platina.uz
Jamiyat

Mirzo Ulugʻbek tumani bosh soliqchisi ishdan ketdi

U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million soʻmni oʻzlashtirgan, ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgan.

Mirzo Ulugʻbek tumani bosh soliqchisi ishdan ketdi

Oʻtgan hafta Mirzo Ulugʻbek tumani soliq inspeksiyasining boshligʻi D.Usmanov ishdan olinib, jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev yigʻilishida maʼlum qilindi.

U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million soʻmni oʻzlashtirgan, ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgan.

Toshkent shahrida yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot 60 trillion soʻmga yetgan, bu budjet yiliga 7,5 trillion soʻmni yoʻqotyapti degani.

Birgina aksiz soligʻi toʻlovchilar ishlab chiqarish va realizatsiya hajmini yashirgani oqibatida 66 milliard soʻm soliqdan qochilgan.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq maʼmurchiligi boʻyicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani qayd etildi.

Masalan, qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlovchilarning qariyb 30 mingi QQSning biror soʻmini toʻlamagan. Yoki savdo, servis va umumiy ovqatlanishdagi kassa apparatining toʻrtdan biri ishlatilmayapti.

Ayrim soliq boshliqlari tushumni koʻpaytirish oʻrniga qoʻshtirnoq ichidagi “tadbirkor”larga “homiylik” qilish bilan bandligi koʻrsatib oʻtildi. Masalan, shaharda oʻtkazilgan tekshiruvlarda 70 milliard soʻm soliq hisoblanmasdan qolgani aniqlangan. Soʻnggi ikki yilda shahar soliq idoralarining 19 nafar xodimi korrupsiya boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortilgan, budjetga 27 milliard soʻm zarar yetkazilgan.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid