Telekinez: gʻayritabiiy qobiliyatlarga ilm-fan nima deydi?
Fokuschilar oʻn yillar davomida sahnada telekinezni namoyish etib kelishadi va buni halol qiladilar: ular idrokni aldash qanchalik oson ekanini yaxshi bilishadi.

Tasavvur qiling: bir odam, diqqat bilan choʻpga tikiladi – va choʻp oʻz -oʻzidan aylana boshlaydi. Hech qanday ip yoʻq, nafas ushlab turilgan, qoʻllar tizzada. Odatda masofadan taʼsir – telekinez bilan tanishuv aynan shu kabi manzaradan boshlanadi – u yillar davomida ilmiy qiziqish, ommaviy gipnoz va chin dildan ishonch orasida muvozanatda turgan fenomendir.
Telekinéz (qadimgi yunon tilida τῆλε– “uzoqda” va κίνησις – “harakat”) yoki psixokinéz (qadimgi yunon tilida ψυχή – “ruh”) – uzoqdan turib, faqat fikr kuchi bilan taʼsir oʻtkazish qobiliyatiga aytiladi. Baʼzan kengroq atama – psixokinez ham qoʻllaniladiki, u ongning har qanday moddiy jarayonlarga taʼsirini oʻz ichiga oladi.
Telekinez jismoniy reallik haqidagi mavjud ilmiy maʼlumotlar majmuasiga zid deb hisoblanadi. Ammo shunday holatlar ham koʻpki, hatto mashhur skeptiklar va dindor boʻlmagan olimlar bu fenomenni tekshirib, sinovdan oʻtkazib, mavjudligini tan olgan, biroq uni ilmiy jihatdan tushuntirib bera olmagan.
Masofadan taʼsir
Qadim zamonlardan beri odamlarni tushuntirish qiyin boʻlgan moʻʼjizali hodisalar, noyob qobiliyatli odamlar oʻziga jalb qilib kelgan. Shu sababli fantastik filmlar rejissyorlari ham doimo gʻayritabiiy qobiliyatlarga ega insonlar haqida hikoya qilishni yaxshi koʻrishadi. Biroq predmetlarga paranormal yoʻl bilan taʼsir oʻtkazish qobiliyatiga ega real odamlar ham boʻlgan.
Masalan, oʻtgan asrning 70-yillarida oʻzining psixokinez sohasidagi kamyob iqtidorini yashirmasdan namoyish etgan mashhur Nina Kulagina sovet davrida katta eʼtiborga sazovor boʻlgan. Uning gʻalati qobiliyatlari ilk bor bolaligida namoyon boʻlgan. Onasi koʻp bor uning kitob sahifalarini qoʻl tekkizmasdan varaqlagani yoki finjonni shunchaki tikilib joyidan qoʻzgʻatishini payqagan. Ammo vaqt oʻtib, Nina oʻz iqtidorini unutib, oddiy odamlar kabi yashay boshlaydi. Lekin bir kuni tasodifan radio orqali qandaydir qizchaning gʻayrioddiy qobiliyatlari haqida eshitgach, yana oʻz qobiliyati esiga tushadi va uni eriga namoyish qilishga qaror qiladi.

Odamlarning hayratidan ruhlanib ketgan Nina katta yoshida ham oʻz iqtidorini jiddiy rivojlantirish bilan shugʻullana boshlaydi. U olimlar tomonidan oʻtkaziladigan koʻplab tadqiqotlarga mamnuniyat bilan rozi boʻlgan. Ayol hech qachon oʻz qobiliyatlarini yashirishga urinmagan. Yigirma yil davomida turmush oʻrtogʻi bilan birga taxminan 30 ta turli ilmiy laboratoriyalarga tashrif buyurgan. Biroq bu qatʼiyat evaziga u tez-tez bosh ogʻrigʻi, qon bosimining oshishi va taxikardiyadan aziyat chekkan.
Bir tajriba davomida buyumlarni harakatlantirish mashqidan soʻng u toʻsatdan umurtqa sohasida qattiq ogʻriq va bosh aylanishini his qilgan. Har bir seansdan keyin u ancha vazn yoʻqotib, ozib ketardi. Koʻplab tajribalar orasida eng mashhurlari – qoʻl tegizmasdan buyumlarni siljitish, inson terisini qizdirish, baqaning yurak urishini tiklash kabi tajribalar boʻlgan.
Shunga qaramay, barcha sinov hamda tajribalar oʻtkazib ham, olimlar koʻz oldilarida roʻy berayotgan bu “moʻʼjizalar”ga ilmiy izoh topa olmagan. Natijada ular ikki guruhga boʻlingan: bir qismi Ninani firibgar deb hisoblagan boʻlsa, boshqalari uni qoʻllab-quvvatlab, eng gʻayrioddiy inson deb bilgan. Oʻsha davrda insonning paranormal qobiliyatlarini chuqur oʻrganish uchun imkoniyatlar yetarli emas edi. Asosan olimlar koʻplab videohisobotlar tayyorlashgan, ammo miya impulslarining oshishidan tashqari aniq biror narsani qayd eta oladigan asboblarga ega emas edilar.
Kulaginaning qobiliyatlarini sinovdan oʻtkazish haqida hatto hujjatli filmlar suratga olingan.
Firibgarlikda ayblovlar sababli bu ayol hatto sudlarda ham qatnashishiga toʻgʻri kelgan. Garchi sud uning foydasiga qaror chiqargan boʻlsa-da, barcha ushbu noxush sudlashuvlar uning sogʻligʻiga jiddiy taʼsir koʻrsatgan.
Kulagina voqeasi SSSR hududida keng tanilgan edi. Uning qobiliyatlari haqida gapirilar, bahslar boʻlib oʻtar, koʻplab odamlar oʻzlarida ham shunga oʻxshash narsani topishga uringanlar.
Ayrim mish-mishlarga koʻra, KGB bu gʻayrioddiy ayolni nazorat ostiga olgan va uni Nelli Mixaylova taxallusi ostida fikr oʻqishga doir maxfiy vazifalarni bajarishga majbur qilgan.
Bu ayol haqida bir nechta filmlar ishlangan boʻlib, oxirgisi 1990 yilda – uning vafotidan sal oldin tasvirga olingan.
Umuman, Nina Kulagina yagona hodisa emas. Bu kabi holatlar tarixda koʻp uchragan va hujjatlashtirilgan. Baʼzan mashhur ismlar ham tilga olinadi. SSSR, AQSh va Yevropada 1960-1980-yillarda haqiqatan ham “psi-fenomenlar”ni oʻrganuvchi laboratoriyalar mavjud boʻlgan.
“Tarafdor”ning fikrlari
Telekinezga ishonuvchilar odatda uchta asosiy tezisga suyanishadi:
1. “Ong – miyadan koʻra kengroq narsa”. Shuning uchun u moddaga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qila oladi.
2. “Kvant fizikasida hamma narsa roʻy berishi mumkin”. Koʻpincha “kvant chalkashligi”, “kuzatuvchi effekti” va noaniqlik prinsipi tilga olinadi, lekin ularning haqiqiy maʼnosi tushuntirilmaydi.
3. “Fan dogmalar bilan cheklangan”. Goʻyo bunday tadqiqotlar xavfli yoki noqulay boʻlgani uchun moliyalashtirilmaydi. Yoki ular jamoatchilikdan sir tutiladi.
Gap shundaki, bu argumentlarning hech biri telekinezning ishlash mexanizmini koʻrsatib bermaydi. Mexanizmsiz esa fizikada reallik haqida gap boʻlishi mumkin emas.
Nega telekinez fizikaga zid?
Agar telekinez mavjud boʻlsa, u bir necha fundamental qonunlarni buzgan boʻlar edi. Energiyaning saqlanish qonuni, lokallik tamoyili, maʼlum taʼsir turlari – gravitatsion, elektromagnit hodisasi shular jumlasidandir.
Fikr jismni siljitishi uchun energiya uzatilishi kerak. Ammo hech bir asbob bunday uzatish kanalini qayd etmaydi. Toʻgʻri, miya elektr quvvati ishlab chiqaradi va elektromagnit maydoni hosil qiladi, lekin ular shunchalik kuchsizki, hatto chang zarrasini ham qimirlata olmaydi.
Tajribalar: fan qayerda toʻxtab qoladi?
Ilmiy uslub uchta asosiy talabni qoʻyadi: tajriba sharoitlarni qatʼiy nazorat qilish, qayta takrorlanish va mustaqil tekshiruv.
Telekinezda esa bu talablarga javob deyarli yoʻq. Chunki qatʼiy nazorat ostida effektlar yoʻqoladi. Avval olingan natijalar boshqa laboratoriyalarda takrorlanmaydi. Agar vizual aloqa yoki eksperimentator taʼsiri olib tashlansa, “qobiliyatlar” yoʻq boʻlib ketadi. Ikki tomonlama test, ekranlash (ihotalash), har tomonlama videokuzatuv joriy etilganda fenomen yoʻqoladi.
Lekin masalaning boshqa tarafi ham bor: fan telekinezni prinsipial ravishda inkor etmaydi, u faqat uni qayd eta olmaydi. Fan esa faqat oʻlchay oladigan narsasini tan oladi. Bu xuddi koʻr odamning “men quyoshni koʻrmayapman, qoʻlim bilan ushlay olmayapman, demak, quyosh yoʻq narsa” deyishiga oʻxshaydi.
Psixologiya: nega bu kabi hodisalarga ishonamiz?
Bu yerda munozaraning eng qiziq joyi boshlanadi. Inson miyasi maʼno boʻlmagan joydan ham maʼno qidiradi. “Toʻgʻri chiqqan” holatlarni eslab qolib, xatolarni unutadi. Tasdiqlash effekti orqali kutilgan natijani kuchaytiradi.
Qolaversa, koʻpgina “dalillar” ortida oddiy omillar turadi. Xususan, nafasdan hosil boʻlgan havo oqimlari, qoʻl issiqligi, statik elektr, pol vibratsiyasi, videosuratga olishdagi xato, montaj va illyuziyalar.
Fokuschilar oʻn yillar davomida sahnada telekinezni namoyish etib kelishadi va buni halol qiladilar: ular idrokni aldash qanchalik oson ekanini yaxshi bilishadi.
Madaniyat va OAVning xizmati
OAV zerikarli ilmiy tajriba va xulosalarni emas, balki shov-shuvni yaxshi koʻradi. “Olimlar inkor etdi” degan sarlavha hech qachon “Falon hodisa isbotlandi: inson fikr kuchi bilan jismlarni harakatlantira oladi” degan xabarchalik layk yigʻmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlar bu effektni yanada kuchaytiradi: video kontekstdan uzib olinadi, qayta-qayta ulashiladi va bir necha soat ichida odamlar buni haqiqat va fakt sifatida qabul qilina boshlaydi.
Bugungi holat
Bugungi kunda telekinezning umumqabul qilingan ilmiy isboti yoʻq. Bu mavzu muhokamasi akademik fan doiralarida deyarli yoʻqolgan. Uning oʻrnini neyrointerfeyslar – jismlarni fikr kuchi orqali boshqarish mumkin boʻlgan real texnologiyalar egalladi, ammo ular bevosita emas, balki datchiklar va algoritmlar orqali taʼsir qiladi.
Masalan, 2024 yil fevral oyida Ilon Mask Neuralink kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan implant miyasiga oʻrnatilgan birinchi bemor fikr kuchi yordamida kompyuter sichqonchasini boshqara olganini maʼlum qildi. Maskning soʻzlariga koʻra, bemor chipni joylashtirish jarayonidan keyin toʻliq tiklangan va ekranda sichqonchani faqat oʻylash orqali harakatlantira olgan.
Oxirgi savol
Telekinezni inkor etish – ong sirlarini inkor etish emas.
Unga ishonish – ahmoqlik belgisi emas.
Nozik chegara chizigʻi esa tanqidiy fikrlash tugagan joydan oʻtadi.
Haqiqiy moʻʼjiza – fikrlash bilan jismlarni harakatlantirish emas, balki shubhalanish, tekshirish va xatosini tan olish qobiliyatidir.
Ehtimol, aynan shu qobiliyatlar barcha “superqobiliyatlar” ichida eng kam baholanadi.
Abulfayz Sayidasqarov