platina.uz
Jamiyat

Huquq-tartibot idoralari boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi

Toshkent shahrida xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha “poytaxt namunasi” joriy etiladi. Har bir vazir bittadan tumanga biriktiriladi. 

Huquq-tartibot idoralari boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi

Toshkent shahri misolida aytilgan barcha masalalar butun respublika huquq-tartibot idoralariga birdek tegishli ekani qayd etildi.

Masʼul idoralar uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot boʻyicha jilovni qoʻlga olib, xodimlarining dunyoqarashini oʻzgartirsa, ularni yangicha ishlashga oʻrgatsa, shunda natija boʻlishi koʻrsatib oʻtildi.

Shuning uchun ushbu 4 ta yoʻnalish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, birinchi navbatda Toshkent shahrida boshlanadi.

Toshkent shahrida xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha “poytaxt namunasi” joriy etiladi. Har bir vazir bittadan tumanga biriktiriladi. Masalaning muhimligini inobatga olib, Prezident Administratsiyasi vakili ham bitta tumanga biriktiriladi.

Huquq-tartibot oliygohlari quyidagi muammolarni ilm bilan hal qiladi va metodik tavsiyasini tumanda joriy etadi. Oliygoh kafedralari olti oy davomida mahallaga tushib, “mahalla yettiligi” va huquq-tartibot xodimlarini yagona dastur boʻyicha oʻqitadi.

Huquq-tartibot oliygohlari 3-4 kurs talabalari ham dual taʼlim asosida profilaktika va jamoat tartibini saqlash xizmatlarida amaliyot oʻtaydi.

Yangi tizim asosida xavfsiz muhit poytaxtga tutash boʻlgan va kriminogen vaziyatga taʼsir koʻrsatadigan Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida ham yaratiladi.

Prezidentimiz yangi tizimni Chilonzor tumani misolida tushuntirib berdi.

Oʻtgan yili tumanda oldini olish mumkin boʻlgan 1 ming 407 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning 40 foizi mahalla hududida boʻlgan. Yoki oʻgʻrilik, talonchilik, tan jarohati, bezorilik kabi jinoyatlar asosan tungi vaqtda sodir etilmoqda.

Shu bois, jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi.

Patrul-post, yoʻl-patrul, qoʻriqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun 3 smenali xizmat rejimiga oʻtadi hamda 70 foizi soat 17 dan tungi 3 gacha patrullik qiladi. Patrul guruhlari huquqbuzarlik toʻgʻrisida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim boʻladi.

Tumandagi 5 ta ichki ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qiladi. Ular tungi vaqtda oʻz boshliqlariga berilgan barcha vakolatga ega boʻladi, mustaqil qaror qabul qiladi va masʼuliyatni ham toʻliq zimmasiga oladi.

Bundan buyon tuman ichki ishlar jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosari va 5 ta ichki ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosarlari boshqa ishlarga umuman jalb qilinmaydi. Ularning faoliyati faqat vazirning buyrugʻi bilan tartibga solinadi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid