platina.uz
Jamiyat

Poytaxt IIBB boshligʻi va prokurori hayfsan oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ularning faoliyatini tanqid qilib, 6 oy sinov muddati berdi.

Poytaxt IIBB boshligʻi va prokurori hayfsan oldi

Toshkent shahar IIBB boshligʻi Ravshan Sultonxoʻjayev va Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar Oʻrmonovga hayfsan jazosi qoʻllanildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtkazayotgan yigʻilishda ularning faoliyati keskin tanqid qilindi va ularga 6 oylik sinov muddati berildi.

Toshkent shahar ichki ishlar tizimidagi tergovchi va surishtiruvchilar faoliyatida sifat yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi. Masalan, xodimlarda malaka yetishmagani uchun oʻtgan yili 833 ta holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilmay, hisobdan yashirilgan.

“Shaharda jinoyatchilik 2 mingtaga kamaytirildi” deb hisobot berilgani bilan poytaxtdagi 26 ta mahalla “qizil”, 465 tasi “sariq” toifada qolgan.

Respublikadagi 208 ta tuman ichida Chilonzor oilaviy zoʻravonlik, talonchilik, bezorilik boʻyicha, Yunusobod bosqinchilik boʻyicha birinchi oʻrinda. Yoki oʻtgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng koʻp boʻlgan.

Shu bois, yaqinda ushbu tumanlar ichki ishlar boshliqlarining barchasi yangi qoʻyildi. Ular tashabbus qilib, hududida jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha keskin oʻzgarish qilishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Jinoyatlarni fosh qilish va oldini olish oʻrniga Toshkent shahar IIBB boshligʻi R.Sultonxoʻjayev, Toshkent shahar prokurori v.b. A.Oʻrmonov faqat mikroavtobusda shahar aylanish bilan bandligi tanqid qilindi.

Qayd etilganidek, ular 12 ta tuman hokimi, ichki ishlar boshligʻi, prokurori, “mahalla yettiligi” va jamoatchilik bilan hamjihat ishlasa, 7,5 mingta jinoyatning oldini olsa boʻlar edi.

Har ikkala amaldor ham tayinlanganiga hali bir yil boʻlmadi. Sultonxoʻjayev 2025 yil martda, Oʻrmonov esa oʻsha yil iyulda mazkur lavozimlarni egallagan edilar.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid