FIFA sobiq prezidenti JCh-2026ni boykot qilishga chaqirdi
Yozef Blatter AQSh prezidenti Donald Tramp siyosati sabab 2026 yilgi Jahon chempionatini muxlislar tomonidan boykot qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

FIFA sobiq prezidenti Yozef Blatter AQShdagi Jahon chempionatini boykot qilishga chaqirdi.
Blatter AQSh prezidenti Donald Tramp siyosati sabab 2026 yilgi Jahon chempionatini muxlislar tomonidan boykot qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.
Bunga AQSh prezidenti Donald Tramp va uning maʼmuriyatining mamlakat ichida hamda xalqaro maydondagi xatti-harakatlarini sabab qilib koʻrsatdi.
X ijtimoiy tarmogʻidagi postida oʻtgan hafta Shveysariyaning Der Bund gazetasi bilan suhbatda Mark Pit tomonidan bildirilgan fikrlarni qoʻllab-quvvatlab, boykotga chaqirdi.
Blatter esa 1998–2015 yillarda jahon futbolini boshqaruvchi tashkilot — FIFA prezidenti boʻlgan va korrupsiya boʻyicha tergov fonida isteʼfoga chiqqandi.
Der Bund gazetasi bilan intervyusida Pit shunday degan edi:
“Agar muhokama qilingan barcha jihatlarni inobatga olsak, muxlislarga beriladigan yagona maslahat — AQShga bormang! Baribir televizorda tomosha qilish qulayroq. Agar borsangiz ham, rasmiylarga yoqmasangiz, darhol keyingi reys bilan ortga qaytarilish ehtimoli bor.”
X'dagi postida Blatter Pitning soʻzlarini keltirib, shunday deb qoʻshimcha qildi: “Menimcha, Mark Pitning gapida jon bor”.
Shu tariqa FIFA sobiq prezidenti AQShda oʻtkaziladigan Jahon chempionatini boykot qilishga chaqiruvchilarga qoʻshildi.
Jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksika hamkorligida 11 iyundan 19 iyulgacha oʻtkaziladi.
Xalqaro futbol hamjamiyatining AQShga nisbatan xavotirlari Trampning Grenlandiya boʻyicha pozitsiyasi, sayohat taqiqlari hamda migrantlar va immigratsiya siyosatiga qarshi namoyishchilarga nisbatan AQSh shaharlarida, ayniqsa Minneapolisda, qoʻllanilgan keskin choralar bilan bogʻliq.
Germaniya futbol federatsiyasi vitse-prezidentlaridan biri Oke Göttlix juma kuni Hamburger Morgenpost gazetasi bilan suhbatda Jahon chempionatini boykot qilish masalasini jiddiy koʻrib chiqish vaqti kelganini aytdi.
Ikki hafta avval Tramp maʼmuriyati Senegal va Kot-dʼIvuardan boʻlgan muxlislarning safar rejalarini izdan chiqardi. Yangi taqiq bu davlatlardan keladigan shaxslarning, agar avvaldan vizasi boʻlmasa, jamoalarini qoʻllab-quvvatlash uchun AQShga kirishini amalda imkonsiz qildi. Tramp bunga tekshiruv va saralashdagi kamchiliklarni asosiy sabab sifatida koʻrsatdi.
Shuningdek, Jahon chempionatiga yoʻllanma olgan Eron va Gaitidan keladigan muxlislar ham AQShGA kiritilmaydi — bu davlatlar Tramp maʼmuriyati eʼlon qilgan dastlabki sayohat taqiqi roʻyxatiga kiritilgan.