platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonlik yuk tashuvchi haydovchilarga Rossiyada 6 oygacha qolishga ruxsat berilishi mumkin

Hozirda Rossiyaga vizasiz kirgan xorijiy fuqarolar mamlakatda bir kalendar yil davomida jami 90 kundan ortiq qolishi mumkin emas. 

Oʻzbekistonlik yuk tashuvchi haydovchilarga Rossiyada 6 oygacha qolishga ruxsat berilishi mumkin

Oʻzbekistonlik haydovchilarga Rossiyadan chiqmasdan 6 oygacha qolishga ruxsat berilishi mumkin.

Rossiya hukumati xalqaro yuk tashuvlarda ishlovchi oʻzbekistonlik haydovchilar uchun mamlakatda ruxsat etilgan boʻlish muddatini 90 kundan 180 kungacha uzaytirishni koʻrib chiqmoqda.

Xalqaro yuk tashish bilan shugʻullanuvchi Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan yuk mashinasi haydovchilari uchun Rossiya Federatsiyasida boʻlish qoidalari yaqin orada oʻzgarishi mumkin.

Xususan, Rossiyada ruxsat etilgan boʻlish muddati hozirgi 90 kundan avval amalda boʻlgan 180 kungacha uzaytirilishi kutilmoqda. Bu masala 17 yanvar kuni Oʻzbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Botirjon Asadov ishtirokida boʻlib oʻtgan diplomatik korpus va biznes vakillari oʻrtasidagi ochiq muloqotda muhim mavzulardan biri boʻldi.

Logistika sohasidagi xodimlar uchun migratsiya qoidalarini qayta koʻrib chiqish zarurati Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida joylashgan va Rossiya bozoriga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi Lazar Natural Export kompaniyasi vakili tomonidan koʻtarildi.

Uning taʼkidlashicha, amaldagi cheklovlar normal savdoga jiddiy toʻsiqlar yaratmoqda. Haydovchilar muntazam qatnovlarni amalga oshirayotgan bir paytda belgilangan boʻlish muddatini tezda tugatib qoʻyishmoqda va natijada Rossiyaga qayta kira olmay, transport kompaniyalari faoliyati deyarli falaj holatga kelmoqda.

Bu savolga javoban elchi Botirjon Asadov mazkur yoʻnalishda yuqori hukumatlararo darajada ishlar olib borilayotganini maʼlum qildi. Xususan, Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev bu masalani rossiyalik hamkasblari bilan muhokama qilgan.

Elchining aytishicha, Rossiya hukumati Ichki ishlar vazirligiga 180 kunlik muddatni qayta tiklash boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish topshirigʻini bergan.

"Hujjatlarni tayyorlash jarayoni boshlangan, biroq qonunchilikka oʻzgartirish kiritish biroz vaqt talab etadi. Umid qilamizki, tuzatishlar tez orada qabul qilinadi va eski tartib faqat haydovchilarga nisbatan qoʻllaniladi”, — dedi Asadov.

Elchi yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratdi: yangi tartib doirasida qoʻshimcha hujjatlar talab etiladi. Yaʼni, uzaytirilgan muddatdan foydalanish uchun tashuvchilar oʻzlarining xalqaro haydovchi ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari kerak boʻladi.

Muhokamada Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bobur Usmonov ham ishtirok etdi. Uning aytishicha, qonunchilikdagi oʻzgarishlar rasman kuchga kirguniga qadar oʻtish davrida Rossiyaning tegishli idoralariga oʻzbekistonlik haydovchilarga jarima qoʻllamaslik boʻyicha koʻrsatma berilgan. TIV maʼlumotiga koʻra, hozircha Rossiya hududida haydovchilar uchun ommaviy toʻsiqlar kuzatilmayapti.

Eslatib oʻtamiz, Rossiyada qatʼiyroq migratsiya qoidalari 2025 yildan kuchga kirgan. Yangi tartibga koʻra, Rossiyaga vizasiz kirgan xorijiy fuqarolar mamlakatda bir kalendar yil davomida jami 90 kundan ortiq qolishi mumkin emas. Avval esa “180 kundan 90 kuni” qoidasi amal qilgan boʻlib, har olti oyda boʻlish muddatini yangilash imkoniyati mavjud edi.

Oʻtgan kuzda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Oʻzbekiston fuqarolariga “90/365” qoidasiga qatʼiy rioya qilishni tavsiya qilgan edi. Ushbu qoidani buzish jiddiy oqibatlarga, jumladan, 3 yildan 10 yilgacha Rossiyaga kirish taqiqiga olib kelishi mumkin. Professional haydovchilar uchun esa bu kasbidan ayrilish bilan barobar.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid