Prezident poytaxt huquq-tartibot idoralari rahbarlarini jiddiy tanqid qildi
Prokuror vazifasini bajaruvchi A.Oʻrmonov, ichki ishlar (Sultonxoʻjayev), departament (birinchi oʻrinbosar Kenjayev), xavfsizlik (Berliboyev), gvardiya (Ortiqov), sud (Ismoilov), adliya (birinchi oʻrinbosar Nazarov), bojxona (Saidov), soliq rahbari (Nasimjonov) respublikaga namuna boʻlmayotgani aytildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat va jamiyat xavfsizligiga toʻgʻridan-toʻgʻri tahdid qilayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot boʻyicha taʼsirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yigʻilishi tanqidiy ruhda boshlandi.
“Lekin huquq-tartibot tizimi poytaxtdagi yangiliklarga mos ishlayaptimi? Afsuski, yoʻq”, – dedi davlatimiz rahbari.
Poytaxtning huquq-tartibot idoralari rahbarlari – prokuror vazifasini bajaruvchi A.Oʻrmonov, ichki ishlar (Sultonxoʻjayev), departament (birinchi oʻrinbosar Kenjayev), xavfsizlik (Berliboyev), gvardiya (Ortiqov), sud (Ismoilov), adliya (birinchi oʻrinbosar Nazarov), bojxona (Saidov), soliq rahbari (Nasimjonov) respublikaga namuna boʻlmayapti.
Buning uchun poytaxtda resurs ham, kuch-vositalar ham, ilmiy salohiyat ham yetarli boʻlishiga qaramasdan, haligacha eski “qolip”dan chiqib keta olmayotgani tanqid qilindi.
Bu yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb nomlandi. Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy boʻgʻin – mahalla profilaktikasi. Lekin Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi toʻgʻri tashkil etilmagani uchun muammolar toʻplanib qolgani qayd etildi.
Ichki ishlar boshliqlari profilaktika inspektorlarini ertalab soat yettida va kechqurun oʻnda yigʻib, soatlab yigʻin oʻtkazadi. Ular huquqbuzarlik bilan ishlash oʻrniga kommunal qarzdorlik va aliment undirish, armiyaga yuborish va boshqa jamoat ishlariga ham jalb qilinyapti.
“Oqibatda ularni mahalladan topib boʻlmaydi. Bir nechta mahallaga oʻzim odam yubordim. Koʻpi ish joyida yoʻq yoki boshqa ishni qilib yuribdi”, – dedi Prezidentimiz.