Ichki ishlar vazirining ikki oʻrinbosari nega qamalgani aytildi
Shaharlarga oʻrnatilayotgan yangi svetofor va boshqa yoʻl uskunalarini goʻyoki xorijdan import qilingan deya koʻrsatilgan. Aslida ular mahalliy mahsulotlarni oʻtkazish boʻyicha tuzilgan jinoiy sxemalar orqali yetkazilgan.

Oʻzbekiston ichki ishlar vazirining bir kunda ishdan olingan ikki sobiq oʻrinbosari — Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov nega qamalgani aytildi.
Ular davlat mulklarini yirik miqdorda talon-toroj qilishda gumonlanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Bu haqda “Daryo” nashri oʻz manbalariga asoslanib xabar berdi.
IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov general-mayor Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov atrofidagi vaziyat boʻyicha OAV soʻrovlariga javob berarkan, holatni inkor etmagan, ayni vaqtda, bu masala bilan Bosh prokuratura shugʻullanayotganini maʼlum qilgan. Bosh prokuratura matbuot xizmati masalaga izoh bermagan.
OAV manbalarining maʼlum qilishicha, IIVning ikki boʻlinmasi — Jamoat xavfsizligi departamenti hamda Jazoni ijro etish departamenti (JIED) sobiq boshliqlari yirik miqdordagi davlat mulklarini talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish va yana boshqa holatlar boʻyicha gumonlanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
“Bunda gap, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 100 mlrd soʻmdan ortiq summadagi zarar haqida bormoqda”, — deydi manba.
Taʼkidlanishicha, davlat manfaatlariga bunday yirik miqdordagi zarar Toshkent shahri va viloyatlar markazlariga oʻrnatilayotgan yangi svetofor va boshqa yoʻl uskunalarini goʻyoki xorijdan import qilingan deya koʻrsatib, aslida mahalliy mahsulotlarni oʻtkazish boʻyicha tuzilgan jinoiy sxemalar orqali yetkazilgan.
Maʼlumot uchun, general-mayor Bekmurod Abdullayev 2025 yil 3 noyabr kuni prezident farmoyishi bilan ichki ishlar vaziri oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi lavozimidan olingan edi. Abdullayev ushbu lavozimga 2021 yil aprel oyida tayinlangan edi.
Bungacha u (2020 yil aprel oyidan) Milliy gvardiya qoʻmondonining jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha birinchi oʻrinbosari, (2019 yil noyabr oyidan) IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi, (2018 yil oktabridan) Toshkent shahar IIBB boshligʻi oʻrinbosari — Moliya va moddiy-texnik taʼminot boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida ham ishlagan.
Abdullayev bilan bir kunda IIVning Jazoni ijro etish departamenti boshligʻi Rustam Tursunov ham lavozimidan ozod etilgandi. Tursunov ushbu lavozimda 2021 yil fevral oyidan beri ishlab kelayotgan edi. Bungacha u Jizzax (2017—2018) va Navoiy (2018—2021) viloyatlari IIBlariga rahbarlik qilgan.