Soxta guvohnoma olgan haydovchilar sodir etgan YTHlar sabab 3 kishi halok boʻldi
Jami 1 200 nafardan ortiq fuqarolarga soxta hujjatlar rasmiylashtirilgan. Jinoyat ishining keng hajmliligi va murakkabligidan kelib chiqib Bosh prokuraturada maxsus tergov-tezkor guruhi tuzildi.

Bosh prokuratura soxta haydovchilik guvohnomalari ishi boʻyicha yangi tafsilotlarni ochiqladi.
Haydovchilik guvohnomalari soxtalashtirilganligi holati yuzasidan Davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqalarga nisbatan tegishli moddalar bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha Bosh prokuraturada tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov jarayonida, 8 ta viloyatda (Toshkent shahri, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Andijon va Qashqadaryo) 1 200 nafardan ortiq fuqarolarga soxta haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berilganligi aniqlangan.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, soxta guvohnomalarni olgan fuqarolarning 455 nafari 1 305 marta yoʻl harakati qoidalarini buzgan, 9 nafari yoʻl transport hodisasi sodir etgani oqibatda, 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan va 3 nafari vafot etgan.
Jinoyat ishining keng hajmliligi va murakkabligidan kelib chiqib Bosh prokuraturada maxsus tergov-tezkor guruhi tuzildi.
Hozirda soxta guvohnomalar va ularni rasmiylashtirishga asos boʻlgan barcha hujjatlar toʻliq tekshirilmoqda, tergov harakatlari rejalashtirilgan tartibda davom etmoqda.
Soxta hujjatlardan foydalanish qonun bilan taqiqlangan boʻlib, belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
Dekabr oyida DXM mutaxassisi ishtirokidagi jinoiy guruh aniqlangandi.
U sheriklari bilan 72 nafar fuqarodan olingan 616 mln soʻm pora evaziga soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergani aytilgandi.