Asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi
2025 yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida shakllanib, yillik 7,3 foizgacha pasaydi.

Markaziy bank boshqaruvi 2026 yil 28 yanvardagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
2025 yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori darajada shakllandi va bu jarayonda barqaror yalpi talab omillari ustuvor boʻldi.
Inflyatsiya pasayish dinamikasida davom etib, tovarlar narxlari oʻsishi sekinlashishi keng qamrovli xususiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, talab omillari taʼsirida xizmatlar inflyatsiyasining nisbatan yuqori saqlanib qolishi, shuningdek, ayrim oziq-ovqat tovarlari narxlari oʻsishi umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayishiga muayyan xatarlar tugʻdirmoqda. Ushbu sharoitda pul-kredit siyosatining joriy qatʼiy darajada saqlab qolinishi inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida shakllanishini taʼminlaydi.
Kelgusi choraklarda ham inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishda davom etgan taqdirda, tartibga solinadigan narxlar oʻzgarishidan kelib chiqib, pul-kredit sharoitlari qatʼiyligini saqlab qolgan holda asosiy stavkani pasayish tomonga koʻrib chiqish imkoniyatlari yuzaga keladi.
2025 yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida shakllanib, yillik 7,3 foizgacha pasaydi.
Inflyatsiyaning pasayishiga qatʼiy pul-kredit sharoitlari, almashuv kursining mustahkamlanishi va import narxlari taʼsirlarida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi hissa qoʻshdi. Xususan, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 5,7 foizgacha pasaydi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026 yil 18 mart kuniga belgilangan.