platina.uz
Jamiyat

Mobil kompaniyalar abonent roziligisiz bepul xizmatlarni pullik qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi

 Abonentlar amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasi bilan bepul almashtirishi mumkin boʻladi. 

Mobil kompaniyalar abonent roziligisiz bepul xizmatlarni pullik qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi

Telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritildi.

Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatish qoidalarini yangi tahririni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi (roʻyxat raqami 3672, 26.01.2026 y.).

Ushbu hujjatda telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatishda fuqarolarga qulayliklar yaratishga qaratilgan quyidagi bir qator yangiliklar belgilandi.

Jumladan, mobil aloqa abonentlari shaxsiy hisobida mablagʻ xizmat koʻrsatishni davom ettirish uchun yetarli boʻlmaganda mobil aloqa operatori va abonent oʻrtasida tuzilgan shartnomani bekor qilish (mavjud boʻmagan raqam holatiga oʻtkazish) muddati 2 oydan 1 yilga uzaytiriladi.

Abonentlar amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasi bilan bepul almashtirishi mumkin boʻladi (bundan muayyan guruh yoki maʼlum cheklangan hudud uchun ishlab chiqilgan alohida tarif rejalariga oʻtish mustasno).

Amaldagi tariflar shartlari oʻzgarganda, abonentlar bu haqda kamida 15 kun oldin ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-sayt yoki SMS xabarnomalar orqali majburiy tartibda xabardor qilinadi.

Aholiga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida, xizmat koʻrsatish punktiga kelish imkoniyati boʻlmagan fuqarolar uchun yashash joyiga borish, olis va yetib borish qiyin boʻlgan aholi punktlarida sayyor mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

Abonent roziligisiz dastlab bepul boʻlgan xizmatlarni pullik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qoidalarga koʻra, abonent – jismoniy shaxsdan tarif rejasi boʻyicha abonent toʻlovi va xizmat uchun mablagʻ yechishda hisobni salbiy holatga (qarzdorlik holatiga) keltirish taqiqlanadi.

Abonentlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasining ishonch telefonlariga kecha-kunduz bepul qoʻngʻiroq qilishlari mumkinligi belgilandi.

Mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamlarini koʻchirish endilikda xizmat koʻrsatish punktlarida 8 ish soatida emas, balki 20 daqiqa ichida amalga oshiriladi.

Mobil aloqa abonentlariga pullik qoʻshimcha xizmatlarga obuna boʻlish boʻyicha kontent xizmatlari koʻrsatishning quyidagi yangi tartibi belgilandi:

- xizmatlarni aktivatsiya qilish operatorlarning mobil ilovalari yoki USSD kodlar orqali amalga oshiriladi;

- abonentlarning rozilik tasdigʻini olmasdan xizmatlarni avtomatik ulashga yoki dastlab bepul boʻlgan xizmatlarni pullik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi;

- kontent provayderlari tomonidan abonentlarga taqdim etiladigan barcha pullik xizmatlar dastlab nofaol holatda boʻlishi kerak.

Mazkur hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oydan keyin kuchga kiradi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid