Jahon chempionati kubogi Toshkentga olib kelinadi
Toʻliq sof oltindan yasalgan ushbu kubok 6 kilogrammdan oshiqroq ogʻirlikda boʻlib, 1974 yilda yaratilgan.

Jahon chempionati kubogi 28 yanvar kuni Toshkentga olib kelinadi.
Coca-Cola tomonidan taqdim etilayotgan FIFA World Cup™ Trophy Tour doirasida Jahon chempionati kubogi Toshkent shahriga kelib, minglab futbol muxlislariga uni shaxsan koʻrish imkoniyatini taqdim etadi.
Toshkent global marshrutdagi asosiy bekatlardan biri boʻladi. Ushbu tadbir milliy terma jamoaning tarixiy yutugʻi — Oʻzbekistonning ilk bor FIFA Jahon chempionati 2026 ga chiqishi munosabati bilan alohida ahamiyatga ega.
Bu oʻzbek futboli va mamlakat boʻylab millionlab muxlislar uchun muhim bosqichdir. Toshkentda Coca-Cola tomonidan taqdim etilayotgan FIFA Jahon chempionati kubogi sayohati Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi koʻmagida tashkil etilmoqda.
Beshinchi marta oʻtkazilgan sayohat davomida ushbu afsonaviy kubok FIFA ga aʼzo 211 ta davlatdan 182 tasiga tashrif buyurdi.
Kubok sayohatining rasmiy ochilishi 2026 yil 3 yanvarda Saudiya Arabistonining poytaxti Riyodda boʻlib oʻtdi. Sayohat davomida kubok 30 ta FIFA ga aʼzo davlatda boʻladi.
Bu safargi sayohat alohida ahamiyat kasb etmoqda, chunki u birinchi kubok sayohati oʻtkazilganidan roppa-rosa 20 yil oʻtganini belgilaydi. Shu vaqt ichida 182 dan ortiq mamlakatdan toʻrt milliondan ziyod muxlis madaniyat va avlodlarni birlashtiruvchi noyob futbol tajribasining bir qismiga aylandi.
Coca-Cola kompaniyasining Global aktivlar va hamkorliklar boʻyicha vitse-prezidenti Maykl Vayner barcha Oʻzbekistonliklarni Jahon chempionatining haqiqiy kubogini tomosha qilishga taklif qildi. Muxlislar Toshkentda Jahon chempionati kubogini koʻrish uchun chipta yutib olish imkoniyatiga ham ega.
Kubok haqida maʼumot
Toʻliq oltindan yasalgan kubok 6,175 kilogramm ogʻirlikda boʻlib, 1974 yilda yaratilgan. Dizaynda ikkita inson figurali Yer sharini koʻtarib turgan holda tasvirlangan. Asl kubokka tegish faqat cheklangan shaxslar guruhiga — sobiq jahon chempionlari, davlat rahbarlari va FIFA Prezidentiga ruxsat etilgan.
Jahon chempionati haqiqiy kubogi jahon chempionalariga topshiriladi, ammo u doimiy ravishda FIFA mulki boʻlib qoladi. Yaʼni gʻolib jamoaga dastlab asl kubok topshiriladi, keyinchalik esa oltin qoplama bilan qoplangan Jahon chempionati kubogi beriladi.