Shavkat Mirziyoyev Osiyo Olimpiya kengashi assambleyasida nutq soʻzladi
Oʻzbekiston rahbari mazkur Kengash prezidenti lavozimiga bir ovozdan saylangan Shayx Javʼan bin Hamad ol Soniyni tabrikladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasidagi nutq soʻzladi.
Osiyo Olimpiya Kengashi qitʼamizning 4 milliard 800 milliondan ortiq aholisini birlashtirib, Olimpiya harakatining doʻstlik, oʻzaro hurmat, adolat va tenglik kabi ezgu gʻoyalarini faol targʻib etmoqda.
Prezident Kengash Prezidenti lavozimiga saylovda bir ovozdan saylangan Shayx Javʼan bin Hamad ol Soniyni tabrikladi.
"Biz soʻnggi yillarda Osiyo Olimpiya Kengashi bilan koʻp qirrali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtardik.
Jumladan, 2022 yilda Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qoʻmitasining 77-sessiyasini mamlakatimizda muvaffaqiyatli oʻtkazdik. Ushbu nufuzli Tashkilot tomonidan Oʻzbekiston vakili ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezident etib saylandi.
2029 yilgi Yoshlar Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qilish uchun aynan Oʻzbekiston tanlanganini biz mamlakatimizga masʼuliyatli sport hamkori sifatida berilgan yuksak baho, deb qabul qilamiz. Bu ishonch esa bizga qoʻshni va qardosh boʻlgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan sport aloqalarini mustahkamlash uchun puxta zamin yaratmoqda", dedi prezident.
"Kuni kecha yurtimizda “World Aquatics” federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasining yigʻilishi oʻtkazilib, uning Mintaqaviy filiali tashkil etilgani Markaziy Osiyo sport hamjamiyati uchun katta koʻmak va madad boʻlishi shubhasiz.
Taʼkidlash joizki, Osiyo Olimpiya Kengashi amalga oshirayotgan ishlarni butun dunyo sport jamoatchiligi har jihatdan tan olmoqda. Jumladan, Xalqaro olimpiya qoʻmitasi prezidenti Kirsti Koventri xonimning Bosh Assambleyaga yoʻllagan videomurojaati ham bunga yaqqol misoldir.
Anjumanda Xalqaro olimpiya qoʻmitasi vakillari sifatida Jeyms Makleod va Birlashgan kurash dunyosi prezidenti Nenad Lalovich ishtirok etayotgani ham ana shunday yuksak eʼtiborning dalilidir.
Fursatdan foydalanib, Assambleya ishida biz bilan birga ishtirok etayotgan Xalqaro antidoping agentligi prezidenti Vitold Banka, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Morinari Vatanabe, Ogʻir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud, “World Boxing” prezidenti Gennadiy Golovkin, Chim ustida hokkey federatsiyasi prezidenti Muhammad Tayyab Ikram, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi vitse-prezidenti Anna Delgado, Osiyo Paralimpiya qoʻmitasi raisi Majid Rashid, Milliy Olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasi Bosh kotibi Gunilla Lindberg, Afrika Olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasi prezidenti Mustafo Berraf janoblariga alohida tashakkur aytaman".
Tadbir doirasida Xalqaro va Osiyo sport tashkilotlari Oʻzbekiston milliy sport federatsiyalari bilan 20 dan ziyod muhim bitimlar imzoladi.