platina.uz
Jamiyat

Prezident Olmazordagi turizm va xizmat koʻrsatish obʼektlari bilan tanishdi

Shu yerda davlat rahbariga “Olmazor” innovatsion oʻsish hududini rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan master-reja taqdimot qilindi. 

Prezident Olmazordagi turizm va xizmat koʻrsatish obʼektlari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 yanvar kuni Olmazor tumani Xastimom mahallasi Zarqaynar koʻchasida tashkil etilgan turizm va xizmat koʻrsatish obʼektlari faoliyati bilan tanishdi.

Turizm kam mablagʻ bilan koʻp ish oʻrni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar koʻp.

Jumladan, Olmazor tumanida ushbu salohiyatni toʻliq ishga solish maqsadida 447 gektar hududni qamrab olgan loyiha amalga oshirilmoqda. Unga koʻra, 15 ta mahallani oʻzaro bogʻlovchi tuman ahamiyatidagi 6 ta koʻchada turizm va xizmat koʻrsatish obʼektlari barpo etiladi.

Mazkur loyihaning bir qismi – Zarqaynar koʻchasida bajarilgan bunyodkorlik ishlari. Bu hudud asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy meʼmorchilik anʼanalari va hunarmandchilik ruhi bilan ajralib turadi.

Respublika byudjetidan ajratilgan 150 milliard soʻm hisobiga bu yerdagi 576 ta xonadon milliy koʻrinishda taʼmirlanib, mahalla tarixiy muhitga uygʻun qiyofa kasb etdi.

Yuz nafar tadbirkor tomonidan 166 milliard soʻm investitsiya kiritilgani natijasida 7 ta mehmonxona, 8 ta restoran, 5 ta hunarmandlik markazi, 1 ta savdo markazi, 125 ta xizmat koʻrsatish obʼektlari tashkil etildi, 1500 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlandi.

Davlatimiz rahbari yangilangan koʻcha boʻylab yurar ekan, milliy meʼmoriy uslubda taʼmirlangan xonadonlar, obod koʻchalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar, turistlar, hunarmandlar bilan samimiy suhbatlashdi.

– Biz turistlar uchun sharoit yaratishni istaymiz, lekin buning asosini ham toʻgʻri yoʻlga qoʻyishimiz kerak. Masalan, hunarmandchilik – milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yoʻnalishlardan biri. Shu bois hunarmandlar mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bizning vazifamiz. Malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq. Biz tadbirkorlar bilan uchrashyapmiz, endilikda hunarmandlar bilan ham alohida uchrashuvlar tashkil etamiz, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga turizm va xizmat koʻrsatish sohalaridagi ishlarni yanada takomillashtirish, mahallalardagi tarixiy muhitni asrab-avaylagan holda iqtisodiy faollikni oshirish, eng muhimi, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga “Olmazor” innovatsion oʻsish hududini rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan master-reja taqdimot qilindi.

Taqdimotda hududni fazoviy-hududiy rivojlantirish konsepsiyasi, ehtiyojlarni baholash natijalari hamda funksional zonalashtirish yechimlari koʻrsatib oʻtildi.

Master-rejaga muvofiq, taʼlim-innovatsiya, turizm va savdo, madaniy meros, biznes hamda IT xizmatlarini qamrab olgan “rivojlanish koridorlari” shakllantiriladi.

Eski shahar atrofida Talabalar shaharchasi, universitet va texnoparklar sogʻliqni saqlash obʼektlari, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Chorsu va tarixiy shahar markazini oʻz ichiga olgan turizm yoʻnalishlari oʻzaro bogʻlanadi. Shu bilan birga, shimoliy markaziy ishbilarmonlik hududida ofislar, IT-park va biznes markazlarini rivojlantirish koʻzda tutilgan.

Master-rejani amalga oshirish orqali tarixiy merosni saqlagan holda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, hududning iqtisodiy salohiyati va shahar muhitini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.

– Har bir koʻcha uchun kamida besh yillik master reja ishlab chiqish zarur. Kecha Shveysariyaning Daos shahrida binolar saqlangan holda, shahar muhiti sharoitga mos ravishda rivojlantirilayotganini koʻrdim. Biz ham eski shaharni asrab-avaylashimiz, yanada rivojlantirishimiz shart. Shu maqsadda alohida “Eski shahar” dasturini ishlab chiqish zarur, – dedi davlatimiz rahbari.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid