi. 2017-yilda 8% boʻlgan oliy taʼlim qamrovi esa, 50%ga yaqinlashmoqda. 2026-yilda Yangi Oʻzbekiston taʼlim borasida ham yangi bosqichga oʻtadi. Biz bunga janob Sh.Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi davomida guvoh boʻlamiz. Chet elda birinchi oʻzbek maktabining qurilishi boshlanishiga guvoh boʻlamiz.
Uchinchi Renessansning nishonalari
X va XII asrlarda Birinchi Renessans, XV asrda esa Ikkinchi Renessansga mezbonlik qilgan hozirgi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansning nishonalari yuzaga chiqmoqda. Ushbu tasavvur har bir sohada chuqur va jadal ravishda innovatsiyalarni amalga oshirishga, texnologiyalar bilan hamqadam boʻlishga, oddiy fuqarolarning farovonligini oshirish uchun iqtisodiyotni rivojlantirishga va tarixda boʻlgani kabi bilim va tafakkurga asoslangan sivilizatsiya insho etishga qaratilgan.
2026-yilda Oʻzbekistonda kutilayotgan yana bir juda muhim voqea shuki, prezidentligining dastlabki yillarida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan loyiha - Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi kutilmoqda. Bu muazzam maskan dunyoda mislsiz, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu inshootda Oʻzbekistonning ming yillik tarixi, yaʼni bizning tariximiz zamonaviy texnologiyalar yordamida aks ettiriladi. Dunyodagi eng qadimgi Qurʼon karim nusxasi - Usmon Mushafi markaz gumbazi ostidagi makonda joy oladi. Oʻtgan yili janob Mirziyoyev shunday degan edi: "Oʻzbekiston ulugʻ tarixga ega. Buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy va madaniy meros insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Bu markaz bilan tanishgan har bir xorijlik mehmon shunday buyuk tarix va madaniyatga ega boʻlgan oʻzbek xalqiga taʼzim bilan chiqib ketishiga ishonaman".