Kredit toʻlovi kechikkanda yillik 150–180 foizgacha jarima qoʻllanilgan —Markaziy bank
Kredit shartnomalarida javobgarlik choralarini adolat va mutanosiblik tamoyillari asosida belgilash lozimligi aytildi.

Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining kredit shartnomalarida toʻlovlar kechiktirilganda qoʻllanilayotgan jarima va sanksiyalar tahlil qilindi.
Oʻrganishlar ayrim amaliyotlar adolat va mutanosiblik tamoyillariga zid ekanini koʻrsatdi.
Tahlillar natijasida ayrim banklarda:
- kechiktirilgan toʻlovlar uchun hisoblanadigan foiz stavkalari shartnomada belgilangan yillik stavkaga nisbatan bir necha barobarga, ayrim holatlarda yillik 150–180 foizgacha oshirilayotgani;
- kredit boʻyicha foizlarni toʻlash kechiktirilganda eng yuqori chegarasi belgilanmagan kunlik penya hisoblanayotgani;
- kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bogʻliq boʻlmagan qoʻshimcha bir martalik jarimalar qoʻllanilayotgani aniqlangan.
Shu munosabat bilan Markaziy bank:
- kechiktirilgan majburiyatlar uchun qoʻllaniladigan sanksiyalarning kompensatsion xarakterga ega boʻlishiga eʼtibor qaratish;
- qarz oluvchilar uchun toʻlovni kechiktirish bilan bogʻliq moliyaviy oqibatlarning aniq va oldindan tushunarli boʻlishini taʼminlash;
- kredit shartnomalarida javobgarlik choralarini adolat va mutanosiblik tamoyillari asosida belgilash lozim deb hisoblaydi.
Avvalroq Raqobat qoʻmitasi va Markaziy bank hamkorlik memorandumi imzolagandi.
Hujjat asossiz narx oshishi va monopol mavqe suiisteʼmol qilinishiga qarshi kurashish, narx shakllanishi jarayonlarining shaffofligini taʼminlashga qaratilgan maʼlumot almashishni koʻzda tutadi.