platina.uz
Siyosat

Prezidentning Shveysariyaga tashrifi yakunlandi

Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi,  Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi. 

Prezidentning Shveysariyaga tashrifi yakunlandi

Davosdagi tadbirlar doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Ushbu yetakchi moliya instituti bilan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Bankning mamlakatimiz bilan hamkorligi barqaror strategik tusga ega. Oʻzbekiston YeTTBning mintaqadagi eng yirik hamkori boʻlib qolmoqda. Bankning investitsiyalari hajmi qariyb 7 milliard dollarga yetdi.

2025 yilda amaliyotlar, shu jumladan, xususiy sektorga yoʻnaltirilgan mablagʻlarning hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

YeTTBning “yashil” energiyani rivojlantirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik dasturlarni amalga oshirish, moliya bozorini isloh qilish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi yuqori baholandi.

Joriy yil uchun hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, jumladan, xususiy sektor va infratuzilmani rivojlantirish, temir yoʻl transportini raqamli transformatsiya qilish hamda boshqa masalalar belgilab olindi.

Ayollar va yoshlarni zamonaviy kasblar va biznesga oʻqitish boʻyicha dasturlarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shveysariyaning Davos shahrida boʻlib oʻtgan tadbirlardagi ishtirokini yakunladi.

Bugun davlat rahbari Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimida ishtirok etib, tadbir doirasida qator uchrashuv va suhbatlar oʻtkazdi.

Amaliy tashrif tugagach, Oʻzbekiston Prezidenti Syurix xalqaro aeroportidan Toshkentga joʻnab ketdi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid