platina.uz
Jamiyat

TIV oʻrinbosari Rossiya elchisi bilan uchrashuv oʻtkazdi

Rossiyadagi reydlarda Oʻzbekiston fuqarolarining huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday shakliga yoʻl qoʻyilmasligi prinsipial ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. 

TIV oʻrinbosari Rossiya elchisi bilan uchrashuv oʻtkazdi

Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Olimjon Abdullayev Rossiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir dolzarb masalalarni batafsil muhokama qildi.

Muhokamalarda Oʻzbekiston tomonidan Rossiya Federatsiyasining hududlarida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Respublikasi bosh konsullari ishtirok etdi. Bu esa joylardagi amaliy ish tajribasini inobatga olgan holda koʻtarilgan masalalarni aniq va atroflicha koʻrib chiqish imkonini berdi. Rossiya tomonidan esa diplomatik vakolatxonaning konsullik boʻlimi rahbariyati, migratsiya masalalari boʻyicha masʼul xodimlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari qatnashdi.

Oʻzbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlari va reyd tadbirlari oʻtkazilayotgan jarayonda Oʻzbekiston fuqarolarining – ham qonunga rioya qilayotgan, ham migratsiya qonunini buzgan fuqarolarning – huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday shakliga yoʻl qoʻyilmasligi prinsipial ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.

Uchrashuv tomonlarning migratsiya jarayonlarini tartibga solish, shuningdek Rossiya Federatsiyasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining qonuniy mehnat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan pragmatik va oʻzaro hurmatga asoslangan muloqotni rivojlantirishga intilishini tasdiqladi.

Shuningdek, tomonlar amaliy hamkorlikni doimiy ravishda takomillashtirish va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muntazam konsullik maslahatlashuvlari hamda ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish zarurligini taʼkidladi, deyiladi xabarda.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid