Yevropa JCh-2026ga boykot eʼlon qiladimi?
Hozirda qoʻhna qitʼa vakillari boykot masalasini keng qamrovda muhokama qilmayapti. Agar Tramp Grenlandiyaga erishish uchun bosqin yoʻlini tanlasa, vaziyat tubdan oʻzgaradi.

Yevropa JCh-2026ga boykot eʼlon qilishi mumkinmi?
Yevropada Donald Tramp siyosati tufayli AQSh mezbonlik qiladigan JCh–2026 ni boykot qilish chaqiriqlari tobora balandroq yangramoqda.
Yevropa va AQSh oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashib borar ekan, 2026 yilgi futbol boʻyicha Jahon chempionatini Yevropa yetakchiligida boykot qilish haqidagi chaqiriqlar ayrim doiralarda tobora kuchaymoqda.
Siyosatchilar, muxlislar va futbol rahbarlari orasida AQSh prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatining harakatlari — ayniqsa Grenlandiya masalasidagi siyosati — turnirda ishtirok etishni muammoli qiladi, deb hisoblayotganlar bor.
Tramp Davosda boʻlib oʻtgan Jahon iqtisodiy forumidagi nutqida Grenlandiyani anneksiya qilish uchun kuch ishlatmasligini aytgan boʻlsa-da, bundan oldin shunday degan edi:
“Agar men haddan tashqari kuch va zoʻravonlik ishlatishga qaror qilmasam, ehtimol hech narsaga erisha olmaymiz. Bunday holatda esa, ochigʻini aytganda, bizni hech kim toʻxtata olmaydi”.
AQSh prezidentining turli masalalar boʻyicha keskin va kutilmagan qaror oʻzgarishlari tarixini hisobga olgan holda, Yevropa hukumatlari Grenlandiya boʻyicha NATO bilan kelishuv doirasi kelishib olingani haqidagi keyingi bayonotlarga qaramay, barcha ehtimoliy ssenariylarga tayyor turishi lozim. Xuddi shuningdek, futbol assotsiatsiyalari ham.
Daniya Sotsial-demokratlar partiyasining madaniyat, OAV va sport masalalari boʻyicha vakili Mogens Yensen DW nashriga bergan intervyusida, Grenlandiya Daniyaning yarim avtonom hududi boʻlishiga qaramay, Daniya hozircha boykot chaqiriqlarini ilgari surmayotganini aytdi.
“Partiyamiz va shaxsan mening fikrimcha, bu vositalar qatorida eng oxirgi choradir, unga faqat zarurat tugʻilgandagina murojaat qilish kerak” — dedi u.
Biroq Yensenning qoʻshimcha qilishicha, agar Tramp baribir maqsadiga erishish uchun bosqin yoʻlini tanlasa, vaziyat tubdan oʻzgaradi.
“Ochiq aytaman, ha, agar shunday holat yuz bersa, boykot masalasi juda-juda dolzarb boʻladi”, — dedi Yensen Tramp Davos sahnasiga chiqishidan bir necha daqiqa oldin.
Muxlislar noroziligi petitsiya orqali kuchaymoqda
Niderlandiyalik Teun van de Koyken NATOga aʼzo bir davlatning boshqasiga tahdid solayotgani koʻrib ranjib, oʻz mamlakatida petitsiya boshladi.
Hozirda bu petitsiyani imzolaganlar soni 135 mingdan oshdi va tobora koʻpaymoqda.
“Sport tashkilotlari deyarli har doim siyosatni sport bilan aralashtirmaymiz" deydi. Ammo muammo shundaki, siyosat allaqachon sportning ichiga kirib boʻlgan va siz baribir pozitsiya bildirishingiz kerak” — dedi van de Koyken DWʼga.
U endi petitsiyani kengroq, global auditoriyaga yetkazish yoʻllarini izlamoqda va boshqa muxlisalarda ham turnirga nisbatan norozilik borligiga ishonadi.