Istanbulda Oʻzbekiston fuqarosi jasadi topildi
Mazkur holat yuzasidan 2 nafar fuqaro qoʻlga olingan. Ular Turkiyadan Gruziyaga aviareys orqali qochishga uringan vaqtida ushlangan.

Istanbulda Oʻzbekiston fuqarosi jasadi topildi.
Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur xabarni tasdiqladi
"Shishli tumanida vatandoshimiz vafoti toʻgʻrisidagi xabarni chuqur qaygʻu bilan qabul qildi. Aniqlanishicha, 2026 yil 24 yanvar kuni soat 19:40 atrofida Istanbul shahrining Shishli tumanida chiqindilar orasidan buyum toʻplab yurgan fuqaro konteyner ichida oʻralgan jasadni koʻrib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Koʻrik jarayonida jasadning bosh qismi mavjud emasligi qayd etilgan", deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona tomonidan mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda prokuratura bilan hamkorlikda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida marhumaning shaxsi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Hakimova Durdona ekani tasdiqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekistonning 2 nafar fuqarosi qoʻlga olingan. Ular Turkiyadan Gruziyaga aviareys orqali qochishga uringan vaqtida ushlangan.
Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan marhumaning oila aʼzolari bilan aloqa oʻrnatildi hamda ularga tegishli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatilmoqda.
Mazkur holat boʻyicha surishtiruv jarayonlari Bosh konsulxona nazoratiga olingan.
Bosh konsulxona ushbu holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlarni rasmiy manbalar orqali taqdim etib boradi.