"Haj va Umra yagona portali" ishga tushirildi
Endi ziyoratga borish istagida boʻlgan fuqarolar ushbu portal orqali roʻyxatdan oʻtishi majburiy etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish tizimini raqamlashtirish va takomillashtirishga qaratilgan 2026 yil 24 yanvardagi 27-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Oʻzbekistonda "Haj va Umra yagona portali" ishga tushirildi.
Endilikda ziyoratga borish istagida boʻlgan fuqarolar uchun ushbu portal orqali roʻyxatdan oʻtish majburiy etib belgilandi.
Yangi tartib quyidagi muddatlardan boshlab kuchga kiradi:
-2026 yil 1 fevraldan — Haj tadbiriga;
-2026 yil 1 maydan — Umra tadbiriga borish uchun portalda roʻyxatdan oʻtish shart.
Shuningdek, ziyoratchilar haqidagi maʼlumotlar portalga kiritilmasdan turib, safarlarni tashkil etishga yoʻl qoʻyilmasligi qayd etildi.
Endilikda "qoʻlda yozilgan daftarlar" va mahalladagi "ichki navbatlar" oʻz ahamiyatini yoʻqotadi.
Portalda roʻyxatdan oʻtilgan vaqt soniyasigacha qayd etilib, fuqaroga shaxsiy navbat raqami SMS orqali yuboriladi. Har bir fuqaro oʻz navbatini onlayn kuzatib borish imkoniyatiga ega boʻladi.