Mahalliy hokimliklar tomonidan 386 ta hujjat asossiz yashirilgani aniqlandi
Yashirilgan qarorlarning 68 tasi tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, 46 tasi mablagʻ ajratishga oid sanaladi.

Mahalliy hokimliklar tomonidan 386 ta hujjat asossiz yashirilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Agentlik tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan “yashiringan” yoki "xizmat doirasida foydalanish uchun" (XDFU grifi bilan) qabul qilingan qaror va farmoyishlar oʻrganildi.
Davlat rahbarining 2025 yil 30 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-270-son Farmonida Agentlik zimmasiga “E-qaror” tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni eʼlon qilishda ochiqlikka oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ochiqlikni taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralarni qoʻllash vazifasi yuklatilgan.
Tahlillar natijasiga koʻra, viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan jami 1 907 ta qaror va farmoyish ushbu asoslarda qabul qilingani aniqlandi. Dastlabki oʻrganishlar jarayonida mazkur hujjatlarning 386 tasi asossiz ravishda yashirilgani maʼlum boʻldi.
Yashirilgan qarorlarning 68 tasi tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, 46 tasi mablagʻ ajratish, 34 tasi ragʻbatlantirish, 156 tasi lavozimga tayinlash hamda 82 tasi boshqa masalalarga oid hujjatlardan iborat.
Ochiqlanmagan hujjatlar soni boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichlar Fargʻona (67 ta, 44%), Xorazm (32 ta, 39%), Buxoro (58 ta, 37%), Qashqadaryo (41 ta, 26%) va Samarqand (38 ta, 15%) viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Agentlik tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklariga asossiz yashirilgan 68 ta qaror va farmoyishlarni ochiqlash va mazkur qonunbuzilishlarning kelib chiqishiga sababchi boʻlgan masʼul xodimlarga nisbatan tegishli chora koʻrish yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.
Hozirda asossiz deb topilgan qolgan hujjatlar boʻyicha oʻrganish ishlari davom ettirilib, natijalariga koʻra har bir qaror va farmoyishga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy taʼsir choralari qoʻllanilishi taʼminlanadi.