platina.uz
Jamiyat

Kriminal romantika intihosi: “Koʻcha qonunlari”dan qonun ustuvorligigacha

90-yillar qoldirgan “kriminal romantika” afsonasi hanuz ayrim onglarda yashab kelayotgandek tuyulardi. Ammo davlatning uyushgan jinoyatchilikka qarshi qatʼiy va tizimli siyosati bu illyuziyani parchalab tashladi. “Qonundagi oʻgʻri”lar, soxta obroʻ va koʻcha “ponyatka”lari ortida qanday xotima turganini esa bugun jinoiy yoʻlni tanlab, kechikkan pushaymonni totayotganlar taqdiri yaqqol koʻrsatib turibdi.

Kriminal romantika intihosi: “Koʻcha qonunlari”dan qonun ustuvorligigacha

Qayerdaki qonunlar ishlamasa, davlat tizimlari qonun ustuvorligini taʼminlay olmasa, oʻsha yerda anarxiya, zoʻravonlik va boshboldiqlik boshlanadi. Oʻrmon qonunlari ishga tushadi – zoʻravonlar kuchsizlarni ezish va talashga oʻtadi. Jinoyatchilar oʻzlaricha tartib oʻrnatgan boʻladi, oʻz “qonunlari”ga tayanib, odamlar oʻrtasida qozilik qilishadi.

Oʻtgan asrning 90-yillari ana shunday davr edi. SSSR tarqalishi ortidan avvalgi tartibot va anʼanalar buzilgan, ammo hali yangi tizim shakllanishga ulgurmagan davrda jinoyatchilar mafkurasi – “ponyatiye”si va “turma romantikasi” koʻchalarga yoyildi, yoshlarni oʻziga jalb qila boshladi. Aslida sovet paytida mahbuslarni “uyushtirib”, jilovlab turish uchun yaratilgan ushbu mafkura yangi shaklda tirildi va koʻchalarga oqib chiqdi.

Bu jarayon mustaqil Oʻzbekistonga ham taʼsir koʻrsatmay qolmadi. Lekin davlat bu jarayonlarni jimgina tomosha qilib turgani yoʻq. Davlat davlatligini koʻrsatdi — huquqiy mexanizmlari orqali qonunni ustuvor eta olishini amalda namoyon qildi. Ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazishga, jinoyatchilik olamini ideallashtirishga uringan shaxs va guruhlarga nisbatan chora koʻrildi. Koʻchalarda yana osoyishtalik oʻrnatildi, jinoiy tushunchalarga asoslangan “avtoritet” tushunchasiga barham berildi.

Jumladan, 2024 yil yozida sud “BaxtiTashkentskiy” va Bekzod Zafarovdan tashqari uning ikkinchi oʻgʻli — Ixtiyor Qudratullayevni, akasi — Shuhrat Qudratullayevni, shuningdek, yana 33 nafar shaxsni uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi. Ularning aksariyati tovlamachilik va firibgarlikda ayblangan.

Bunday holatlar yagona emas. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi ayovsiz, ammo adolatli kurash doirasida noqonuniy faoliyat orqali taʼsir kuchi orttirishga uringan shaxslar birma-bir javobgarlikka tortildi. Natijada jamiyatda uzoq yillar davomida shakllangan “kriminal romantika” illyuziyasi barham topa boshladi.

Yomon meros xotimasi

Biroq ayrim “blatnoy”larning ongi hali ham qamalishdan avvalgi davrlarda qolib ketgan koʻrinadi. Boʻlmasa ular “koʻcha ponyatkasi” oʻgʻri va talonchilar mafkurasi sifatida tarix axlatxonasiga uloqtirilganini tan olmasdan, oʻzlariga oʻxshagan jinoyatlar tomonidan berilgan “Qonundagi oʻgʻri” va “smotryashiy” kabi maqom va“vakolat”lari bilan fuqarolarga zarar bermagan, qonun va davlat vazifasini bajarishga chiranmagan boʻlishar edi. Eng achinarlisi, bugungi kunimizda ham oʻsha “shonli” davrlarni qoʻmsovchi bunday shaxslar yana oʻzlarini namoyon qilib, koʻchada oʻzlarining “tartib”ini oʻrnatishga urinishdi. Begonalarning va oʻz bolalarining boshini qonunga zid tushunchalar bilan chalgʻitishdi.

Jinoyat olamida “qonundagi oʻgʻri” BaxtiTashkentskiy nomi bilan tanilgan, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Baxtiyor Qudratillayevning oʻgʻli Bekzod Zafarov ham ana shunday chalgʻituvchi tarbiya qurbonlaridan biri, desak mubolagʻa boʻlmas. Bekzod Zafarovning tarixi — bu shaxsiy biografiya yoki oddiy jinoiy xronika epizodi emas. Uning ahamiyati aniq bir inson taqdirida emas, balki davlat bu holat orqali jamiyatga nima va qanday mujda berayotganida mujassam.

Ichki ishlar vazirligining “Soʻnggi pushaymon” koʻrsatuvida otasining yoʻlini davom ettirish haqidagi oʻylari katta xato boʻlgani hamda jinoyat olamiga intilish hech qanday foyda keltirmasligi haqida gapirgan Bekzodning iqrori bu mujdani yanada aniqlashtiradi.

Qamalishimdan oldin otamning yoʻlini egallamoqchi edim. Ammo hamma oʻylaganlarim katta xato ekan, - deydi Bekzod Zafarov nadomat bilan. – Koloniyaga kelganimga 1 yil boʻldi. Bir yil oldingi hayotim ancha farqli. Bu yerda avval kim boʻlganingdan qatʼiy nazar hamma uchun qonun bir xil. Jinoyat olamidagi taniqli shaxslarga hech kim havas qilish va ergashishga intilmasin... El-yurtni, ota-onani xizmatida boʻlsin... Jamiyatga foydasi yetadigan inson boʻlsin. Shu narsalarni tushunib yetdim, - deydi Bekzod Zafarov.

Muhim jihat shundaki, davlat diskursi faqat shaxsni qoralash bilan cheklanmaydi. Asosiy zarba jinoyat olamini romantiklashtirishga imkon bergan ong tarziga yoʻnaltirilgan. Dabdaba, koʻz-koʻz qilinuvchi “qudrat”, sunʼiy yaratilgan “obroʻ” — bularning barchasi ayniqsa yoshlar ongida ijtimoiy liftning muqobil yoʻli sifatida qabul qilingani achchiq haqiqat. Hayot esa bunday hikoyalarga deyarli bir xil xotima yasaydi: javobgarlik, ommaviy izza qilish, ozodlikdan mahrum boʻlish va kechikkan pushaymon.

Qasos emas, ogohlantirish

Eʼtiborli jihat shundaki, davlatning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash yoʻnalishi ibrat tarzidagi shafqatsiz qasos ustiga qurilmagan. Uning asosiy maʼnosi — ogohlantirish. Adashgan shaxsni qahramonlashtirish emas, balki sodda va qattiq haqiqatni eslatish: davlat har qanday jinoiy konstruksiyadan kuchli, qonun har qanday “soxta obroʻ va vakolatdan”dan ustun, “soʻnggi pushaymon” esa oʻzingga dushman.

Bugun pushaymon boʻlib turgan Bekzod Zafarov 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Endi shuncha muddatga oilasidan va doʻst yorlaridan uzoqda boʻladi, bolasining maktabga chiqqanini, begʻubor kulgusini koʻra olmaydi.

“Qamoqqa tushganingda, nima yoʻqotganingni aniq tushuna boshlaysan. Mening ikki nafar farzandim bor. Katta oʻgʻlim kelasi yili maktabga boradi. U menga: “Dada, tezroq keling, men sizni sogʻindim”, dedi. Bu soʻzlar xayolimdan chiqmaydi. Tunlari koʻzimni yumsam, bolalarim va oilam tushimga kiradi”, — deydi mahkum.

Bekzod Zafarov tarixi — “yomon inson” haqidagi hikoya emas. Bu — jinoyatni muvaffaqiyatning muqobil shakli sifatida koʻrsatishga uringan davrning tugashi haqidagi hikoyadir. Bugun boshqa bir tamoyil qatʼiy qaror topmoqda — qonun ustuvor, jazo muqarrar, qonun oldida hamma teng. Aynan shu — mazkur holatning asosiy falsafiy va siyosiy xulosasidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida jinoiy toʻdalar faoliyatiga nisbatan bildirilgan qatʼiy va ochiq munosabatda ham ana shunday xulosani anglash mumkin.

“Hamma eshitib olsin: jinoiy toʻdalar faoliyatiga chek qoʻyishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz!”, deya qatʼiy taʼkidladi Prezident. Shuningdek, davlat rahbari Oʻzbekistonda fuqarolar, tadbirkorlar va investorlarni har qanday sharoitda himoya qiladigan mustahkam davlat tizimi, Konstitutsiya va qonunlar mavjud ekanini alohida urgʻuladi.

Bu oddiy siyosiy vaʼda emas — bu davlatning qonuniy kuchga boʻlgan mutlaq monopoliyasi haqidagi bayonotdir. Har qanday “parallel adolat”, “koʻcha sudi”, “soyodagi taʼsir iqtisodiyoti”ga urinish davlatga ochiq tahdid sifatida qabul qilinadi. Bu tahdidga esa, taʼkidlanganidek, na mamlakat ichida, na uning tashqarisida toqat qilinadi. Chunki jinoiy faoliyat nafaqat xavfsizlikka, balki davlatning xalqaro imijiga ham zarba beradi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid