Prezident poytaxtdagi “Sinomed” tibbiyot markazida boʻldi
Markaz 30 million dollar evaziga barpo etilgan boʻlib, undagi uskunalar Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya va Germaniya davlatlaridan olib kelingan, yiliga toʻrt yarim ming nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi “Sinomed” koʻp tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari oʻtgan yili 10 noyabr kuni tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda tibbiy xizmatlarning 30 foizi xususiy sektor tomonidan koʻrsatilayotganini, kelgusida tibbiyotda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va qoʻshimcha sharoitlar yaratish davom ettirilishini aytgan edi.
Ayni maqsadlarga muvofiq, yurtimizda koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining faoliyatiga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Olmazor tumanida joylashgan “Sinomed” koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bugungi kunda dolzarb boʻlgan barcha yoʻnalishlarda, jumladan, tugʻuruq, pediatriya, xirurgiya, travmatologiya, ortopediya, endokrinologiya va boshqa yoʻnalishlarda faoliyat yuritib kelmoqda. Markaz 30 million dollar evaziga barpo etilgan boʻlib, undagi uskunalar Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya va Germaniya davlatlaridan olib kelingan.
Klinikada diagnostika hamda statsionar boʻlimlari mavjud. Markaz yiliga toʻrt yarim ming nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Bu yerda 300 dan ziyod ish oʻrinlari yaratilgan boʻlib, 80 nafardan ortiq shifokor faoliyat yuritmoqda. Ulardan 60 nafari xorijda, xususan, Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya, Hindiston, Yaponiya, Amerika kabi davlatlarda malaka oshirgan shifokorlardir. Shu bilan birga, klinikada xorijlik mutaxassislar ham faoliyat yuritmoqda.
Mazkur markaz tarkibida Toshkent shahrida birinchi xususiy tugʻuruq majmuasi ishga tushirilgan boʻlib, bir vaqtning oʻzida 30 nafar ayolga xizmat koʻrsata oladi. Kelgusida oʻrinlar sonini yanada koʻpaytirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Bolalarni emlash, profilaktik koʻriklar ham shu yerda oʻtkaziladi.
Klinikada koll-markazlar, maxsus patronaj jamoalari tashkil qilingan. Bemorlarning uyiga chiqqan holda koʻrikdan oʻtkazish imkoniyatlari ham mavjud.

Bundan tashqari, respublikadagi eng katta xususiy vaksinatsiya markazi, xususiy sektordagi yagona sterilizatsiya markazi ham tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari koʻp tarmoqli tibbiyot markazida koʻrsatilayotgan xizmatlar, bemorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, ambulator sharoitda davolash xonalari bilan tanishdi.
Shu bilan birga, onalik va bolalik yoʻnalishida ayolning homilador boʻlgandan boshlab tugʻuruqqacha, tugʻuruq va undan keyingi davr uchun tayyorlangan tizimli jarayonlarni koʻzdan kechirdi.
– Tugʻuruq xizmati, ayniqsa, tugʻuruqqacha kuzatuv eng muhim masalalardan biri. Ayniqsa, birinchi farzandni dunyoga keltirish ona uchun stress boʻlmasligi kerak. Shunga qadar ayol muntazam kuzatuvda boʻlsa, vaqtida davolanib borsa, unda oʻzini avaylash, sogʻlom onalik, sogʻlom bolalik borasida tushuncha paydo boʻladi, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari koʻp tarmoqli markazda tashkil etilgan bolalar maydonchasida oʻynayotgan jajji bolajonlar bilan suhbatlashdi.
– Eng katta yutugʻimiz, sizlar kabi shifokorlar oʻzlari olgan bilimlarni yurtimizda qoʻllayotganidir. Shu oʻrinda aytish lozimki, xususiy tibbiyotni joriy qilish bilan birga raqobatni ham unutmaslik kerak. Raqobat boʻlsagina, odamlarda tanlov boʻladi. Xususiy davolanish markazlari koʻpaysa, aholi davolanish uchun bergan puliga yarasha sifatli xizmatga erishadi, – dedi davlatimiz rahbari klinika jamoasi bilan suhbatda.