Rossiya Xarkov viloyatida yoʻlovchi poyezdiga zarba berdi
Zarba joyidan besh kishining jasadlari topildi, kamida ikki vagon yonib ketgan.

Rossiya droni Xarkov viloyatida yoʻlovchi poyezdiga zarba berdi: besh kishi halok boʻldi.
Ukraina rasmiylari ushbu hujumni terroristik harakat deb baholadi va u tinchlikka erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlarga jiddiy putur yetkazayotganini taʼkidladi.
Prokurorlarning aytishicha, 27 yanvar kuni Ukrainaning Xarkov viloyatidagi bir qishloq yaqinida sodir boʻlgan zarba joyidan besh kishining jasad boʻlaklari topilgan.
Poyezd Ukrainanning gʻarbida, Vengriya va Slovakiya bilan chegaraga yaqin joylashgan Chop shahridan Barvinkove shahriga yoʻl olgan edi. Internetda tarqalgan suratlarda qor bilan qoplangan temiryoʻl yoqalarida kamida ikki vagon yonib ketgani aks etgan.
“Har qanday mamlakatda tinch aholiga xizmat qiluvchi poyezdga dron zarbasi mutlaqo bir xil baholanadi — bu terrorizmdir. Bunda hech qanday harbiy maqsad yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas”, — deb yozdi prezident Zelenskiy Telegramdagi sahifasida.
Uning taʼkidlashicha, navbatdagi bombardimon tinchlikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarga putur yetkazmoqda va ittifoqchilarni urushni yakunlash uchun Moskvaga bosimni kuchaytirishga chaqirdi.
“Rossiyaning har bir shunday zarbasi hanuz davom etayotgan diplomatik jarayonlarni yemiradi va bu urushni tugatishga yordam berayotgan hamkorlar saʼy-harakatlarini izdan chiqaradi”, — deya yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.
Prokurorlar bir dron toʻgʻridan-toʻgʻri poyezdga, yana ikkitasi esa uning yonidagi hududga urilganini maʼlum qildi.
Zelenskiy Telegramdagi postida poyezdda 200 nafardan ortiq yoʻlovchi boʻlganini, zarba tekkan vagonda esa 18 kishi boʻlganini maʼlum qildi.
Prokuratura avvalroq poyezdda 155 nafar yoʻlovchi boʻlganini bildirgan edi. Bosh vazir oʻrinbosari Oleksiy Kuleba uchta dron ishtirokidagi hujumni Rossiyaning bevosita terroristik harakati deb atadi.
Ukraina milliy temiryoʻl kompaniyasi — “Ukrzaliznysia” rahbari Oleksandr Pertsovskiy qutqaruvchilarga va yoʻlovchilarni evakuatsiya qilishga yordam bergan hamkasblari hamda yoʻlovchilarga minnatdorlik bildirdi va poyezdlar harakati davom etishini taʼkidladi.
“Ayrim joylarda qoʻshimcha va qatʼiy xavfsizlik choralari koʻriladi, ammo eng qoʻrqinchli kunlarda ham biz taslim boʻla olmaymiz”, deya qoʻshimcha qildi u.
Shu bilan birga, Rossiyaning 50 dan ortiq dronlardan iborat navbatdagi hujumi Ukrainaning janubidagi Odessa shahrida uch kishining oʻlimiga, 30 dan ortiq kishining jarohatlanishiga sabab boʻldi, deya maʼlum qildi mintaqaviy rasmiylar.
Qora dengiz boʻyidagi, Ukraina eksporti uchun muhim boʻlgan bu shahar Rossiya qoʻshinlari Ukrainaga deyarli toʻrt yil avval bostirib kirganidan beri muntazam ravishda oʻqqa tutilib kelmoqda.
Viloyat gubernatori Oleg Kiperning aytishicha, jarohatlanganlar orasida 39 haftalik homilador ayol hamda ikki nafar qiz bola bor.