Raqobat qoʻmitasi va Markaziy bank hamkorlik memorandumi imzoladi
Hujjat asossiz narx oshishi va monopol mavqe suiisteʼmol qilinishiga qarshi kurashish, narx shakllanishi jarayonlarining shaffofligini taʼminlashga qaratilgan maʼlumot almashishni koʻzda tutadi.

Markaziy bank va Raqobat qoʻmitasi “Narxlar barqarorligini taʼminlash, bozorlarda raqobat muhitini shakllantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida” Memorandum imzoladi.
Markaziy bank va Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi oʻrtasida “Narxlar barqarorligini taʼminlash, bozorlarda raqobat muhitini shakllantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida” Memorandum imzolandi.
Bunda ushbu hujjat mamlakatda narxlar barqarorligini taʼminlash, inflyatsiyani pasaytirish hamda tovar va xizmatlar bozorlarida raqobat muhitini rivojlantirishga qaratilgan samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini ifoda etadi.
Memorandum inflyatsiyaga taʼsir qiluvchi bozor mexanizmlarini ilmiy asoslangan tarzda tahlil qilish, asossiz narx oshishi va monopol mavqe suiisteʼmol qilinishiga qarshi kurashish, shuningdek, tarmoqlar kesimida narx shakllanishi jarayonlarining shaffofligini taʼminlashga qaratilgan oʻzaro maʼlumot almashishni koʻzda tutadi.
Isteʼmol bozorida taklif omillarini birgalikda oʻrganish va xatarlarni oldini olish yoʻnalishida harakatlar muvofiqligini taʼminlashga qaratilgan.
Tomonlar hamkorlikning:
- inflyatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini taʼminlashda institutsional hamkorlikni kuchaytirish;
- tovar va xizmatlar bozorlarida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish;
- narx shakllanishiga taʼsir etuvchi monopol sharoitlarni tezkor aniqlash boʻyicha oʻzaro maʼlumot almashinuvi tizimini yoʻlga qoʻyish;
- bozordagi konsentratsiya darajasi, yagona tarmoq ishtirokchilari, monopol holatlar va bozor hukmronligi holatlarini tahlil qilishda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, moliya bozorlarida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga doir normativ-huquqiy hujjat loyihalari boʻyicha fikr almashish maqsadlarini belgilaydilar.