platina.uz
Siyosat

IIV sobiq amaldorlari 186 mlrd soʻmni oʻzlashtirib yuborgan

Ayni paytda Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

IIV sobiq amaldorlari 186 mlrd soʻmni oʻzlashtirib yuborgan

Ichki ishlar vaziri sobiq oʻrinbosari Bekmurod Abdullayev va IIV Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshligʻi Rustam Tursunov tizimdagi davlat xaridlarida 186 milliard soʻm byudjet mablagʻini oʻzlashtirilgan.

Bu haqda Prezident raisligida oʻtayotgan yigʻilishda maʼlum qilindi. Har ikkala mulozim qamoqqa olingani haqida avvalroq xabar berilgandi.

Bundan tashqari, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshligʻi Xotam Qodirov ham ishdan olingan.

Huquq-tartibot tizimida xizmat oʻtash chegarasi polkovniklar uchun 55 yosh, generallar uchun 60 yosh boʻlsada, hozir bu yoshdan oshgan 300 dan ortiq xodim rahbarlik lavozimida ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi. Vaholanki, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida rahbar kadrlarning barchasining yoshi 50 yoshdan kichik.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va oʻzbek xalqiga yuborgan murojaatnomasida 2026 yilda korrupsiyaga qarshi qattiq kurash ketishini bildirgan edi.

Maʼlumot uchun, general-mayor Bekmurod Abdullayev 2025 yil 3 noyabr kuni ichki ishlar vaziri oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi lavozimidan olingan edi. Abdullayev ushbu lavozimga 2021 yil aprel oyida tayinlangan.

Bungacha u (2020 yil aprel oyidan) Milliy gvardiya qoʻmondonining jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha birinchi oʻrinbosari, (2019 yil noyabr oyidan) IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi, (2018 yil oktabridan) Toshkent shahar IIBB boshligʻi oʻrinbosari — Moliya va moddiy-texnik taʼminot boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida ham ishlagan.

Abdullayev bilan bir kunda IIVning Jazoni ijro etish departamenti boshligʻi Rustam Tursunov ham lavozimidan ozod etilgandi. Tursunov ushbu lavozimda 2021 yil fevral oyidan beri ishlab kelayotgan edi. Bungacha u Jizzax (2017-2018) va Navoiy (2018-2021) viloyatlari IIBlariga rahbarlik qilgan.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid