Toʻqqiz nafar soliq amaldori ishdan olindi
Ular zimmasiga yuklatilgan xizmat vazifalarini yetarli darajada bajarmagan, ish faoliyatida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan.

Toʻqqiz nafar soliq amaldori ishdan olindi. Bu haqda DSQ matbuot xizmati xabar berdi.
Soliq qoʻmitasida markaziy apparat va hududiy soliq idoralari, tizim tarkibidagi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tanqidiy tahlil tarzida oʻtgan yigʻilishda davlat soliq xizmati organlarining 2025 yildagi faoliyati natijalari sarhisob qilinib, 2026 yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Yigʻilish avvalida Soliq qoʻmitasi raisi F.Pulatov 2025 yil uchun belgilangan prognoz koʻrsatkichlari toʻliq bajarilganligi uchun soliq organlari shaxsiy tarkibi mehnatini eʼtirof etdi. Xususan, oʻtgan yil yakunlari boʻyicha budjetga soliq tushumlari oldingi yilga nisbatan 24,3 foizga, hududlarda 26,5 foizga oʻsishga erishilganligi qayd etildi.
Soliq maʼmurchiligini taʼminlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish maqsadida qabul qilingan Qonunlar, Farmon va qarorlar bilan 2026 yilda soliq qonunchiligiga 110 dan ortiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilganligi alohida taʼkidlandi.
Yigʻilishda mazkur meʼyoriy hujjatlarda soliq organlariga yuklatilgan kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar ijrosini soʻzsiz tashkil etish, raqamlashtirish yoʻnalishida amalga oshirilishi lozim boʻlgan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, joriy yilda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha masʼullarga manzilli topshiriqlar berildi.
Hayʼat yigʻilishida, qoʻmita raisi oʻrinbosarlari, hududiy boshqarma va tuman (shahar) rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Muhokamalar natijasida zimmasiga yuklatilgan xizmat vazifalarini yetarli darajada bajarmagan, ish faoliyatida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 53 nafar masʼul xodimlarga intizomiy choralar qoʻllanilib, 7 nafar hududiy soliq inspeksiya rahbarlari, 1 nafar soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari hamda 1 nafar soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi vazifasidan ozod etildi.
Yigʻilish soʻngida, soliq tushumlari boʻyicha joriy yilning I choragi uchun prognoz koʻrsatkichlarini barcha soliq turlari boʻyicha sifatli ravishda soʻzsiz taʼminlash, qonun hujjatlari asosida soliq maʼmurchiligiga kiritilgan yangiliklarni soliq toʻlovchilarga oʻz vaqtida va sifatli yetkazilishini taʼminlash borasida maʼsullarga tegishli topshiriqlar berildi.