platina.uz
Jamiyat

Xorazmda zoʻravon jinoiy guruhning faoliyatiga chek qoʻyildi

Denov shahrida esa xorijlik shaxsni tutqinlikda ushlab turgan fuqaro aniqlandi. 

Xorazmda zoʻravon jinoiy guruhning faoliyatiga chek qoʻyildi

DXX va IIV hamkorligida keng koʻlamli tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Andijon shahri va Oltinkoʻl tumanida yashovchi 1995, 1998, 2002 yillarda tugʻilgan 3 nafar shaxs kripto-aktivlar bilan shugʻullanuvchi Andijon tumanida istiqomat qiluvchi, 2004 y.t. fuqaroni avtomashinaga majburlab oʻtqazib, unga oʻzlarini goʻyoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari sifatida tanishtirishadi.

Soʻngra, jinoiy guruh aʼzolari tovlamachilik yoʻli bilan uning 100 ming AQSh dollari miqdoridagi kriptovalyutalarni oʻzlashtirib olib, evaziga unga 160 ming qalbaki AQSh dollari berishadi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirda soxta xodimlar qoʻlga olinib, ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi va 176-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, Denov shahrida yashovchi, 1993 y.t., muqaddam sudlangan shaxs Dushanbe shahrida istiqomat qiluvchi, 1993 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosini noqonuniy ravishda ushlab turgan.

Aniqlanishicha, denovlik shaxs Dushanbe shahrida yashovchi 1988 y.t. tanishiga 11 ming AQSh dollari bergan va garov sifatida uning sherigini Denov shahrida olib qolgan.

Pullar oʻz vaqtida qaytarilmaganidan soʻng, mazkur Tojikiston fuqarosini tutqunlikda ushlab, turli xil qiynoqlarga solib, unga ogʻir darajada tan jarohati yetkazgan.

Hozirda denovlik zoʻravonga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Xorazm viloyatida ham oʻzlaridan koʻcha yasab olib, oʻzgalarga zoʻravonlik qilgan shaxslar ushlandi.

Jumladan, Urganch va Xiva shaharlarida hamda Bogʻot tumanida yashovchi, 1991, 1996 va 1997 yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro oʻz hududlarida “koʻcha yechimi”ga aralashib, jinoyatlar sodir qilib kelishgan.

Koʻrilgan chora tadbirlar natijasida ularning har biriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Viloyatning Yangiariq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1965 y.t. shaxs oʻzining yashash xonadonida qimor oʻyinlari tashkil qilganligi maʼlum boʻlib, ushbu xonadonda qimor oʻynayotgan 5 nafar shaxsdan jami 32 mln soʻm va oʻyin kartalari olindi.

Endilikda ular qonun oldida javob berishadi.

Narkojinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1950 y.t. muqaddam sudlangan fuqaro oʻzining yashash xonadonida kelgusida sotish maqsadida 20 kg 400 gr. “marixuana” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi va unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid